O‘zbekiston | 18:49 / 23.07.2020
5378
4 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda IT-park rezidentlari 321 mlrd so‘mlik dasturiy mahsulot yaratishdi, xorijga 5,1 mln. dollarlik mahsulot eksport qilishdi – Shuhrat Sodiqov

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov yil boshidan beri IT-Park rezidentlari tomonidan 321 mlrd so‘mlik dasturiy mahsulot yaratilgani, eksport hajmi 5,1 mln. dollarni tashkil etganini ma'lum qildi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

«Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki hamda tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirish maqsadida barpo etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park)ning rezidentlari hisoblangan 392 tashkilotda bugun to‘rt ming nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, ushbu tashkilotlarning 14 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan bo‘lsa, 54 tasi yangi ochilgan.

Mazkur IT-parkda zarur infratuzilma, jumladan, zamonaviy laboratoriyalar, kovorking- markaz hamda ofis maydonlari taqdim etilgan. Texnoparkda rezidentlarga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi. Yana bir muhim jihat shundaki, rezidentlar uchun moliyaviy imtiyozlar ham berilgan: ular 2028 yilning 1 yanvariga qadar barcha soliq va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan, shuningdek, bir martalik ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilingan.

Yil boshidan beri IT-park rezidentlari tomonidan jami 560 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 321 mlrd. so‘mni, xususan, eksport hajmi 5,1 mln. dollarni tashkil etdi», deya Shuhrat Sodiqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirning qayd etishicha, IT-parkning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalar tasdiqlangan.

«Toshkent shahrida IT-park rezidentlari sonini ko‘paytirish hamda yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida umumiy maydoni 408 ming kv. metrga teng hududda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda IT-park infratuzilmasi obektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqildi. IT-parkning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi.

IT-parkning hududiy filiallari binolari Andijon («Digital city» texnoparki), Farg‘ona (IT-Park Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT-park Guliston filiali) viloyatlarida foydalanishga topshirilib, Andijon filialida 10 ta va Marg‘ilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Namangan (5800 kv.m), Nukus (12000 kv.m), Samarqand (12000 kv.m), Urganch (9200 kv.m) hamda Jizzax (850 kv.m) shaharlarida IT-park filiali binolarini qurish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda», deydi u.

Shuhrat Sodiqovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni paytda sog‘liqni saqlash, ta'lim, transport, tadbirkorlik hamda turizm yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida eng yaxshi mobil ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha mGovAward birinchi respublika tanlovi o‘tkazilmoqda. Tanlov uchun Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan 100 ming dollar ajratilgan va 3 ta munosib jamoa mazkur mablag‘ hisobidan rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, AQShning USAID agentligi bilan birgalikda IT-park tomonidan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari hamda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qiymati 140 ming dollarlik tadbirkorlik va biznes-muhitni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilayotgani aytildi.

Mavzuga oid