O‘zbekiston | 09:36 / 18.07.2020
22957
3 daqiqa o‘qiladi

DTM ro‘yxatdan o‘tgan imtiyozli abituriyentlar haqida statistika e'lon qilinmasligiga izoh berdi

Abituriyentlardan arizalar qabul qilinayotgan qabul.dtm.uz saytida qabul rejasi, qaysi yo‘nalishga qancha abituriyent topshirgani va tanlov ko‘rsatkichiga oid statistik raqamlar berib borilmoqda.

Ammo qaysi yo‘nalishga qancha imtiyozli abituriyent hujjat topshirgani haqida ma'lumot olish imkonsiz. Kun.uz’ga bu borada abituriyentlardan bir nechta murojaatlar kelib tushdi.

«Imtiyozlilar o‘zlari uchun ajratilgan kvotalarga qancha abituriyent hujjat topshirganini bila olmasdan, ko‘r-ko‘rona hujjat topshiryapti. O‘tgan yili ham shunday bo‘lgani sababli ayrim OTMlarga keragidan ko‘p, ayrimlariga esa ancha kam imtiyozli abituriyent hujjat topshirgan hollar ham bo‘lgan», – deyiladi murojaatchilarning birida.

DTM vakili izohi

Kun.uz muxbiri masala yuzasidan Davlat test markazi matbuot xizmati xodimi Jamshidbek Odilov bilan bog‘landi.

Uning aytishicha, hujjat topshirgan har bir abituriyentning ma'lumoti tekshirib chiqiladi. Agar unda qaysidir turdagi imtiyoz bo‘lsa, o‘sha imtiyozning haqiqiyligi tekshiruvdan o‘tkaziladi.

«Bu ma'lum vaqt ichida amalga oshiriladigan jarayon. Shuning uchun qancha abituriyentning imtiyozga ega ekani haqida avtomatik tarzda ma'lumot bera olmaymiz.

Masalan, chet tili sertifikatiga ega abituriyentlar ham imtiyozli hisoblanadi. Ular taqdim etgan til sertifikati ham tekshiriladi va haqiqiy emas deb topilganlari ham ko‘p bo‘ladi. 13 iyul holatiga ko‘ra, abituriyentlar taqdim etgan 6 mingdan ortiq sertifikatlar tekshirilgan va 450dan ortig‘i haqiqiy emas deb topilgan», – deya izoh berdi Jamshidbek Odilov.

DTM xodimi boshqa imtiyozlar ham xuddi shunday tarzda tekshirilishini, agar zarur bo‘lsa, vazirlik va idoralardan ma'lumotlar aniqlashtirilishini aytdi.

«Misol uchun, nogironligi bor shaxslar haqidagi ma'lumotlar ro‘yxatdan o‘tish yakunlanganidan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuboriladi va vazirlik tomonidan ma'lumotlar tekshirilib, tasdiqlanadi. Bu jarayonda ayrim abituriyentlarning ma'lumotlari o‘z tasdig‘ini topmaydi.

Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlarida kamida 3 yildan buyon istiqomat qilayotgan abituriyentlarning ma'lumotlari Navoiy viloyati hokimligi tomonidan tekshirilib, tasdiqlanadi.

Imtiyozlardan yana biri: tavsiyanomaga ega xotin-qizlar haqida elektron ma'lumotlar esa ayni paytda Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi tomonidan shakllantirilmoqda va yakuniy ro‘yxat 20 iyulgacha taqdim etiladi», – dedi u.

Ma'lumot uchun, 17 iyul soat 18:00 holatiga, OTMlarning bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni respublika bo‘yicha jami 1 193 169 nafarni tashkil etgan.

Arizalar qabuli 20 iyulgacha davom etadi.

Mavzuga oid