Jahon | 00:46 / 14.07.2020
64928
8 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: yangi antirekordlar va umidsiz antitanalar

JSST koronavirusdan zararlanishning kunlik o‘sish ko‘rsatkichlari rekord darajada ko‘payganini ma'lum qildi, yangi tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, aksariyat bemorlarda Covid-19'ga qarshi immunitet bir necha oydan ortiq vaqtga dosh bermaydi, Angliyada sartaroshxonalar va spa-salonlar ochilmoqda, Falastin hududlarida karantin e'lon qilindi: koronavirus pandemiyasi haqidagi so‘nggi yangiliklar.

Foto: Reuters

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tgan kun davomida Covid-19 bilan kasallanishning yangi 230,3 mingta holatini qayd etdi. Bu pandemiya boshlangandan beri kunlik eng yuqori ko‘rsatkichdir. Worldometr statistik veb-sayti nisbatan soddaroq raqamlarni taqdim etadi: qariyb 195 ming holat. Ularning yarmidan ko‘pi AQSh, Braziliya va Hindistonga to‘g‘ri keladi. 

Lotin Amerikasida vaziyat keskinlashmoqda. Braziliyadan tashqari, Peru, Chili va Meksika virusni yuqtirib olganlar soni bo‘yicha birinchi o‘ntalikka kiradi. Yakshanba kuni Meksika o‘limlar soni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallab, Italiyani ortda qoldirdi.

Epidemiya boshlangan Xitoy davlati, hozirgi kunga kelib kasallanish holatlari soni bo‘yicha dunyoda 23-o‘ringacha tushgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, kunlik yangi kasallanish holatlari ko‘rsatkichi barmoq bilan sanarli, kasalxonalarda jami 320 nafar bemor davolanmoqda. 

Dushanba kuni, pandemiya boshidan beri dunyo bo‘ylab virusni yuqtirib olganlar soni 13 milliondan oshdi. 572 ming kishi Covid-19 qurboni bo‘lgan, 60 mingga yaqin kishi og‘ir va o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda. 

Tadqiqot: Covid-19'ga qarshi immunitet atigi bir necha oy davom etadi
London Kings kollejining bir guruh tadqiqotchilari koronavirus bilan kasallangan 90 bemorni o‘rganishdi. 

Sog‘ayishdan keyingi qisqa vaqt ichida immunitet hosil bo‘lishi uchun organizm tomonidan ishlab chiqariladigan antitanalar yetarli miqdori bemorlarning 60 foizida aniqlangan, uch oydan so‘ng olingan tahlillarda esa raqamlar 17 foizni tashkil etgan. Ba'zilarda antitanalar umuman yo‘q bo‘lib ketgan. 

Olingan natija Covid-19 virusidan uzoq muddatli immunitet hosil bo‘lmaydi va odam gripp kabi qisqa vaqt oralig‘ida qayta-qayta kasallanishi mumkinligi haqidagi umidsiz xulosa chiqarmoqda. 

Bu koronavirusga qarshi samarali vaksinani yaratishning prinsipial imkoniyatiga shubha tug‘diradi.

Biroq, hisobot hozircha boshqa mutaxassislar tomonidan baholanmagan va mualliflarning o‘zlari ham qo‘shimcha tadqiqotlar zarurligini tan olishmoqda. Xususan, zararlanishdan himoya qilish uchun inson qonida aynan qancha miqdorda antitana bo‘lishi kerakligi hali ma'lum emas. 

Sun'iy antitanalar eng og‘ir holatdagi bemorlarga yordam beradi
Londonning Imperial kolleji professori Piter Openshoning Telegraph'ga aytishicha,  uning klinikasida koronavirus bilan kurashga mo‘ljallangan sun'iy antitanalar sinovdan o‘tkazilmoqda. 

Tana kasallikni yengishiga yordam beruvchi tabiiy antitanalar sog‘aygan odamlar qonidan olinadi. Ular hatto og‘ir bemorlar uchun ham mutlaqo yetishmayapti. 

Professor Opensho birinchi natijalarni umidli deb atadi. Agar ish muvaffaqiyatli chiqsa, Imperial kolleji laboratoriyasida yaratilgan monoklonal antitanalar Covid-19'dan dunyodagi birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri dori bo‘ladi. 

Buyuk Britaniya hukumatining koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha maslahatchilaridan biri bo‘lmish professor Openshoning so‘zlariga ko‘ra, eksperimental dori qonga quyilgandan keyin yarim soat ichida ijobiy ta'sir ko‘rsata boshlaydi va og‘ir kasallangan bemorlar ahvoli yomonlashishini to‘xtatishga yordam beradi. 

Boshqa yangiliklar: 

  • Dushanba kuni Angliya va Uelsda sartaroshxonalar, spa va manikyur salonlari ochiladi. 3 avgustdan boshlab Uelsdagi pablar, restoranlar, bar va kafelarga mijozlarga xizmat ko‘rsatishni davom ettirishga ruxsat beriladi, agar Covid-19 bilan bog‘liq vaziyat yomonlashmasa - faoliyat turlari hozircha faqat ochiq verandalarda tiklanadi.
  • Yaqinda Hartfordshirdagi fermada virus tarqalishi avj olib, 73 kishi kasallanib, 200dan ortiq inson o‘zini izolyatsiya qilish tartibiga o‘tgani sababli, Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok mahalliy karantin joriy etish kerakligi – kerak bo‘lsa, bitta korxona yoki bino darajasida – ammo butun mamlakat bo‘ylab qat'iy choralar tiklanishiga qarshiligi haqida gapirdi.
  • Britaniya gazetalari rasmiylarni do‘konlarda niqob kiyishga nisbatan tuturiqsiz munosabati uchun tanqid qilmoqda. Hozirda jamoat transportida yurishda niqobda bo‘lish talab qilinadi, ammo Angliyadagi savdo maskanlarida, Shotlandiyadan farqli o‘laroq, qoida tavsiyaviy xarakterda. Rasmiy shaxslar fuqarolarni ogoh bo‘lishga va o‘zlariga hamda boshqalarga g‘amxo‘rlik qilishga da'vat qilish bilan cheklanmoqda. Bosh vazir Boris Jonsonning aytishicha, kelgusi kunlarda hukumat niqob kiyish qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish choralarini ko‘rish yoki yo‘qligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. 
  • Livan ma'murlari so‘nggi kunlarda Covid-19'dan 166ta yangi kasallanish holati haqida xabar berishdi, bu pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Deyarli barcha holatlar Bayrutda chiqindi tashuvchi sifatida ishlagan suriyalik qochqinlar bilan bog‘liq.
  • Madagaskar parlamentining ikki a'zosi vafot etdi, yana 25 kishida koronavirus testi musbat natijani ko‘rsatgan. Mamlakat poytaxti Antananarivu va qator viloyatlarda kasallanish darajasi oshgani sababli karantin qayta joriy etildi. 
  • O‘tgan hafta Yaponiyaning Okinava orolidagi ikkita bazada joylashgan amerikalik 62 harbiy Covid-19 bilan kasallangan. Muassasalarda karantin joriy etilgan. 
  • Falastin muxtoriyati koronavirusning yangi o‘chog‘i haqida ma'lum qilgan. Yakshanba kuni u yerda 378 kishi kasal bo‘lib, fevral oyidan beri yuqtirganlarning umumiy soni 5500dan oshgan. Ramalloh, Al-Xalil va Bayt Lahmda to‘rt kunlik to‘liq karantin joriy etilgan va G‘arbiy Sohil bo‘ylab soat 20:00dan 06:00gacha komendantlik soati e'lon qilinib, shahardan shaharga chiqish vaqtincha cheklangan. 
  • Boliviyaning muvaqqat prezidenti Janin Anes va parlamentning yuqori palatasi raisi Eva Kopadan so‘ng iqtisodiyot vaziri Oskar Ortis ham koronavirus bilan kasallangani ma'lum bo‘ldi. 
  • Tokio gubernatori Yuriko Koyke pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlari kelgusi yozda shaharda o‘tkazilishiga umid bildirdi. Yaponiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat nisbatan qoniqarli: u yerda kasallanish umumiy holatda 21,5 ming kishida kuzatilgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat dunyoda 56-o‘rinda turadi. 
  • Indoneziyada tanlov e'lon qilindi: kim koronavirusni yavan tilida ko‘proq urishadi va la'natlaydi. Tashkilotchilarning fikriga ko‘ra, bu odamlarga depressiyani yengishga yordam berishi kerak. G‘oliblarga sovg‘alar sifatida kitoblar, futbolkalar va chaqmoqtoshlar beriladi.

Mavzuga oid