O‘zbekiston | 22:32 / 19.07.2020
63225
3 daqiqa o‘qiladi

«Tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi xavfsiz» - mutaxassis COVID-19’ning kechishidagi isitma haqida ma'lumot berdi

Tana haroratining ko‘tarilishi – organizmda virus bilan kurash borayotganini ko‘rsatuvchi tabiiy jarayon. 38 darajagacha bo‘lgan isitma xavfsizdir, deydi immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Kun.uz sayti va «Milliy TV» telekanali hamkorlikda yangi «Tez yordam» ko‘rsatuvini tashkil etmoqda. Unda malakali mutaxassislar jonli efirda telefon orqali kelib tushgan koronavirusga oid savollarga javob berib borishadi.

19 iyul kuni dasturning ilk sonida DeFactum Laboratories tibbiyot klinikasi immunolog-infeksionisti, tibbiyot fanlari nomzodi Aziza Xo‘jayeva COVID-19’da tana harorati ko‘tarilishi haqida so‘z yuritdi.

«Tana haroratining ko‘tarilishi – organizmning kasallikka universal reaksiyasidir. Sog‘lom tana O‘RVI, gripp, koronavirus kabi kasalliklarda o‘z kurashuvini isitma orqali namoyon qiladi. Bu paytda organizmning immun tizimi virus bilan kurashish uchun interferon ajratib chiqaradi. Interferon esa virusni yo‘qotish uchun harakat qiladi.

Isitma tushirildimi, demak, virusning ko‘payishi uchun qulay muhit qilib berildi, chunki interferonning ajralib chiqishi susayadi.

Tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi xavfsiz. Ammo 38 darajadan ko‘tarila boshlasa, keyin paratsetamol yoki boshqa dori berish mumkin.

Shuningdek, bemor turli sabablar bilan (surunkali kasalliklarning mavjudligi, organizmning o‘ziga xosligi, yosh bolalar) isitmani og‘ir kechirsa, o‘zini o‘ta noxush his qilsa, isitma tushiruvchi dori berish kerak bo‘ladi», – deydi mutaxassis.

Virusologiya instituti ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Ra'no Qosimovaga ko‘ra, virus bilan kurash jarayonida hammada ham isitma kuzatilmasligi mumkin.

«Harorat oshishi hamma bemorlarda ham bo‘lmaydi. Turli gormonlar qabul qilish, surunkali kasalliklar bo‘lishi natijasida immunitet zaifroq bo‘lishi va isitma namoyon bo‘lmasligi mumkin.

Koronavirusda isitma ko‘tarilishi o‘rtacha hisobda 5-6 kun davom etib, shundan keyin 70-80 foiz bemor tuzalib ketmoqda. Ammo kasallik chuqurlashgan, o‘pkaga o‘tgan bo‘lsa, isitma uzoq davom etishi mumkin», – deya ta'kidladi Ra'no Qosimova.

Mavzuga oid