Jahon | 11:21 / 16.07.2020
70315
22 daqiqa o‘qiladi

«Kavkazni asir qilgan mojaro». Arman-ozar ziddiyati qanday boshlangandi?

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi eshitgan quloqqa erish tuyulmaydi. Chunki dunyoda nima ko‘p, etnik sabablarga ko‘ra sodir bo‘layotgan mojarolar ko‘p. Qorabog‘da shunchalik ko‘p kelishmovchiliklar bo‘ladiki, ular odatiy holga aylanib qolgan.

Foto: Getty Images

Aynan shu mojaro tufayli Kavkazortidagi ikki qo‘shni respublikasida 30 yildirki hanuz tinchlik yo‘q. «Qo‘shning tinch – sen tinch» degan gap bor. Bu gap ko‘p marta o‘z isbotini topgan. Shuningdek, xoh ikkita oila, xoh ikki davlat bo‘lsin, bir-biri bilan yovlashib yashab bo‘lmaydi. O‘zingiz o‘ylang, ertalab ko‘chaga chiqqaningizdan sizni yoqtirmaydigan, ortingizdan goh sizga eshittirib, goh eshittirmasdan haqoratli so‘zlar bilan yomonlaydigan qo‘shni bilan yashab bo‘ladimi?

Unday qo‘shnidan-ku uyni sotib, boshqa yerga ko‘chib ketib qutularsiz, ammo shu muammo ikki qo‘shni davlat o‘rtasida bo‘lsa-chi? Axir vatan kichik uy emaski, yomon qo‘shnidan qutulish uchun uni sotib ko‘chib ketsangiz. Chingiz Aytmatovning o‘lmas qahramoni Guram Jo‘xadze aytganidek «Vatanni olib ketib bo‘lmaydi. Faqat sog‘inch va armonlarni olib ketamiz. Agar Vatanni xurjun kabi olib yurish va tashib ketish mumkin bo‘lganda, u sariq chaqaga arzimasdi...».

Ozarboyjon va Armaniston mojarosi ham chegaradagi odamlarini xuddi shunday murakkab holatda yashashga majbur qilmoqda. Bu ikki qo‘shni yurt 30 yildan beri yovlashib keladi. Ta’sir doirasi kuchli davlatlar esa ularni yarashtirish o‘rniga qurol-yarog‘ sotish bilan band...

Ijtimoiy tarmoqlarda bu ikki mamlakat hamda ozar va armanlar munosabati haqida havaskor videolar juda ko‘p. Bu videoroliklarda blogerlar Armaniston poytaxtida ozar rolini, Ozarboyjon poytaxtida esa arman millatiga mansub shaxs rolini o‘ynashadi. Bunday sinov videolarda Armanistonga borib qolgan ozarni armanilar, Ozarboyjonga borib qolgan armanini ozarlar millatini bilgan zahoti so‘kib, haqorat qila boshlaydi yoki do‘pposlashga urinadi. Bu juda noxush holat. Ikki davlatning bir-biriga munosabatini olov yaqinida qolayotgan poroxli bochkaga o‘xshatish mumkin. Olov yetib borib poroxli bochka istalgan paytda portlab ketishi va ko‘pchilikka ziyon yetkazishi mumkin.

Tog‘li Qorabog‘ tarixi

Tog‘li Qorabog‘ning uzoq asrlik tarixi bor. Bu o‘lka o‘z vaqtida Saljuqlar, keyinchalik turkmanlarning Oq quyunli, Qora quyunli urug‘lariga, undan so‘ng Temuriylar ixtiyoriga o‘tadi. Amir Temur ham Qorabog‘da bo‘lgan va bu tog‘li o‘lkaning ob-havosi unga juda ma’qul kelgan. Amir Temur 1399 yilning qishini aynan Qorabog‘da o‘tkazadi. Keyinchalik Erondagi Safaviylar davlati, undan keyin Usmoniylar imperiyasi tarkibiga kiradi. 19 asrga kelib Usmoniylar imperiyasi bilan Rossiya imperiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urushlardan so‘ng bu o‘lka Rossiya imperiyasi tarkibiga kiradi.

Bu o‘lkaga tarixan kimlar egalik qilgani bugun unchalik muhim emas aslida. O‘rta asrlarda dunyo batamom o‘zgarib ketdi va oqibatda kimlardir o‘z yeridan ayrildi, kimlardir yangi yerlarga ega bo‘ldi. Eng muhimi shundaki, XX asrning 90-yillarigacha Kavkazda yashaydigan millatlar o‘rtasida jiddiy dushmanlik bo‘lmagan. Ammo til boshqa, e’tiqod boshqa bo‘lgani uchun aloqalar uncha yaxshi ham emasdi. Ikki millat o‘rtasidagi keskinlik tarixi 1987 yilga borib taqalsa ham, balki bu keskinlik avvaldan bo‘lgan-u sovetlarning temir qonunlari tufayli bosh ko‘tarmay kelgandir.

Fakt shuki, garchi ikki millat e’tiqod va qardoshlik nuqtayi nazaridan bir-biriga begona bo‘lsa-da, XX asrning 90-yillarida Ozarboyjonda armanlar, Armanistonda esa ozarlar tinch-totuv yashab kelishgan. Nima bo‘ldi-yu, 1987 yilda Yerevanda armanistonliklar «Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarga yaxshi e’tibor bermayapti. Bu avtonom viloyatni Ozarboyjondan tortib olib, Armaniston tarkibiga qo‘shishimiz kerak» degan chaqiriqlar bilan chiqa boshladi. O‘sha yili armanistonliklar bu xususda SSSR rahbariyatiga rasmiy murojatnoma ham yo‘llashadi.

O‘sha yili kuzga borib Yerevanda Tog‘li Qorabog‘ni Armaniston tarkibiga qaytarishni talab qilib talabalar namoyishga chiqadi. Armaniston davriy matbuotida Ozarboyjonni ayblab maqolalar e’lon qilinadi. Shundan so‘ng Armanistonda yashaydigan ozarlar o‘z xavfsizligini o‘ylab bu respublikadan ko‘chib keta boshladi. Ko‘chib ketishni xohlamaganlarni ham majburlab ko‘chirishdi.

1988 yilga o‘tib rasmiy Yerevanning undovi bilan Tog‘li Qorabog‘ avtonom hududi rahbarlari ham SSSR rahbariyatiga o‘zlarini Ozarboyjon SSR tarkibidan chiqarib Armaniston SSR tarkibiga o‘tkazishni so‘rab murojatnoma yo‘llaydi. Rasmiy Moskva ularning murojatida so‘ralgan ishni maqsadga muvofiq emas deb rad etadi. Moskvaning Tog‘li Qorabog‘ haqidagi o‘sha qarori Ozarboyjonda katta g‘alaba sifatida qabul qilinadi va uni nishonlash uchun mitinglar o‘tkaziladi.

O‘sha yil 22 fevralida mintaqada ilk armanlar va ozarlar o‘rtasida qonli to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi va unda ikki nafar arman halok bo‘ladi. 27-29 fevralda Sumgaitda Armanistondan quvilgan ozarlar qasdi uchun endi ozarlar armanlarni quvish harakatini boshlaydi. SSSR prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Sumgaitda sodir bo‘lgan o‘sha taloto‘pda 26 nafar arman, 6 nafar ozar halok bo‘ladi. Ana shu hodisa arman-ozar mojarosida burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi va shundan so‘ng voqealar tezlashib ketadi.

1988 yil mart oyida SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov Tog‘li Qorabog‘ aholisiga yordam berish zarurligini aytib, kelajakda bu avtonom hudud chegaralari u yoki bu tomon foydasiga o‘zgarishi mumkinligini aytadi. O‘sha yilning yoziga borib rasmiy Yerevan Tog‘li Qorabog‘ Armaniston Oliy Sovetiga murojat qilib, ushbu mamlakat tarkibiga o‘tish istagini bildirgani haqida bayonot beradi. O‘z navbatida, Ozarboyjon SSR rahbariyati respublika hududi bo‘linmas ekanligini aytib chiqadi.

1989 yil avgustga kelib rasmiy Moskva Tog‘li Qorabog‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri markazga bo‘ysunishini e’lon qiladi. Bu tartib o‘sha yil noyabrgacha amal qiladi.

1990 yil Ozarboyjonda «Ozarboyjon xalq fronti» harakati respublikani o‘z ta’sir doirasiga ola boshlaydi va Moskva qo‘shimcha harbiylar jalb qilishga majbur bo‘ladi. Moskvadan Ozarboyjonga askarlar kiritilganiga qarshi Bokuda namoyishlar boshlanadi, harbiylar namoyishchilarni ayovsiz tarzda tarqatishni boshlaydi. Ana shunday namoyishlardan birida harbiylar bilan to‘qnashuvda namoyishchilardan 130 nafari halok bo‘ladi, ming nafarga yaqin odam jarohatlanadi. Rasmiy Moskvaning Bokuga qo‘shimcha harbiylarni kiritgani Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarni ilhomlantirib yuboradi va ular qurollanib ozarlarga tegishli shahar qishloqlarni egallay boshlaydi.

1991 yilda har ikki respublika o‘zini mustaqil deb e’lon qiladi. Shundan so‘ng Tog‘li Qorabog‘da armanlarning mahalliy hukumati aholi o‘rtasida referendum o‘tkazadi va unda ko‘pchilik Ozarboyjon tarkibidan chiqish uchun ovoz beradi. SSSR tarqagandan so‘ng, Tog‘li Qorabog‘ni nazorat qilib turgan sovet armiyasi olib chiqib ketiladi mintaqada har ikki millat o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar avj oladi.

1992 yil fevralda qurollangan arman guruhlari Tog‘li Qorbog‘da joylashgan, asosan ozarlar yashaydigan Xo‘jali shahriga hujum qiladi va shaharning tinch aholisiga qirg‘in uyushtiradi. Bu tarixda «Xo‘jali qatliomi» deb nomlangan. Ozarlar uni «Xo‘jali fojiasi» deb ataydi.

«Xo‘jali fojiasi»

Ushbu fojiada Armaniston qurolli kuchlari Rossiyaning Xonkeldidagi 366-motoo‘qchi polki yordamida Xo‘jali shahrida ommaviy qirg‘in uyushtiradi. O‘shanda tinch aholi orasida 613 kishi halok bo‘ladi, 487 kishi jarohatlanadi, 1 275 kishi asir olinadi va keyinchalik ularning taqdiri noma’lumligicha qoladi. Rossiya tomoni shu paytgacha bu qirg‘inda o‘z harbiylari ishtirok etganini tan olmaydi. Ammo 2000 yilda Armanistonning o‘sha paytdagi prezidenti Serj Sargsyan Xo‘jali qirg‘inida armanlarga Rossiya armiyasi ham yordam berganini tan olgandi. Qolaversa, keyinchalik bu qirg‘inda ishtirok etgan Rossiya armiyasining sobiq xizmatchilari ham Xo‘jali qatliomida ishtirok etganini tan olib chiqqan.

Xo‘jali qatliomini o‘zida 57 davlatni birlashtirgan Islom hamkorligi tashkiloti genotsid deb atagan. Shuningdek, AQShning ko‘plab shtatlari, Gvatemala, Honduras, Paragvay, Meksika, Shotlandiya, Ruminiya kabi davlatlar ham bu qirg‘inni ozar millatiga qarshi genotsid sifatida tan olgan. O‘tgan yillar mobaynida bu qatliom guvohi bo‘lgan ozarboyjonliklar xalqaro tashkilotlarga uni ozarlarga qarshi genotsid deb tan olishni so‘rab murojat qilib keladi. Ammo xalqaro tashkilotlar bu murojatlarni e’tiborsiz qoldirib kelyapti.

Bu yil Tog‘li Qorabog‘ mojarosi boshlanganiga 30 yildan oshdi. Xo‘jali qatliomiga 28 yil bo‘ldi, ammo muammo hanuz yechimini topgani yo‘q. Shu ketishda bu yaqin orada yechimini topmasa ham kerak. O‘tgan yillar orasida bu mintaqada Armaniston va Ozarboyjon harbiylari o‘rtasida ko‘plab katta-kichik to‘qnashuvlar yuzaga keldi. To‘qnashuvlarda har ikki tarafdan ko‘plab harbiylar halok bo‘ldi, jarohatlandi.

Bu mojaro masalasida har ikki davlatning o‘z qarashlari bor.

Armaniston nima deydi?

Bugun Tog‘li Qorabog‘ni egallab olgan armanlarning ortida Armaniston turgani sir emas. Qolaversa, Tog‘li Qorabog‘ chegarasini 95 foiz Ozarboyjon o‘rab turgan holda, atigi 5 foizi tarixiy vatanigacha qadar cho‘zilgan bu hudud aholisi xorijga Armaniston orqali chiqyapti. Oziq-ovqat va boshqa kundalik zarur mahsulotlarni ham Armanistondan oladi. Shuningdek, bu hududdagi harbiylarga qurol-yaroqni katta ehtimol bilan Armaniston yetkazib beryapti (va yana bir katta davlat borligi aytiladi).

Xalqaro qonun-qoidalarga ko‘ra, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni o‘z safiga qo‘shib ololmaydi. Aks holda bu davlat xalqaro hamjamiyatning sanksiyalari ostida qolib ketishi mumkin. Ammo bugun Tog‘li Qorabog‘ning hozirgi holati ham Armanistonning boshqa bir viloyatinikidan aslo kam emas. To‘g‘ri-da, Armaniston bu o‘lka aholisini boqsa, qurol-yarog‘ bilan ta’minlasa, demak Tog‘li Qorabog‘ning maqomi rasmiy Yerevan uchun ham, hududning o‘zi uchun ham Armaniston tarkibidagi istalgan bir viloyatnikidan kam emas.

Umuman olganda, Armanistonda yashovchi armanlar ham Tog‘li Qorabog‘ni egallab olgan armanlar ham bu o‘lka o‘zlariga tegishli ekanini va uni batamom egallab olib to‘g‘ri yo‘l tutishganini aytishadi.

Ozarboyjonning da’vosi

Ozarboyjon tomoni ushbu muammoda mamlakat hududi yaxlit va bo‘linmasligini, Tog‘li Qorabog‘ tarixda ham, bugun ham o‘ziga tegishli o‘lka ekanini ta’kidlab keladi. Shuningdek, ozar siyosatchilari, armanlar Tog‘li Qorabog‘ga bosqinchilik bilan kirib olganini so‘ng vahshiylik bilan ozarlarni qirib tashlab, Ozarboyjonga tegishli hududni egallab olganini da’vo qiladi. SSSR paytida Tog‘li Qorabog‘ning Ozarboyjon tarkibida ekanini inobatga olsak, ularning da’vosida jon bor. Ozarboyjon tomoniga ko‘ra, Armaniston qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7ta tumanni bosib olgan. Rasmiy Boku qo‘shni yurt harbiylari zudlik bilan bosib olingan Ozarboyjon yerlarini bo‘shatib qo‘yishi lozimligi ta’kidlaydi.

Mo‘rt kelishuvlar

Tog‘li Qorabog‘dagi chegara hududlarda Ozarboyjon va Armaniston harbiylari o‘rtasida keskinlik yuz berganda xalqaro tashkilotlar va ayrim davlatlar vositachiligida o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvlar imzolanadi. Ana shunday kelishuvlarning birinchisi 1994 yilda imzolangan. Ammo oradan biroz o‘tmay u yoki bu tomon o‘sha kelishuvni buzavergan. Shu tariqa, o‘tgan 28 yil mobaynida ko‘plab kelishuvlarga erishildi va ular buzilaverdi. Shu kecha-kunduzda har ikki davlat harbiylari o‘rtasida yana keskinlik yuzaga kelgan. O‘zaro o‘t ochishlar oqibatida yana odamlar o‘lmoqda...

Xalqaro hamjamiyatning Tog‘li Qorabog‘ masalasida pozitsiyasi

BMT va yana bir qator tashkilotlari Tog‘li Qorabog‘ mojarosi masalasida mojaro boshlangan yillardayoq ketma-ket to‘rtta rezolyutsiya qabul qilgan. N822, N853, N874, N884-sonli rezolyutsiyalar 1993 yil 30 aprel va 12 noyabr oralig‘ida qabul qilingan. Bu rezolyutsiyalarda ikki tomon barcha harbiy harakatlarni, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirilgan va armanlar Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini hurmat qilishi lozimligi yozilgan. Bugun Ozarboyjon mazkur muammo BMT tomonidan qabul qilingan o‘sha rezolyutsiyalar doirasida tinch yo‘l bilan hal qilinishini istaydi. Ammo Tog‘li Qorabog‘dan ajralishni xohlamaydigan armanlar BMT rezolyutsiyalarini pisand qilmaydi.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi va Xo‘jali qatliomiga o‘zbekistonliklarning munosabati

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi va Xo‘jali qatliomi boshqalar qatori o‘zbek xalqini ham tashvishga solgani rost. O‘zbek adabiyotining peshqadam shoirlaridan biri Xurshid Davron 1992 yil Xo‘jali qatliomi yuz bergan kunning ertasigayoq «Xo‘jali bolalariga» she’rini yozgan edi.

Ey ozari bolalarim,

Yuragimda nolalarim,

Ko‘zlarimda jolalarim,

Men ham o‘ldim siz bilan birga!

Bu jallodlar inson emas,

Bu sallotlar inson emas,

Inson inson go‘shtin yemas,

Men ham o‘ldim siz bilan birga!

O‘tar kunlar, o‘tar tunlar,

Qoningizdan gullar unar,

«Intiqom!» deb xanjar sunar,

Men ham o‘ldim siz bilan birga!

Bu masalada turkiy xalqlarning aksariyati ozarlar tarafida. Bir tomondan qardoshlik va e’tiqod masalasi, shuningdek, adolat ko‘zi bilan qaralsa, ozarlarning haq ekanini haqiqatga yaqinroq. Gap shundaki, Tog‘li Qorabog‘ azaldan ozarlar yeri bo‘lgan. Qolaversa, tarix guvoh o‘sha o‘tgan asrning 90-yillarida sodir bo‘lgan mojarolarda ozarlar armanlarga nisbatan o‘ta shafqatsizlik qilmagan. Hammasi armanlarning Xo‘jali qatliomidan keyin o‘zgarib ketgan.

Tog‘li Qorabog‘ masalasida nega ko‘pchilik Ozarboyjon tarafda?

Bugun dunyoning aksariyat mamlakatlarida hukumatlar, taniqli insonlar, siyosatchilar Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Ozarboyjon tomonda ekanini bildirgan. Masalan, Ukraina. Bu davlat Tog‘li Qorabog‘ mojarosi masalasida o‘zining so‘nggi bayonotini shu yilning 1 aprel kuni bildirdi. Bayonotda aytilishicha, Ukraina Tog‘li Qorabog‘da joriy yil 31 mart kuni o‘tkazilgan prezident va parlament saylovlarini haqiqiy deb tan olmaydi. Bayonotda shuningdek, Ukraina tomoni Tog‘li Qorabog‘ hududini Ozarboyjon hududi deb bilishini ma’lum qilgan. Bejizga Ukrainani misol qilib keltirmadik, chunki bu mamlakat ham har qancha g‘alati ko‘rinmasin XXI asrda butun boshli hududini boshqa mamlakatga topshirib qo‘ydi.

Bu mojaro bo‘yicha Ozarboyjon tomonida turganlarning fikriga ko‘ra, dunyodagi aksariyat davlatlarning chegara hududlarida qo‘shni millat vakillari yashaydi. Turli sabablarga ko‘ra chegaralar shunday tortilgan. Masalan, Germaniyaning Polsha bilan chegarasida polyaklar, Polshaning Germaniya bilan chegara hududlarda nemislar yashaydi. Bunday misollar juda ko‘p. Ana shunday holatda chegaraning buyog‘ida yashayotgan millatlar Tog‘li Qorabog‘ armanlariga o‘xshab bosh ko‘tarib chiqaversa va o‘zi yashab kelgan davlatning hududiy yaxlitligini xavf ostiga qo‘ysa, unda dunyo mojarolarga to‘lib ketadi. Shu uchun ham armanlarning Tog‘li Qorabog‘da tutgan yo‘lini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.

Jangda general halok bo‘ldi

Foto: Vaxram Bagdasaryan/Reuters

12 iyul kuni Armaniston va Ozarboyjon chegarasida yana otishmalar boshlanib ketdi. Arman tomonining aytishicha, ozarlar chegara punktini egallab olishga harakat qilgan va «yo‘qotishga uchragach, chekingan». O‘sha kuni Ozarboyjon harbiylarining ikki nafari halok bo‘lgani aytildi. Bu gal janjallar Qorabog‘da emas, Tovuz tumanida sodir bo‘ldi. Ozarboyjon tomoni armanlarning 100dan ortiq harbiylari va ko‘plab texnikasi yo‘q qilinganini ma’lum qildi. O‘z navbatida Ozarboyjon tomonidan general-mayor Po‘lat Hoshimov va polkovnik Ilg‘or Mirzayev halok bo‘lgani aytildi. Ularning vafoti katta yo‘qotish deb qabul qilinmoqda.

Erdo‘g‘an Ozarboyjon tomonda

Turkiy millatlar masalasida tezda reaksiya bildirishga odatlangan Erdo‘g‘an arman-ozar mojarosida qardosh Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. O‘z navbatida Turkiya armiyasi kerak vaqtda Ozarboyjonga yordam berishini ma’lum qildi. Hozircha biror mamlakat Armaniston tomonida ekanini aytib chiqqani yo‘q.

O‘xshash muammolar

Bugun dunyoning turli burchaklarida Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga o‘xshash muammolar yetarlicha bor va qizig‘i ularning bir nechtasi Sobiq Ittifoq respublikalari hududida.

1. Pridnestrove

Ushbu hudud Moldaviyaga tegishli edi. 1992 yil yilda bu o‘lkada yashovchi ruslar Rossiyaning qo‘llovi bilan rasmiy Kishinyovga bo‘ysunmasligini bildirib, o‘zini mustaqil davlat deb e’lon qildi. Ushbu davlat xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan. Uning hududida Rossiya harbiy bazasi joylashtirilgan va rus harbiylari u yerda tinchlikparvar kuchlar rolini bajarmoqda.

2. Donetsk va Lugansk

2014 yilda Ukrainada aholi Yevropa bilan integratsiya kelishuvi imzolanishini talab qilib namoyishlarga chiqadi. Shundan so‘ng, mamlakat sharqida yashovchi rus millatiga mansub aholi Rossiyaning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi va harbiy yordami bilan amaldagi hukumatga qarshi bosh ko‘taradi. Ukraina o‘zboshimchalik qilayotgan bu hududda harbiy harakatlar olib boradi, ammo Rossiyadan ko‘mak olayotgani aytiladigan ayirmachilarga kuchi yetmaydi. Keyin bu hududda «Donetsk xalq respublikasi», «Lugansk xalq respublikasi» nomi bilan mustaqil davlatlar tuziladi. Ushbu hudud hanuz notinch bo‘lib qolmoqda.

__________________

Ushbu maqola yozilayotgan paytda 2023 yil 19 sentabr kuni Ozarboyjon Qorabog‘da mahalliy aksilterror tadbirlarini boshladi va u yerdagi harbiy obektlarni o‘qqa tutdi.

Qariyb bir sutka davom etgan o‘qqa tutishlardan so‘ng Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘dagi Armaniston qurolli kuchlarining o‘nlab pozitsiyalarini egallab olganini e’lon qildi.

20 sentabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilishdi.

Kelishuv doirasida, Tog‘li Qorabog‘da qolgan arman harbiylari mintaqadagi «Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashgan zonadan» olib chiqiladi, tan olinmagan respublikaning qurolli bo‘linmalari tarqatib yuboriladi va og‘ir texnikalar olib ketiladi.

Shundan so‘ng Tog‘li Qorabog‘da yashovchi armanlar rossiyalik harbiylar yordamida u yerdan chiqib keta boshlashdi.

21 sentabr kuni Yevlax shahrida Tog‘li Qorabog‘ning arman aholisi vakillari va Ozarboyjon hukumati vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Ozarboyjon delegatsiyasi armanlar delegatsiyasiga hukumatning integratsiya rejasini taqdim etgan. Armanlar delegatsiyasi Tog‘li Qorabog‘ga birinchi navbatda yoqilg‘i va oziq-ovqat bilan yordam berishni so‘ragan.

So‘nggi hodisadan shunday xulosa chiqarish mumkin, Ozarboyjon bir sutka davom etgan harbiy amaliyotlardan so‘ng 30 yillik muammoni hal qildi. Tez orada armanlar Ozarboyjon jamiyatiga integratsiya qilinishi rejalashtirilyapti.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid