Jahon | 12:24 / 24.07.2020
48792
9 daqiqa o‘qiladi

AQShda «Afsona» operatsiyasi: «Noma'lum askarlar» namoyishlarni tinchitmoqda

AQShda ikki oydirki namoyishlar tinmayapti. Prezident keskin choralar qo‘llashga majbur bo‘lmoqda. Demokrat rahbarlar esa undan federal kuchlarni olib chiqib ketishni talab qilishmoqda.

Foto: Reuters

Oregon shtati rahbariyati va Kongress yetakchilari Trampdan namoyishlarni tinchitish uchun Portlendga yuborilgan maxsus kuchlarni chaqirib olishni talab qilishmoqda. Oq uy rahbari esa javob tariqasida AQShning boshqa hududlariga ham bunday qo‘shinlarni yuborishini aytdi.

Yuzi yopiq va hech qanday belgisiz liboslardagi maxsus bo‘linma iyul oyi boshidan Oregon shtatining yirik shaharlaridan biri Portlendda namoyishlarni tinchitish bilan band.

Maxsus topshiriqlarni bajaruvchi bu harbiylar AQSh ichki xavfsizlik vazirligi tasarrufiga kiradi va unga turli harbiy bo‘linmalarda xizmat qilgan askarlar qabul qilingan. Bir necha hafta davomida ular Portlenddagi okrug sudini himoya qilib, shahar bo‘ylab raqamsiz mikroavtobuslarda patrul uyushtirishmoqda. Bu «noma'lum askarlar» libosida faqat «Politsiya» yozuvi bor, ammo Amerikada qabul qilingan qoidalarga zid tarzda liboslarda na ismlar va na maxsus bo‘linma nomi ko‘rsatilgan.

«Noqonuniy qo‘lga olishlar»

Portlenddagi namoyishlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llangan

Bu «noma'lum qo‘shin» katta mojarolarga sabab bo‘ldi. Mahalliy hokimiyat Tramp askarlarni ortga qaytarishini talab qilmoqda. Ularning fikricha, ko‘chalarda qaysi bo‘linma askari ekani ma'lum bo‘lmagan yuzi yopiq askarlarning yurishi namoyishchilarni faqat g‘azablantiradi.

Oregon shtati prokurori allaqachon AQSh ichki xavfsizlik vazirligi ustidan odamlarni noqonuniy va agressiv tarzda qo‘lga olish ayblovi bilan ish ochgan. Sudga murojaat qilgan ba'zi huquq faollari bu harakatlar odam o‘g‘irlash bilan teng ekanini iddao qilgan. Tramp esa ularni «ajoyib askarlar» deb atab, namoyishlar to‘xtamayotgan qolgan hududlarga ham shunday guruhlarni yuborishini aytmoqda.

Tramp bu «noma'lum qo‘shinlar»ni yuborishni maqsad qilayotgan hududlar orasida Nyu-York, Chikago, Filadelfiya, Detroyt, Baltimor va Oklend bor. Bu shaharlarda Trampga muxolif bo‘lgan demokratlar ustunlik qiladi. Trampning aytishicha, ular shtatlarini «ahmoqona tarzda boshqarishmoqda».

Nega aynan Portlend?

Foto: Reuters

Portlendda irqiy kamsitish va politsiyaning zo‘ravonligiga qarshi namoyishlar 25 maydan buyon davom etmoqda. Jorj Floyd o‘ldirilgan kundan boshlab bu shaharda namoyishlar to‘xtagani yo‘q. Namoyishlarning birinchi to‘lqini tugagach, odamlar kunduzi asosan tinch namoyish o‘tkaza boshlashdi. Kechasi esa radikal xarakterdagi odamlar bezorilik, hatto talonchilik bilan shug‘ullanishdi. Tramp bo‘lib o‘tayotgan bu namoyishlar Floydning o‘limiga aloqador emasligi, radikallar undan foydalanayotganini ko‘p marta ta'kidladi.

Qizig‘i, namoyishlar juda keskinlashib ketganida ham mahalliy politsiya odamlarni tinchitishga urinmadi. Vaziyat shunchalik jiddiylashdiki, odamlar politsiya uchastkasini yoqib yuborishdi. Shunda ham politsiya odamlarga tegmadi va bunga sabab sifatida namoyishchilar boshqalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘dirmayotgani keltirildi. Tramp esa shtat rahbariyati to‘polonlarni tinchitishga urinmayotganidan g‘azablanib, o‘zi chora ko‘rishga kirishdi.

Oregon markaziga yuborilgan askarlar dastlabki haftada faqat sud binosida bo‘lgan va u yerdan deyarli ko‘chaga chiqishmagandi. Namoyishchilar ularga bepisand qarab juda yaqin kelishganda esa yuzi yopiq askarlar ularni dubinka bilan kaltaklay boshlashdi. Ular ko‘zdan yosh chiqaradigan va rezina o‘qlardan foydalanishdi. Shuningdek, odamlarni tarqatish uchun gazli granatalar ishlatildi.

Internet foydalanuvchilari bu askarlar bilan bog‘liq turli videolarni sahifalariga joylashmoqda. Ulardan birida namoyishchi «noma'lum askar» otgan rezina o‘qdan og‘ir jarohat olganini ko‘rish mumkin. Mahalliy politsiya ham bu maxsus kuchlarga qarshi bo‘lishga ulgurdi. Portlend politsiyasi hisob-kitobiga ko‘ra, shaharda 13 kishi zobitlar tomonidan qo‘lga olingan va so‘roqqa olib ketilgan.

Shanba kuni AQSh harbiy-dengiz kuchlarining 53 yoshli sobiq ofitseri ilk marta namoyishlarga qo‘shilib, federal kuchlar bilan gaplashishga uringanida rezina tayoq bilan kaltaklandi. Bu voqeadan keyin Portlendda namoyishchilar va federal zobitlar o‘rtasida chinakam jang boshlanib ketdi. Ular o‘rtasida hatto otishmalar ham bo‘lib o‘tgan. Shu vaqtgacha esa namoyishlar tinch ko‘rinishda o‘tayotgandi. 20 iyul kuni Portlend sudi binosi oldida minglab odamlar to‘planishdi. Ularning qo‘lida «Black lives matter» va «Federallar, yo‘qoling» yozuvli bannerlarni ko‘rish mumkin.

«Onalar devori»

200ga yaqin kishi «Onalar devori»ni tashkil etishdi. Aftidan shaharda namoyishlar yaqin orada tinmaydi Foto: Reuters

Namoyishlar vaqtida sodir bo‘lgan bir voqea ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. 18 iyul kuni tunda shlem kiyib olgan bir guruh ayollar bir-birlarining qo‘llarini ushlab namoyishchilar va federal kuchlar o‘rtasida turishdi. Ularning qo‘llarida «Federallar, yaqinlashmang, bu yerda onalar turibdi. Bolalarimizni tinch qo‘ying» deb yozilgan banner bor edi.

Oregon shtati gubernatori Keyt Braunning fikricha, federallarning ishi Trampga yoqish uchun qilinmoqda va AQSh prezidenti shu orqali saylov oldidan o‘z pozitsiyasini mustahkamlashni istamoqda. Oregonlik senator Jyeff Marklining aytishicha, namoyishchilarga qarshi yuzi yopiq askarlarni tashlash avtoritar davlatlarning ishidir.

Trampning askarlarni boshqa hududlarga ham yuborishi haqidagi gaplari shunchaki aytilmagandi. Oq uy administratsiyasi rahbari Mark Medouzning aytishicha, boshqa hududlarga ham federal qo‘shinlarni yuborish haqida reja tayyorlangan.

«Afsona» operatsiyasi

Tramp administratsiyasi hukumat binolari muhofazasi uchun federal qo‘shinlarni Portlendga tashlagan

Tramp «Afsona» operatsiyasi doirasida askarlarni boshqa hududlarga ham yuborishni boshladi. Tramp bu borada maxsus tashkil etilgan matbuot anjumanida e'lon qilar ekan, boshqa yo‘li qolmaganini ta'kidlagan. Matbuot anjumanida qatnashgan mamlakat bosh prokurori Uilyam Barrning aytishicha, Kanzas-Sitiga 200 nafar federal agentlar yuborilgan. Xuddi shuncha askar Chikagoga, shuningdek, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va shaxsi sir tutiluvchi 35 nafar askar Albukerkega yuborilgan. Hukumat bu ishlarga va namoyishlar to‘xtamayotgan shtatlarga politsiya sonini oshirishga 60 million dollar ajratadi.

Tramp demokrat rahbarlarni keskin qoraladi. «So‘nggi haftalarda radikallar tomonidan zo‘ravonlik va bizning politsiyani tarqatishga bo‘lgan urinishlarni ko‘rdik. Bu qonli qirg‘in to‘xtashi kerak va to‘xtatiladi ham», degan prezident.

Tramp bekorga «qonli qirg‘in» iborasini ishlatmadi. Kanzasda 4 yoshli chaqaloq yotgan joyida tashqaridan otilgan o‘q sabab vafot etgandi. Prezident bu voqeaga shunday munosabat bildirdi: «Hech bir ona nobud bo‘lgan bolasining jasadini qo‘liga olmasligi kerak. Bu bola mahalliy rahbarlar o‘z hududlarining xavfsizligi uchun qilishi kerak bo‘lgan ishni qilmagani sabab halok bo‘ldi».

Kanzasdagi zo‘ravonlikka qarshi kurash vafot etgan o‘sha bolakay (LeJyend Teliferro) nomi bilan atalmoqda. Bu haqda Tramp e'lon qilgandi. Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yil Kanzasda qotilliklar soni oshgan. Yil boshidan buyon 110 kishi o‘ldirilgan. Shuningdek, Chikagoda qotilliklar 34 foizga oshgan bo‘lsa, Albukerkeda jinoyatchilik darajasi normadagidan 3,7 baravar yuqori.

Mavzuga oid