Jahon | 13:27 / 16.07.2020
8600
2 daqiqa o‘qiladi

Reper Kane Uest AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olindi

Amerikalik rep qo‘shiqchisi Kane Uest AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu boradagi maxsus Forma №1 guvohnomasi federal saylov komissiyasi rasmiy saytida paydo bo‘ldi.

Foto: AP

Taniqli model Kim Kardashianning eri Kane Uest saylov kampaniyasi uchun «Kane 2020» degan nom tanlagan. Uning partiyasi esa noodatiy va ta'bir joiz bo‘lsa, jiddiy bo‘lmagan ko‘rinishda: BDY Party. Ya'ni, Birthday Party (tug‘ilgan kun bazmi). Reperning nomzodi 15 iyul kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Uest hali Forma №2 deb nomlanadigan asosiy hujjatni topshirmagan. Bu hujjat saylov kampaniyasi uchun kamida 5 ming dollar miqdorida pul to‘plangani yoki xarajat qilinganidan guvohlik berishi kerak. Bu hujjatsiz nomzod saylovga qo‘yilmaydi.

AQShdagi mashhur konsalting kompaniyasi Redfield & Wilton 15 iyul kuni 2 foiz amerikaliklar saylovda Kane Uest nomzodiga ovoz berishga tayyorligini ma'lum qilgandi. Ijtimoiy so‘rovlar natijasi hozircha Jo Baydenga ustunlik bermoqda. Uning nomzodini qo‘llab 48 foiz amerikaliklar ovoz berishga tayyor.

AQShda reper Kane Uestning nomzodini jiddiy qabul qilishmayapti. Ma'lum bo‘lishicha, uning ruhiy holatidagi salbiy o‘zgarishlar prezidentlik kampaniyasi boshlashiga sabab bo‘lgan. Uest o‘z nomzodini ilgari surmoqchi ekanini aytganida, amaldagi prezident Donald Tramp uni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid