Jahon | 20:48 / 24.07.2020
24211
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida qurbonlik jonivorlari uchun karantin qoidalari belgilandi

Saudiya Arabistonida qurbonlik uchun saralangan hayvonlar maxsus tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ular so‘yilgandan keyin tekshirilib, odamlarga tarqatiladi.

Foto: Reuters

Pandemiya sabab 2020 yil Qurbon hayiti uchun mo‘ljallangan jonivorlarning Saudiyaga keltirilishi va sog‘lig‘i yuzasidan yangi tartiblar joriy etildi. Bu haqda Gulfnews yozmoqda.

Manbada aytilishicha, qurbonlikka mo‘ljallangan hayvonlarning go‘shti egalariga yetkazilguncha olib kelinayotgan mamlakatning o‘zida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Saudiya Arabistoni davlat agentligi xabariga ko‘ra, qurbonlikka keltiriladigan jonivorlarning xavfsizligiga ishonch hosil qilish uchun qat'iy tibbiy qoidalar belgilab chiqildi.

Saudiya Arabistoni qurbonlik go‘shtidan foydalanish dasturiga ba'zi qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashining 6 a'zo mamlakati hayvonlarni Saudiya Arabistoniga keltirishdan oldin amaldagi veterenariya va karantin qoidalariga muvofiq tekshiruvdan o‘tkazishi majburiy qilib qo‘yildi. Agentlik xabariga ko‘ra, barcha qurbonlik hayvonlari muqaddas Makka shahridagi Saudiya Arabistoni atrof-muhit, qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi kuzatuvida bo‘ladi. Jonivorlar olib kelingan mamlakatidan Jidda portigacha maxsus karantin qafaslarida bo‘ladi va ruxsat berilgandan so‘ng Saudiyaga kiritiladi.

Shuningdek, bunday hayvonlar so‘yish uchun tozalanishidan oldin keng qamrovli tekshirish uchun saralanadi. Ularning sog‘lomligi va shariatning qurbonlik jonivorlari uchun qonunlariga mos ekanligini nazorat qilish uchun qushxonalarda ko‘rikdan o‘tkaziladi. Hayvonlar go‘shtini muzlatkichlarga joylashtirishdan oldin ularning ichki qismlari veterinarlar tomonidan tekshiruvdan o‘tkaziladi. Tayyor go‘shtlar imkoniyati cheklangan, nochor oilalarga tarqatiladi. Go‘shtlarni yuklash jarayonida uning xavfsizligi va gigiyena qoidalariga muvofiqligiga ishonch hosil qilish uchun muhim me'yorlar qabul qilingan.

Agentlik qurbonlik jonivorlarining xaridida hayvonlarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq qoidalarga beparvo bo‘lgan litsenziyasiz fermalardan jonliq sotib olmaslik uchun shoshilinch ogohlantirish berdi. Agentlikning ushbu loyihasi Saudiya Arabistoni tomonidan taklif qilingan qurbonlik xizmatlaridan foydalanish qulay bo‘lgan www.adahi.org veb saytini tavsiya qildi.

Qurbon hayiti davomida imkoniyati yetgan musulmonlar mol, tuya, qo‘y, echki kabi hayvonlarni qurbonlik qiladilar. Barcha musulmonlar bu farz Ibrohim alayhissalomdan qolganligi va u Allohning buyrug‘i bilan o‘z o‘g‘li Ismoilni qurbonlikka berganligini yodga oladilar. O‘shanda Ibrohim va Ismoil payg‘ambarlar muqaddas buyruqqa bo‘ysunadilar va shu uchun Alloh mukofot sifatida ularga qurbonlik uchun qo‘chqor yuboradi.

Qurbonlik qilish marosimi Qurbon hayitining 4 kuni davomida o‘tkaziladi. 2020 yilda Iyd al-Adha, ya'ni Qurbon hayiti 31 iyulga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Mavzuga oid