O‘zbekiston | 17:31 / 21.07.2020
29214
4 daqiqa o‘qiladi

«Avigan»ni qaysi hollarda ichish kerak, «Plakvenil» nima sababdan tavsiya etilmaydi? - immunolog ma'lumot berdi

Foto: Getty Images

Kasallik ko‘paya borgan sari unga qarshi kurashda qabul qilinuvchi dori vositalarini to‘g‘ri tanlash masalasi jiddiylashmoqda. Tavsiya qilingan va ko‘pchilik tomonidan iste'mol qilinayotgan dori vositalari bo‘yicha immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva o‘z fikrlarini bildirdi.

«Avigan» – viruslarga qarshi preparat. Ta'siri juda yaxshi. Bu dori vositasi virus strukturasiga asosan yaratilgan. Faqat uni qanday paytda qabul qilishni bilish kerak. Masalan, virus endigina yuqib, organizmda ko‘paya boshlaganda, yoki ko‘payishi yuqori cho‘qqiga chiqqanda yaxshi foyda beradi.

Kasallikka qarshi antitanachalar ishlab chiqarilib, virus qoldiqlari qolgan paytda ishlatish befoyda bo‘ladi», – dedi shifokor «Tez yordam» televizion dasturidagi chiqishida.

Tibbiyot fanlari nomzodi «Plakvenil» dori vositasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Plakvenil» – immunitetni sun'iy pasaytiradi. Shuning uchun koronavirusdan davolanayotgan bemorlar uni ichmasligi kerak. «Plakvenil» eng birinchi malyariya (bezgak)ga qarshi ishlatilgan dori. Parazitlarga qarshi va immunitetni oshirmaslik, ya'ni immunitetni bosib turish uchun ishlab chiqarilgan. O‘zini kasallikdan himoya qilayotgan tana ayrim paytlarda himoyani oshirib yuboradi. Himoyaning oshib ketishi organizmni o‘ldirib qo‘yishi ham mumkin. «Plakvenil» shunday holatda ishlatiladi. «Plakvenil» koronavirusga qarshi kurashda ilk bor Xitoy qo‘llanmasiga kiritilgan.

Dastlab, immunitetning kuchliligi bemorning o‘ziga salbiy ta'sir qilmasligi uchun bu dori bemorlarga berila boshlandi. Ammo dorining salbiy ta'sirlari bor. Yurak xastaliklari bor bemor «Plakvenil»ga uchrab qolsa, dori uning yurak urishini to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin.

Hozir hech qaysi davlatda «Plakvenil» dorisi ishlatilmayapti. Faqat Hindistonda ishlatilayotgani haqida ma'lumot bor. O‘zbekistonda ham koronavirusni davolash protokollarining dastlabkisiga «Plakvenil» kiritilgan edi. Lekin hozirgi protokolda «Plakvenil» yo‘q.

Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekistonning ham ayrim joylarida «Plakvenil» bepul tarzda berilayotgani haqida xabarlar bor. Fuqarolardan bu dorini ichishni to‘xtatishni so‘ragan bo‘lardim», – dedi immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva.

Avvalroq «Plakvenil» dori vositasi bo‘yicha Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti professori Feruza Hamroboyeva ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi:

– Dori vositalari qayta ko‘rib chiqilishi, qator o‘rganishlar asosida dorilar jamlanmasidan «Plakvenil» chiqarib tashlandi. Oldin qo‘llanilganining sababi – klinik izlanishlar natijasida 2020 yil fevral oyida fransuz olimlari mazkur ikki dorini koronavirusga qarshi samarali ekani haqida xabar berishgandi va mana shu tadqiqotga asosan nafaqat biz, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida bu dori ishlatilgan, – degandi Hamroboyeva.

Mutaxassis: «Arbidol» dorisi ommalashib ketdi va tanqis bo‘lib qoldi. Bu dorining arzon va samarali bo‘lgan muqobil variantini topish mumkinmi», degan savolimizga:

– Albatta, virusli infeksiyalarda davolashda qo‘llanadigan 44 nomdagi preparatlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ular asiklovir, entekavir, oksolin, umifenovir, lamivudin, abakavir, rutan kabi ta'sir etuvchi moddalar saqlagan hamda majmuaviy tarkibga ega bo‘lgan viruslarga qarshi vositalardir. Faqat bir doriga bog‘lanib qolish, o‘shandan najot kutish to‘g‘ri emas, – deya javob bergandi.

Mavzuga oid