O‘zbekiston | 12:12 / 27.07.2020
21096
8 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi kislorod konsentratorlari qonuniy sotib olinganmi? Moliya vazirligi izoh berdi

Koronavirus infeksiyasi yana avj olgach, COVID-19 kasalligiga yo‘liqqan ko‘plab insonlarda nafas yetishmovchiligi muammosi kuzatilmoqda. Shifoxonalar zudlik bilan pulsoksimetr, kislorod konsentratori kabi tibbiy anjomlar bilan jihozlanmoqda. ​

Foto: Buxoro viloyati xokimligi

Joriy yilning 23 iyulida Kurbanoff.net Telegram kanalida kislorod konsentratorining narxlari to‘g‘risidagi ma'lumot e'lon qilgan bo‘lib, unga ko‘ra davlat xaridlari bo‘yicha elektron do‘konda kislorod konsentratorining narxi 11 va 30 mln so‘m, olx.uz veb-saytida esa 7,7 mln so‘m ekanligi qayd etilgan.

Kanal muallifi birozdan so‘ng, olx.uz veb-saytida yuqorida ko‘rsatilgan narxda kislorod konsentratori ayni paytda mavjud emasligi va davlat xaridlari bo‘yicha ko‘rsatilgan narxlar tuzilgan bitimlarning narxlari emasligini ko‘rsatib o‘tganShuningdek, 30,0 mln.so‘m narxdagi kislorod konsentratorining davlat xaridi bugungi kunga qadar amalga oshirilmagan.

Moliya vazirligi davlat buyurtmachilari tomonidan kislorod konsentratori xaridi​ jarayoniga izoh berdi. ​

«Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talabiga ko‘ra, elektron do‘kon orqali bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan) oshmaydigan tovarlarbir davlat buyurtmachisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan oshmaydigan miqdordagi ishlar, xizmatlar xarid qilinishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, elektron do‘konda tovarlar (ishlar, xizmatlar) tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan joylashtirib boriladi va yuqorida qayd etilgan summalardan ortiq qiymatdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) joylashtirilishiga dastur tomonidan cheklovlar o‘rnatilgan.

«Bugungi kunda budjet buyurtmachilari 5,6 mln. so‘mgachakorporativ buyurtmachilar esa 55,8 mln. so‘mgacha bo‘lgan qiymatdagi tovarlarni, shuningdek, 5,6 mln. so‘mgacha bo‘lgan ishlar va xizmatlarni elektron do‘kon orqali xarid qilishlari mumkin», - deyiladi Moliya vazirligi izohida.​

Qonun hujjatlariga ko‘ra, maxsus axborot portali avtomatik rejimda, narxlar so‘rovi mexanizmini amalga oshirgan holda ofertani taklif etgan ishtirokchiga hamda elektron do‘konda o‘xshash tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) taklif etayotgan barcha ishtirokchilarga xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish to‘g‘risida takliflar yuborilishini ta'minlashga majbur. Ishtirokchilar tomonidan berilgan narx bo‘yicha takliflarni taqqoslash portal tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.

«Portal shartnomani buyurtmachi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasida bayon etilgan shartlarga muvofiq hamda ishtirokchilar tomonidan taklif etilgan eng past narxda shakllantiradi. Shu nuqtai nazardan, elektron do‘konda ishtirokchilar tovarlarni narxini oshirib kiritgan taqdirda ham savdo g‘olibi portal tomonidan narx so‘rovi mexanizmini amalga oshirgan holda avtomatik tarzda aniqlanishini inobatga olsak, shu turdagi tovar bo‘yicha eng maqbul (real) narx taklif qilgan ishtirokchi g‘olib deb topiladi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, narxlarni sun'iy tarzda oshirib ko‘rsatgan ishtirokchi g‘olib bo‘la olmaydi.

Misol uchun, pandemiya davrida elektron do‘kon orqali budjet buyurtmachisi tomonidan boshlang‘ich narxi 5,3 mln. so‘mlik kislorod konsentratori tanlangan, elektron savdo natijasida 5,0 mln. so‘mga (lot raqami 8551108) shartnoma tuzilgan.

Shuningdek, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida kislorod konsentratori 3,4 mln. so‘mdan 23,0 mln. so‘mgacha (QQS bilan) ekanligi, ularni modellari (qo‘shimcha funksiyalari mavjudligi) va ishlab chiqilgan mamlakatiga qarab narxlari har xilligi aniqlandi», - deya qo‘shimcha qilinadi izohda.​

Shu bilan birga, davlat buyurtmachilari xarid qilish tartib-taomillari turlarini tanlashda, xaridlarning boshlang‘ich narxlarini belgilashda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»​gi qonuni bilan belgilangan asosiy prinsiplarga qat'iy rioya etishlari hamda tovarni (ishni, xizmatni) sifati va narxi o‘rtasidagi maqbul nisbatni ta'minlash orqali xaridni amalga oshirishlari lozim.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatning 13-bandiga asosan epidemiyaga qarshi (shu jumladan veterinariyaga oid) preparatlar, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish uchun kimyoviy vositalar, shuningdek, favqulodda holatlarda vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadigan tabiat hodisalari, epidemiyalar, kasalliklar tarqalishining oldini olish yoki uning oqibatlarini bartaraf etish uchun boshqa zarur tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin.

«Mazkur qarorga asosan Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan kislorod konsentratori 10,1 mln.so‘mga 2020 yil 22 iyuldagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnoma asosida xarid qilingan», - deya ma'lumot bergan Moliya vazirligi.​

Maxsus axborot portalida (xarid.uz) davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar jamoatchilik uchun ochiqligi ta'minlangan. Davlat buyurtmachilari xaridlarni nafaqat elektron do‘kon xarid turi orqali, balki elektron auksion, tanlov (elektron tanlov), tender (elektron tender) va yagona yetkazib beruvchilardan davlat xaridlari turlari orqali amalga oshirishadi.

Ma'lum qilinishicha, Moliya vazirligi tomonidan davlat xaridlari sohasiga oid bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan choralar ko‘rilmoqda. Misol tariqasida, tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) xarid qilishning alohida tartibi belgilanadigan, strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning davlat xaridlari bo‘yicha e'lonlari maxsus axborot portaliga joylashtirishi shartligi, shuningdek, ustav fondida (kapitalida) strategik xaridorlarning ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarga Qonun talablari tatbiq etilishi belgilandi.

Shu bilan birga, «Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»​gi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali tanlov va tenderlarni elektron shaklda o‘tkazish tartibi ishlab chiqilgan.

Bunda davlat xaridlari tizimini yanada rivojlantirish va xarid jarayonlarida inson omilini maksimal darajada qisqartirish orqali korrupsiya alomatlarini oldini olish maqsadida joriy yilning may oyidan boshlab maxsus axborot portali operatorlarining etender.uzex.uz va tender.mf.uz platformalari orqali tanlov va tender savdolari elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlari amaliyotga joriy etildi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solingan. Ushbu Qonunda xarid qilish tartib-taomillarining turlari, mezonlari va asosiy prinsiplari belgilangan. Moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi, ochiqlik va shaffoflik, tortishuv va xolislik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik davlat xaridlarining asosiy prinsiplari jumlasidandir.

«Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasida xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari belgilangan bo‘lib, bugungi kunda barcha raqobatli xaridlar elektron tarzda (inson omili aralashuvisiz) amalga oshirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.​

Mavzuga oid