O‘zbekiston | 19:31 / 21.07.2020
8406
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi 74ta poliklinika kecha-yu kunduz ishlash rejimiga o‘tkazildi - Barno Odilova

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Barno Odilova Toshkent shahrida koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha ishlar qanday tashkil etilayotgani haqida axborot berildi.

«Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari – Toshkent shahridagi 74ta ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar aholiga kecha-yu kunduz faoliyat yuritish tizimiga o‘tkazildi. Tibbiyot xodimlari 12 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi (8:00-20:00gacha va 20:00-8:00 gacha).

Har bir poliklinikada mikrouchastkalar tashkil qilindi, mikrouchastkaga mas'ullar biriktirildi va ularning asosiy vazifasi sifatida quyidagilar belgilandi:

– xonadonlarga telefon qo‘ng‘iroq qilish, holidan xabar olish;

– kasalliklarni erta aniqlash va saralash (ambulator yordam uchun, laboratoriyaga, shifoxonaga);

– aniqlangan muammolarni joyida hal qilish.

Buning uchun Toshkent shahar poliklinikalari 750 dona mobil telefon bilan ta'minlandi va har bir oilaviy poliklinikada tun-u kun faoliyat yuritadigan koll-markaz sharoiti yaratildi.

Ambulator-poliklinika tizimida faoliyat yuritayotgan tibbiy xodimlar mehnatini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent shahar hokimligi tomonidan:

– tibbiyot xodimlari jamoat transporti harakatlanmagan paytda kelib-ketishi uchun avtotransport ajratish;

– aholi bilan telefon orqali muloqotni yaxshilash maqsadida har bir oilaviy poliklinikaga 3tadan statsionar telefon va qo‘shimcha mobil telefonlar bilan ta'minlash;

– mobil guruhlar uchun qo‘shimcha transport ajratish masalalari hal qilinishi tayinlandi.

Kasallik belgilari paydo bo‘lgan yoki tekshirish natijasida kovid tashxisi qo‘yilgan bemorlar poliklinikaga murojaat qilishlari kerak.

Shu bilan birga, mobil telefondan xonadonga qo‘ng‘iroq qilayotganda mavjud muammolar aniqlanganda bemorlar ichidan shamollash belgilari borlari saralab olinadi. Shamollash belgilari aniqlangan bemorlarga umumiy amaliyot shifokori (UASh) tomonidan xabar olinib, tegishli davo muolajalari qilinadi. Kasallik tasdiqlangan, kasallikning alomatsiz yoki yengil shakli bo‘lgani uchun uyda davolanishi rejalashtirilgan bemorlarga poliklinika tomonidan mobil brigada yuboriladi.

Mobil guruh bemorga nazorat rejasini tuzadi, tegishli dorilarni beradi, oila a'zolariga kun tartibi va sanitar-gigiyenik talablarni tushuntiradi. Bemorning holatiga ko‘ra, 1 kunda 1 marta yoki 2 kunda 1 marta ko‘rikni amalga oshiradi. Boshqa payt UASh har kuni 2-3 marta telefon orqali bog‘lanadi», – dedi Barno Odilova 21 iyul kuni AOKAdagi brifingda.

Mavzuga oid