O‘zbekiston | 16:15 / 14.07.2020
6156
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi pasport olgan abituriyentlarning onlayn ro‘yxatdan o‘tishidagi muammolar bartaraf etildi - IIV

Kun.uz tahririyatiga yangi pasport olgan abituriyentlar OTMlarga hujjat topshirishda muammoga uchrayotgani borasida murojaatlar kelib tushmoqda.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining Elektron axborot tizimlari boshqarmasi boshlig‘i Fazliddin Usmonovdan axborot oldik.

«Yangi pasport olgan fuqarolarning ma'lumotlari abitur.dtm.uz saytida ko‘rinmayotgani borasida muammolar bir necha kun oldin bartaraf etildi.

12 iyul kuni Davlat test markazi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi o‘rtasida operativ integratsiya yo‘lga qo‘yilishi natijasida elektron bazaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish imkoni qilindi. Endilikda onlayn qabul jarayonida abituriyentning shaxsiy ma'lumotlari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmaydi. Hozirgi paytda yangi pasport olgan fuqarolarning ma'lumotlari DTM saytida ko‘rinyapti. Shu paytgacha onlayn qabulda DTM abituriyentning pasport ma'lumotlarini IIVning Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan olgan.

Ayrim fuqarolar shaxsiy ma'lumotlari haligacha DTM saytida ko‘rinmayotgan bo‘lishi mumkin. Texnik muammolar tufayli Davlat personallashtirish markazi tizimida fuqaroga pasport berilgani to‘g‘risidagi ma'lumot qayd qilinmay qolgan bo‘lishi va ma'lumot yangilansa, DTM saytida ushbu ma'lumot ko‘rinadi. Bunda abituriyent o‘zi pasport olgan Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga borib, maxsus moslamaga barmog‘ini bosadi, fuqaroning pasportidagi ma'lumotlar avtomatik o‘qiladigan moslamadan o‘tkaziladi va ma'lumot bazaga kiritiladi. O‘sha paytning o‘zida abituriyent shaxsiy ma'lumotlari abitur.dtm.uz saytiga kiritilganini tekshirib olishi kerak», – dedi Fazliddin Usmonov.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyundan boshlangan onlayn hujjat topshirish 20 iyulga qadar davom etadi.

Mavzuga oid