Jahon | 08:44 / 15.07.2020
18392
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Yevropa ittifoqiga cherkovlarga aylantirilgan masjidlar haqida eslatib qo‘ydi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu Istanbuldagi Ayo Sofiya muzeyi masjidga aylantirilishi yuzasidan Yevropa ittifoqi bildirgan tanqidga qarshi chiqdi. Chovusho‘g‘lu bu tanqidga javoban Yevropada cherkovlarga aylantirilgan masjidlar ham borligini eslatib qo‘ygan. 

Avvalroq Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Anqaraning ushbu qarorini tanqid ostiga olgan. 

“Ispaniyada cherkovlarga aylantirilgan masjidlar bor. Nima endi ularning qayta masjidlarga aylantirilishini talab qilishimiz yoki buni qoralashimiz kerakmi? Xuddi shu masala Turkiyaning suveren huquqi hisoblanadi”, deb aytgan Chovusho‘g‘lu.

Borrel Turkiyaning Ayo Sofiya bo‘yicha qarori diniy hamjamiyatlarda ziddiyat keltirib chiqarishini va Yevropa ittifoqining Turkiya bilan muloqot qurish uchun amalga oshirayotgan sa'y-harakatlariga putur yetkazishini aytgan.

Turkiyaning oliy ma'muriy sudi 10 iyulda Ayo Sofiya muzey-ibodatxonasining masjidga aylantirilishiga ruxsat bergan. Shundan keyin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu haqidagi tegishli farmonni imzolagan. U muzey Turkiya suvereniteti ta'sirida ekanini va bu qaror hurmat qilinishi kerakligini aytgan. Turkiya tashqi ishlar vazirligida masjidga boshqa dinlar vakillari ham tashrif buyura olishlariga va uning ichidagi ishlar YuNeSKOning Jahon madaniy merosi talablariga rioya qilingan holda olib borilishiga va'da berilgan.

Mavzuga oid