O‘zbekiston | 10:03 / 13.07.2020
95051
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh sanitariya inspektori immunitetni ko‘tarish yo‘llari haqida ma'lumot berdi

Kun.uz Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov bilan telefon orqali intervyu tashkil etib, ayni kunlarda dolzarb bo‘lib turgan bir qator savollarga javob oldi.

Intervyu davomida Nurmat Otabekov fuqarolar o‘zini kasallikdan himoyalashi uchun sanitar-gigiyenik qoidalardan tashqari yana qanday choralar ko‘rish lozimligi hamda bu borada iste'mol qilinishi kerak bo‘lgan mahsulotlar, ovqatlanish qoidalari va boshqa kerakli vositalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Albatta, dori-darmon haqida gap ketganda fuqaro kasallik yuqtiradigan bo‘lsa, o‘z hududidagi shifokordan maslahat olishi kerak. O‘sha shifokor biladi bemordagi haqiqiy holatni. Har bir shaxs alohida individ.

Lekin biz aniq bilamiz, aytganingizdek, ehtiyot choralari haqida shunchalik ko‘p gapirdikki, uni odamlar yodlab oldi. Endilikda biz immunitetni ko‘taradigan, inson immun tizimini barqaror ushlaydigan vositalar haqida ko‘proq ma'lumot berishimiz kerak.

Biz bu borada tajribamizdan aniq bilamizki, inson o‘z immunitetini mustahkamlashi uchun to‘yib uxlashi, yaxshi dam olish, xotirani jamlashi, ortiqcha asabiylashmaslik, to‘yib ovqat yeyishi (me'yorni buzmagan holda) va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi hamda zararli odatlardan (ichkilik, chekish va h.k.) voz kechish kerak», – dedi Otabekov.

Mutaxassis turli giyohlardan damlamalar tayyorlab ichishni ham alohida qayd etib o‘tdi.

«O‘zbekiston sharoitidagi damlamalar, ya'ni u peshob haydaydiganidan tortib o‘t suyuqligini haydaydigan, oshqozon ichak tizimini yaxshilovchi, ovqat-hazm qilish jarayoniga ijobiy ta'sir qiladigan, qo‘yingki, har bir kasallikda davo hisoblanadi.

Giyohlardan tayyorlangan damlamalarni, turli mevalarni ko‘proq iste'mol qilish lozim. Bularning barchasi bizning immun tizimimizga ijobiy ta'sir qiladi. Bir narsani e'tibordan chetda qoldirish kerak emas, bizda turli giyohlardan tayyorlangan va juda arzon narxda sotiladigan damlama va dori vositalari ko‘p.

Ahamiyat beradigan bo‘lsak, o‘simliklardan tayyorlangan vositalar bizning amaliyotimizda keskin kamayib ketgan. Biz asosan kimyoviy yo‘l bilan olingan dorilarni qabul qilyapmiz. Bu juda zararli. Borib-borib qaysidir organlarimizga albatta zarar yetkazadi.

Shunday ekan, biz turli o‘simliklar: na'matakdan tortib, kiyik o‘ti, makkajo‘xori tuklari, romashka guli va ayniqsa tog‘da o‘sadigan dorivor o‘simliklarni iste'mol qilishni kanda qilmasligimiz kerak. Imkon qadar kimyoviy dori vositalardan foydalanmaylik.

Insonning hatto ichadigan suyuqliklari tarkibida ham damlamalar bo‘lishi kerak.

Tabiat ne'matlaridan uzoqlashmaslik kerak. Masalan, isiriq o‘simligining ham foydasi juda katta.

Bundan tashqari, oddiy yong‘oqni oling, u miya to‘qimalari faoliyatini yaxshilaydi. O‘rik va uning turshagi yurakka darmon», – dedi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i.

Intervyuni to‘liq holda o‘qish:

Mavzuga oid