Jamiyat | 22:17 / 21.07.2020
4382
3 daqiqa o‘qiladi

Shayxontohurda 142 ta obekt va aholi gavjum joylarda 898 ta intellektual videokuzatuv qurilmalari o‘rnatildi – AKT vazirligi

«Xavfsiz shahar» pilot loyihasi doirasida Shayxontohur tumanida jami 142 ta ijtimoiy soha obekti va aholi gavjum joylarda 898 ta intellektual videokuzatuv tizimi qurilmalari o‘rnatilib, ishga tushirilgan. Bu haqda AKT vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, birinchi bosqichda 2019–2020-yillarda Toshkent shahrida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda «Xavfsiz shahar» loyihasining yagona texnologik platformasini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

«Toshkent shahridagi barcha qisqa raqamli tezkor navbatchilik – 101, 102, 103, 104, 1050, 1055 xizmatlari Yagona vaziyatlar markaziga jamlanadi hamda umumiy «112» – navbatchilik xizmati doirasida faoliyati tashkil etiladi. Buning natijasida favqulodda vaziyatlar xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi joriy etiladi. Toshkent shahrida «112» – Yagona dispetcherlik xizmatini joriy etish bo‘yicha texnik topshiriq ishlab chiqildi.

Toshkent viloyatida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi bo‘yicha 11,328 mln. yevroga shartnoma imzolanib, 2020 yil 1 iyul holatiga 4,1 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Mazkur loyiha doirasida Toshkent viloyati hamda Farg‘ona vodiysida 19 ta Nexia-3 rusumli avtotransportga mobil kompleks uskunalari o‘rnatilib, ishga tushirilgan.

Toshkent shahrida «Xavfsiz shahar» tizimini joriy etish loyihasi bo‘yicha bir nechta kompaniyalarning yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilishini foto-video qayd etish bo‘yicha bergan takliflari va texnik yechimlaridan hamkor kompaniyani tanlab olish ishlari amalga oshirilmoqda» deyiladi rasmiy xabarda.

AKT vazirligi axborot xizmati bergan ma'lumotda keltirilishicha, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan «Chorvoq» erkin turistik zonasida «Xavfsiz turizm» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 146 ta ijtimoiy obektga 500dan ortiq videokuzatuv kamerasi, radar va noqonuniy avtoturargohni aniqlash uskunalari hamda asosiy chorrahalarda foto-video qayd etish qurilmalarini o‘rnatish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida «Chorvoq» erkin turistik zonasida optik tolali aloqa liniyalarini qurish, videokuzatuv tizimi qurilmalarini montaj qilish, yo‘l harakti xavfsizligini foto-video qayd etish tizimi qurilmalarini yetkazib beriladi va o‘rnatiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 29 avgustdagi prezident qarori bilan «Xavfsiz shahar» loyihasini2023 yilgacha bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy etish belgilangan.

Mavzuga oid