Sport | 21:56 / 20.07.2020
11356
11 daqiqa o‘qiladi

«Real»ning o‘tgan mavsumdagi xatosini takrorlagan «Barsa». Zidan chempionlikni qanday tortib oldi?

«Zidan – Yaratganning bizga bergan marhamatidir. Odamlar u haqida istalgancha gapirishlari mumkin, ammo biz u bilan sovrinlarni yutishda davom etamiz». Bu «Real» prezidenti Florentino Peresning chempionlik qo‘lga kiritilgach aytgan dastlabki fikrlari bo‘ldi. Darhaqiqat, Madrid klubining o‘z tarixidagi 34-chempionlik sovrinini qo‘lga kiritishida fransuzning hissasi katta. Quyida «Real»ning chempionlik kurashida «Barsa»dan qanday ustun kelgani va Zidan jamoada nimalarni o‘zgartira olganini tahlil qilib ko‘ramiz.

Zidan – top murabbiy

Ko‘pchilik haligacha Zidanning murabbiylik faoliyatiga munosib baho bermaydi. Ayniqsa, uning Madriddagi dastlabki faoliyatida erishgan misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlari ko‘proq Krishtianu Ronaldu fenomeni va o‘sha paytdagi barqaror tajribali tarkib bilan eslanadi. Aslida esa Zineddin yoshlar bilan ham ishlay oladigan ajoyib taktik ekanligini bu yil ham isbotlay oldi. Misol uchun, 21 yoshli Federiko Valverde yoki 20 yoshli Vinisius ham bu yilgi chempionlik uchun muhim o‘rin tutishdi.

Zidan o‘tgan yilgi o‘tish davridagi muvaffaqiyatsizliklarni yengib o‘tib, pandemiyadan keyin La Ligada 10 o‘yindan iborat ajoyib g‘alabali seriyani taqdim etib, sovringa erishdi. Yilning eng muhim ikki to‘qnashuvi - «El-Klasiko»da «Barsa»dan jami 4 ochko tortib oldi.

«Real» qanday qilib hammadan kuchliroq chiqdi?

2019/20 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, Madrid jamoasi quyidagi sabablar bilan boshqalardan kuchli ekanligini ko‘rsata oldi.

1. Karim Benzemaning yangi roli

Ronalduning «Real»ni tark etishidan eng ko‘p yutgan aynan Benzema bo‘ldi. U jamoaning eng yaxshi goleadoriga aylandi – La Ligada 21ta gol. Bundan ham muhimroq yana bir jihati Karim o‘zi uchun noodatiy bo‘lgan klubning eng yaxshi assistenti bo‘ldi – 8ta golli uzatma.

Jamoaning hujumlarini tashkil etish, zarbalar va uzatmalarning samaradorligini qayd etib boruvchi xGChain hisoboti bo‘yicha ham fransiyalik hujumchi jamoada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega – 31,38. Avvalgi yillarda bu borada yetakchilik Ronalduda edi.

Benzemaning joriy mavsumda eng ko‘p zarba yo‘llagan nuqtalari

2. Qanotlardagi o‘zaro bog‘liqlik

Ushbu suratda «Real» futbolchilarining «Vilyarreal»ga qarshi o‘yindagi eng ko‘p harakat qilgan nuqtalari ko‘rsatilgan. Ko‘rinib turibdiki, eng faol zonalar (qizil) qanotlarda joylashgan.

Madridliklarning ushbu mavsumdagi o‘yinlarida bu odatiy holga aylanib qoldi. Zidan shogirdlari keng maydon bo‘ylab harakat qilib, chap qanotdagi Marselo/Mendi va o‘ng qanotdagi Karvaxalning hujumkorligi tufayli qanotlarda son jihatdan ustunlik qilishgan. Darvoqe, Karvaxal xGChain hisoboti bo‘yicha 18,39 ko‘rsatkichi bilan jamoada Benzemadan keyingi o‘rinni egallagan. Ya'ni ushbu himoyachi hujumga o‘tish va uni yakunlash bo‘yicha katta hajmdagi ishni bajardi.

Himoyachilarning hujumkorligi vingerlarga qanot yarimhimoyasidan hujum ortida to‘p surish imkoniyatini yaratadi. Odatda Azar va Vinisius chap qanotda shunday o‘yin ko‘rsatishadi. Bundesligada chempionlikni qo‘lga kiritgan «Bavariya» ham shunga o‘xshash uslubda to‘p suradi.

3. La Ligadagi eng yaxshi himoya

Zidan boshchiligidagi «Real»ni La Liganing eng kuchli va samarali pressing amalga oshiruvchi klubi deb bo‘lmaydi – PPDA ko‘rsatkichi 8,90ni tashkil etgan. Misol uchun o‘rtamiyona «Xetafe»da bu ko‘rsatkich 6,97ni tashkil qiladi.

Aslida madridliklar to‘pni egallab olish uchun raqib maydonda kuchli pressing uyushtirishlari shart ham emas, ular chiziqlar bo‘yicha pressingni kuchaytirib, to‘pning harakat zonasi yopib qo‘yishga asoslangan o‘yin ko‘rsatishadi.

Undan-da muhimroq raqam bu – 25. «Real» Ispaniya chempionati o‘yinlarida o‘z darvozasidan xuddi shuncha to‘p o‘tkazib yubordi. Taqqoslashingiz uchun ligadagi eng zich himoya qo‘rg‘oni bilan nom chiqargan Diyego Simeonening «Atletiko»si ham 27 marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqan.

Madrid jamoasi bunga qanday erishgan?

Birinchidan, tayanch yarimhimoyachisi Kazemironing mehnati evaziga. U har o‘yinda o‘rtacha 2,8 marta to‘pni egallab olib, hujum boshlaydi. Hujumlarni buzish bo‘yicha ham Kazemiro jamoada yetakchi.

Ikkinchidan, jamoaning maydon markazidagi hujumkor futbolchilari Kroos, Modrich va Valverde to‘pning yo‘qotilishiga juda tezkorlik bilan reaksiya bildirishadi. «Real» to‘pni yo‘qotgan zahoti ular Kazemiro bilan birga raqibning hamlasini dastlabki hujum bosqichidayoq to‘xtatish ilinjida markaziy himoyachilar oldida himoyaviy chiziq hosil qilishadi.

Uchinchidan, markaziy himoyadagi juftlik – Ramos hamda Varan barqaror o‘yin ko‘rsatishdi. Ikkinchi qavatdagi kurashlarda fransiyalik himoyachi «Real»da tengsiz - har o‘yinda o‘rtacha 3,7 marta havodagi kurashda to‘pga ega chiqadi. Ispaniyalik himoyachi esa pastdagi kurashlarda ustunlik qilish bilan birga gollar urish borasida ham «Real»da ikkinchi o‘rindan joy olgan. Ramos La Ligada 10ta gol urdi, shundan 6tasi 11 metrlik nuqtadan kiritilgan. Serxioning mavsumdagi eng yodda qolarli goli «Eybar» (3:1) bilan o‘yinda kiritilib, Ramos himoyadayoq to‘pni egallab olib, hujumni boshladi va katta tezlikda oldinga o‘tib, raqib darvozasini ishg‘ol etishga erishdi.

«Barselona»ga nima bo‘ldi?

Albatta, kimdir bu mavsumda «Real» aslida kuchli bo‘lmaganligini, aksincha, «Barselona» o‘ziga o‘xshamaganligini aytishi aniq. Bu borada u qisman haq bo‘ladi: kataloniyaliklar 28-turdan keyin «Real»ni ikki ochkoga ortda qoldirayotgan edi. Biroq keyinchalik uchta bahsda durang qayd etgan Messi jamoasi 37-turda o‘z uyida «Osasuna»dan kutilmagan zarbani qabul qilib olishdi - 1:2.

Ushbu mag‘lubiyatdan keyin «Barsa» yetakchisi jim tura olmadi va jamoa o‘z o‘yinini o‘zgartirishi shartligini OAV orqali yetkazib qo‘ydi.

«Roma», «Liverpul»... Muxlislarimizning sabr kosasi to‘layapti, sababi biz ularga hech narsa bera olmayapmiz. Endi Chempionlar ligasi g‘olibligi uchun kurashishni istasak, ko‘p narsani o‘zgartirishimiz kerak. Aks holda «Napoli»ga yutqazib, bu turnir bilan ham xayrlashamiz», - deydi Lionel.

Darvoqe, Messining bu yilgi natijalari ham sezilarli darajada pasaygan. Misol uchun gollar soni bo‘yicha u o‘z jamoasida hali-hamon yetakchi sanalsa-da, bu ko‘rsatkichlar avvalgi yildagidek emas.

Messi La Liganing so‘nggi ikki mavsumida:

Shunga qaramay, aynan Messi o‘z vazifasini uddalay olmadi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Lionel jamoaning o‘yinini belgilab beruvchi futbolchi sifatida qolmoqda. Lionel golli uzatmalar soni bo‘yicha (22ta) yaqqol yetakchi. Undan keyingi o‘rindagi Luis Suares bu borada ancha kamtar natija ko‘rsatgan (8ta).

«Real»ning o‘tgan mavsumdagi xatosini takrorlagan «Barsa»

«Jamoaning natijasi uchun javobgarman. Biz La Ligani yuta olmagan bo‘lsak-da, endi Chempionlar ligasida bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz», - deydi «Barselona» bosh murabbiyi Kike Seten chempionlik qo‘ldan chiqarilgach.

Umuman olganda, «Barselona» rahbariyati murabbiylar borasida «Real»ning o‘tgan mavsumdagi xatosini takrorladi. O‘shanda «qirollik klubi» rahbariyati Xulen Lopetegini bosh murabbiy etib tayinlab birinchi xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, keyin uning o‘rniga Santyago Solarini bosh murabbiyga aylantirib, ikkinchi xatoni qilgandi. Ishlar yurishmagach, yakunda Zidan jamoaga qaytdi.

Kataloniyaliklar esa La Ligada ikki bor chempion qilgan, ammo Chempionlar ligasida tajribasiz bo‘lgan Ernesto Valverde o‘rniga undan kuchli bo‘lmagan mutaxassis – Setenni yordamga chaqirishdi. Bungacha grandlar bilan ishlamagan Kike esa peshqadam jamoani sovrinsiz qoldirdi.

Aslida Setenning muammosi taktik g‘oyalarda ham emas, sababi u «Betis»ni qiziqarli jamoaga aylantira olgandi. Hamma gap Kikening katta maqsadlar va yulduzli tarkibga ega superklublarda ishlay olmasligida bo‘ldi. Biroq Seten uchun hali hammasi tugagani yo‘q – u superklubga mos murabbiy ekanligi, hech bo‘lmasa Valverdedan yaxshiroqligini ko‘rsatish uchun Chempionlar ligasida o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Xuddi shunday imkoniyat «Real»da ham bor. Madriddagi mag‘lubiyat (1:2) sababli endi javob o‘yinida «Manchester Siti»ni safarda taslim etish oson bo‘lmaydi. Ammo 11 o‘yinning 10tasida g‘alaba qozongan Zidanning o‘z jamoasini mavsumdagi eng muhim qarama-qarshilikka ruhan va taktik jihatdan tayyorlay olishiga shubha yo‘q. Har holda u top-murabbiy.

Usmon Ibodov tayyorladi.

Mavzuga oid