O‘zbekiston | 17:12 / 25.07.2020
9447
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zdavkarantin» eksport qiluvchilarga tranzit yo‘laklari bo‘yicha murojaat bilan chiqdi

 Bugun, 25 iyul kuni, AOKA binosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari Durdona Ochilova ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Foto: Shutterstock

Brifing davomida matbuot xizmati rahbari «O‘zdavkarantin» tomonidan pandemiya sharoitida ham mahalliy mahsulotlar eksportini amalga oshirish uchun yangi tashqi bozorlarga yo‘l ochishga harakatlar bo‘layotganini ta'kidlar ekan, eksportchilarga tashkilot murojaatini ham yo‘lladi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlar «O‘zdavkarantin» ko‘magi bilan Xitoy davlatiga nafaqat aviatransport balki Qirg‘iziston hamda Qozog‘iston davlatlari orqali avtotransport vositasida tranzit yo‘li bilan mahsulot tashishlari mumkin.

«Shuni alohida ta'kidlash kerakki, tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini Xitoy davlatiga nafaqat aviatransport, balki Qirg‘iziston hamda Qozog‘iston davlatlari orqali avtotransport vositasida tranzit yo‘li bilan tashishlari mumkin. Bu esa o‘z navbatida, yo‘l xarajatlar miqdorini kamayishiga ijobiy ta'sir qiladi. 

2018-2020 yillarning statistik ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilish uchun fitosanitar ruxsatlari olingan bo‘lishiga qaramasdan kunjut, yong‘oq, achchiq qalampir, qovun va anor mahsulotlari Xitoyga eksport qilinmaganligi ma'lum bo‘ldi. Shu boisdan, tadbirkorlarimizga murojaat qilamizki, xitoylik tadbirkorlar bilan shartnomalarni tuzib, yil oxirigacha eksportni amalga oshirishlari maqsadga muvofiq», – dedi Ochilova.  

Matbuot xizmati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, oxirgi yillarda Xitoy Xalq Respublikasi o‘simliklar karantini xizmati bilan olib borilgan amaliy ishlar natijasida, Xitoyga qovun eksport uchun 173ta dala va 11ta qadoqlash korxonasiga ruxsat olindi

Shuningdek, mosh eksportini amalga oshirishga ruxsat olingan qadoqlash korxonalari soni 3 taga oshirilib, ularning umumiy soni 43 taga yetkazildi. 

Bu borada yeryong‘oq eksportini amalga oshirishga ruxsat olingan qadoqlash korxonalari soni ham sezilarli darajada oshib, 20 taga yetkazilgan.

Mavzuga oid