O‘zbekiston | 17:26 / 27.07.2020
18341
7 daqiqa o‘qiladi

Sud tizimida yangi tamoyil va boshqa o‘zgarishlar - Oliy sud raisi o‘rinbosari bilan suhbat

O‘tgan haftada prezident sud tizimi faoliyatiga doir yangi farmonni imzoladi. Unda tizimni takomillashtirish, odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir nechta tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Shu munosabat bilan Oliy sud raisi o‘rinbosari Baxtiyor Isoqovga qator savollar bilan murojaat qildik.

– «Bir sud – bir instansiya» tamoyilini qanday tushunish kerak?

Haqiqatdan ham, farmonda fuqarolar va yuridik shaxslarga qulaylik yaratish va ular ovoragarchiligining oldini olish maqsadida 2021 yil 1 yanvardan boshlab sud tizimiga «bir sud – bir instansiya» tamoyilini joriy etish va shu bilan bog‘liq sud tizimida bir qator tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish belgilandi.

Shuningdek, sudlarda ishni ko‘rib chiqish bosqichlari yanada soddalashtirish orqali samarali sud tizimni yaratish ko‘rsatib o‘tildi. Xususan:

  • sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatish;
  • tuman sudlarining qarorlarini viloyat sudlari tomonidan, viloyat sudlarining birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oliy sudning sudlov hay'atlari tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish;
  • apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini Oliy sud sudlov hay'atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish;
  • Oliy sud sudlov hay'atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini Oliy sudi raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlarining protestiga ko‘ra kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish tartibi joriy etiladi.

– Ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda, samarali ma'muriy odil sudlov tizimini yaratish ham belgilangan. Xorijiy tajriba, xalqaro standartlar deganda nimalar nazarda tutilgan? Qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda?

Bugungi kunga qadar ma'muriy sudlarimiz ma'muriy-huquqbuzarlikka doir ishlarni ko‘rib chiqayotgan edi. Endilikda, mazkur farmon bilan ma'muriy huquqbuzarlikka doir ishlar jinoiy ishlar bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Viloyat ma'muriy sudlari va viloyat markazida joylashadigan tumanlararo ma'muriy sudlarda ma'muriy ishlar va ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar ko‘rib chiqiladi, xolos. Jahon amaliyotini o‘rganganimizda ham shunga guvoh bo‘ldikki, ma'muriy sudlar ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar, mansabdor shaxslarning xatti-harakati va ular chiqargan qarorlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.

Tumanlardagi ma'muriy sudlar tugatilib, uning shtat birliklari tumanlardagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi. Viloyatlarda tashkil etiladigan tumanlararo ma'muriy sudlarning shtat birliklari har bir viloyatning aholisi, ko‘riladigan ish hajmidan kelib chiqqan holda belgilab berilgan.

– Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha alohida sudlov tarkibi tuziladigan bo‘ldi. Bu narsa xorijiy investorlarning O‘zbekiston sud tizimiga bo‘lgan ishonchini qanchalik oqlaydi yoki kafolatlaydi?

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga maqsadga oshirilmoqda. Buning uchun respublikada jozibador investitsion muhitni yaratish va iqtisodiyotimizga ko‘plab sarmoya jalb qilish, investorlar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmini yaratish alohida ahamiyat kasb etadi.

Amaldagi protsessual qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra, investitsion nizolar fuqarolik, ham ma'muriy, ham iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rilmoqda. Bu esa o‘z navbatida investitsion nizolarni hal etishda yagona sud amaliyotini shakllashtirishni qiyinlashtirmoqda.

Shu maqsadda farmon bilan Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sudlov tarkibini tuzish belgilandi. Bunda, Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada 20 mln AQSh dollariga teng miqdordan kam bo‘lmagan summada investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar va davlat idoralari o‘rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobat bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal etish vakolati berilmoqda.

Ushbu nizolar bo‘yicha investor o‘z xohishiga ko‘ra, bevosita sudlov tarkibiga yoki viloyatlar iqtisodiy sudlariga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. E'tiborlisi, Oliy sud sudlov tarkibi ham birinchi instansiya sifatida ishni ko‘rib chiqishi mumkin.

Albatta, mamlakatimizga sarmoya kiritmoqchi bo‘layotgan xorijlik investorlar ham bu yerda qonun ijrosi qandayligi, iqtisodiy nizolar qanday yechilishiga qiziqib ko‘rishlari tabiiy. Qolaversa, bunday nizolarning miqdori ko‘p bo‘lgani bois, ular sifatli ko‘rilishi kerak. Shuning uchun ham birinchi instansiya sifatida viloyat sudlari va Oliy sud sudlov hay'ati belgilangani ham investorlarning manfaatlari qonun yo‘li bilan himoya qilinishini anglatadi.

– Sud tizimida ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqish amaliyotiga barham berilmoqda. Aksincha, buning o‘rniga kassatsiya instansiyasida takroran ko‘rilishi belgilanmoqda. Bu amaliyot fuqarolarda kassatsiya tartibida ish ko‘rish bosqichiga ishonchsizlik keltirib chiqarmaydimi? Yoki yordam beradimi, qanday amalga oshiriladi bu?

Yuqorida aytdik, birinchi instansiya faqat birinchi instansiya sifatida ishni ko‘rib chiqadi. Avvallari viloyat sudi ayrim ishlarni birinchi instansiya sifatida ham ko‘rib, uning ustidan kelib tushayotgan shikoyatlarni apellyatsiya va kassatsiya instansiyasida ham ko‘rar edi. Endi bunday bo‘lmaydi. Tuman sudi ko‘rgan masalani viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida, viloyat sudi birinchi instansiya sifatida ko‘rgan arizani Oliy sud sudlov tarkibi apellyatsiya instansiyasi sifatida ko‘radi.

Mavzuga oid