O‘zbekiston | 22:22 / 16.07.2020
51544
3 daqiqa o‘qiladi

Doka niqobni spirt bilan namlab taqib yursa, koronavirus yuqmaydimi? Mutaxassis izoh berdi

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan, koronavirus yuqmasligi uchun uy sharoitida dokadan tayyorlangan niqobni spirt bilan namlab taqib yurish tavsiya qilingan videolar bo‘yicha izoh berdi.

«Aksariyat antiseptik vositalar tarkibidan spirt borligi haqida bilamiz va eshitganmiz. Spirt pari bilan nafas olish yuqori nafas yo‘llaridagi virusni o‘ldirishi haqida aniq isbotlangan dalillar mavjud emas. Lekin spirt paridan keragidan ortiq nafas olish va uni bilib-bilmay, me'yordan ortiq ishlatish salbiy oqibatlarga olib kelishi, boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shunday ekan, bu holatda bizning fikrimiz faqat tasdiqlangan, tibbiyot xodimlari tomonidan tavsiya etilgan usullardan foydalanish maqsadga muvofiq. Internetdagi har xil maslahatlar, o‘zingiz yaxshi tanimagan-bilmagan, mutaxassis bo‘lmagan odamlarning tavsiyalaridan doim yiroq bo‘lish kerak», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat bosh sanitariya inspektori, shuningdek, nima uchun iyul oyigacha koronavirusdan tuzalganlar soni tez ko‘paygani, lekin hozir esa buning aksi bo‘layotganiga ham to‘xtaldi.

«Darhaqiqat karantin tadbirlari kuchaytirilgan tarzda olib borilgan dastlabki paytlarda yangi ro‘yxatga olingan bemorlarga nisbatan kasallikdan tuzalganlar soni ko‘payayotgan edi, hatto bu ko‘rsatkich ba'zi bir kunlari 82 foizgacha yetib bordi. Aholining karantin cheklovlariga bepisandlik bilan qarashi odamlar orasida kasallanganlar sonini kundan kunga ko‘payishiga olib keldi.

Lekin shifokorlarimizning fidokorona mehnatlari tufayli ayni paytgacha tuzalganlar sonini oz deb bo‘lmaydi. Bugungi kunga kelib, 8655 nafar bemor sog‘aygan. Oxirgi bir kunda kasallikdan sog‘ayib shifoxonalardan chiqarilgan shaxslarning umumiy soni 328 nafarni tashkil etdi», deydi Nurmat Otabekov.

Avvalroq u O‘zbekistonda koronavirus tufayli vafot etayotganlarning o‘limiga asosan ortiqcha vazn va pnevmoniya sabab bo‘layotgani haqidagi savolga javob qaytargan, shu bilan birga, ayrim bemorlarga qilinmagan muolaja uchun katta xarajatlar yozilayotgani haqidagi xabarlarga ham munosabat bildirgan edi.

Mavzuga oid