O‘zbekiston | 23:09 / 17.07.2020
77032
5 daqiqa o‘qiladi

Uyda davolanayotgan bemorlarga tavsiya qilingan dorilarni qabul qilish tartibi haqida ma'lumot berildi

Foto: Arvo Meeks

Bugun, 17 iyul kuni Respublika maxsus komissiyasi a'zosi, professor Feruza Hamroboyeva uyda davolanayotgan fuqarolar uchun tarqatiladigan dori-darmonlar ro‘yxati va ularni qabul qilish tartibi haqida ma'lumot berdi.

«Hukumat tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligiga maxsus topshiriq berildi. Unga ko‘ra, zudlik bilan koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni davolash uchun dorilar jamlanmasini shakllantirish zarur. Bu dori-darmonlar jamlanmasi esa JSST ko‘rsatmalariga asosan tanlanishi kerak.

Dori-darmonlar jamlanmasining uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatilishi alohida ahamiyatga ega», – dedi Feruza Hamroboyeva.

Uning ma'lum qilishicha, shakllantirilgan dori-darmonlar jamlanmasi alohida qutichaga joylashtiriladi va «COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari to‘plami» deb nomlanadi. Dori to‘plami qutichasiga bepul tarqatilishi shartligi va albatta shifokor maslahati bilan ichish kerakligi haqida qaydlar yozilgan.

«To‘plamdagi dorilardan biri – gidroksixloroxin. U bitta konvalutadan tashkil topgan va har bir tabletka 200 mg.dan iborat. Bu dori vositasi aslida bezgakni davolash bo‘yicha klinik qo‘llanmalarga ega, lekin JSSTning oxirgi ko‘rsatmalariga binoan koronavirus uchun ham samarali deb topilgan.

Gidroksixloroxin dori vositasi kuniga 2 mahal bitta tabletkadan ovqat vaqtida qabul qilinadi. Dorini qabul qilish davomiyligi 2 kundan 5 kungacha hisoblanadi», – dedi Feruza Hamroboyeva.

Professorning qayd etishicha, to‘plamdagi keyingi dori vositasi azitromitsin sanaladi. Bu dori makrolidlar guruhiga kiradi. Makrolidlar esa antibakterial vositalarga mansub va ancha kuchli ta'sirga ega.

«Arzitromitsin o‘zi mustaqil tarzda virusga qarshi ishlamaydi, bu dori vositasi bemorda virus natijasida shamollash alomatlari kelib chiqadigan bo‘lsa va shifokor dorini qabul qilish vaqti yetgan, deb hisoblasa, bemorga tavsiya qilinadi.

Azitromitsin kuniga bir mahal 500 mg ovqatdan 1 soat oldin yoki ovqatdan 2 soat keyin 3-5 kun davomida qabul qilinadi. Azitromitsinning bitta tabletkasi dozasi 250 mg.dan iborat, bu bolalar uchun tavsiya etilgan doza hisoblanadi. Shuning uchun katta yoshdagilar azitromitsinni 2ta tabletka sifatida qabul qilishadi.

To‘plamdagi keyingi dori – paratsetamol. Uni faqatgina isitma tushurish uchun emas, balki og‘riq qoldirish uchun ham iste'mol qilish mumkin. Koronavirus bemorlari uchun esa paratsetamol tana harorati balandlashganda kuniga bir mahal to‘q qoringa ichish tavsiya qilinadi. Agar dori to‘q qoringa ichilmasa, oshqozon shilliq qavatiga salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Bundan tashqari, uyda davolanayotgan bemorlarga kukun shaklidagi S vitamini – askorbinka ham beriladi. Bu vitamin organizmning kasallikka qarshi kurashuvchanligini oshiradi. Vitaminni suvga solib kuniga bir necha marta ichish mumkin», – dedi u.

Shuningdek, to‘plamdan tibbiy niqoblar ham o‘rin olgan. Niqoblar bemorni boshqa oila a'zolaridan izolyatsiya qilishda qo‘l keladi.

«Koronavirus alomatlarini sezgan bemorlar «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilishganda turli kechikishlar kuzatilayotgani haqida yozishmoqda. Bu masalaning ustida ishlanyapti, lekin hali ishlar oxiriga yetkazilgani yo‘q. Ayni paytda «Tez yordam» mashinalari soni ko‘paytirilmoqda va bu mashinalar koronavirus bemorlariga yordam ko‘rsatish uchun to‘liq jihozlangan», – deya qo‘shimcha qildi Feruza Hamroboyeva.

O‘zbekistonda koronavirusdan uyda davolanayotganlar uchun haligacha tavsiyaviy qo‘llanma yo‘q.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov 12 iyul kuni Kun.uz`ga bergan intervyusida qo‘llanma tayyorlash jarayoni yakuniga yetgani, uni barcha tashkilot va vazirliklarga yetkazish uchun ko‘paytirish jarayoni ketayotganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid