Light | 22:51 / 29.07.2020
24663
4 daqiqa o‘qiladi

Qahraton odamlari - eskimoslarning yashash tarzi, qorli uylari va mashg‘ulotlari haqida

Eskimoslar – shimoliy o‘lkalarda yashovchi, tashqi olam bilan aloqalari juda sust bo‘lgan, hech kimnikiga o‘xshamaydigan hayot tarzi va odatlariga ega kam sonli millat.

Eskimoslar Grenlandiya oroli, Kanadaning Nunavut hududi, Alyaska oroli va Chukotka yarimorolida istiqomat qilishadi.

Eskimos so‘zi hindu tilidagi «eskimansig» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «xom baliq iste'mol qiluvchi odam» degan ma'noni ifodalaydi. Bu millat vakillari eskaleut tilining turli dialektlarida so‘zlashadi. Jami vakillari soni 170 ming kishi atrofida.

Eskimoslar bir necha oiladan iborat jamoalarga birlashgan holda yashashadi. Asosan umumiy ov qurollaridan foydalanishadi va birga ov qilishadi. O‘lja ham o‘rtada taqsimlanadi, ovda jonbozlik ko‘rsatgan ovchining oilasi nisbatan ko‘proq ulushga ega bo‘ladi.

Ular hech qanday boshqaruv shakllariga ega emas, barcha masalalar o‘zaro maslahat asosida hal qilinadi.

Ularning yashash joyi o‘ta sovuq o‘lkalar bo‘lgani bois eskimoslar tabiat sharoitlariga moslashgan holda jon saqlashga harakat qilishadi.

Jamoada erkaklar birgalikda ov qilish va baliq tutish bilan, ayollar esa olib kelingan go‘shtni tayyorlash, kiyim tikish, bolalarni tarbiyalash bilan shug‘ullanishadi.

Eskimoslarning turar joyi ham odmi va o‘ziga xos. Grenlandiya eskimoslari havo harorati nisbatan iliq mavsumda bug‘u terisini tortib tayyorlangan chaylasimon uylarda, qishda esa qorni presslab tayyorlanadigan xona – igluda turishadi.

Chukotka, Daniya eskimoslari esa yog‘och, tosh, loydan ham boshpana yasashadi. Diametri o‘rtacha 3-4 metrni tashkil qiladigan uy qismlarga bo‘linadi, har bir qismda bitta oila – o‘rtacha 10-11 kishi istiqomat qiladi.

Boshpanada yotoqdan tashqari hech qanday jihoz yo‘q. Qahraton mavsumida bir igludan ikkinchiga o‘tish uchun ular orasida tonnellar quriladi.

Ayollar ham, erkaklar ham deyarli bir xilda kiyinishadi – bug‘u terisidan qilingan, bo‘rsiq juni bilan ishlov berilgan qalin po‘stin. Po‘stinga turli geometrik shakllar bilan naqsh ham solinadi.

Eskimoslarning ro‘zg‘or buyumlari ham uncha ko‘p emas – chodir, chana, qayiq, it uchun bo‘yinbog‘, idish-tovoq, tikish anjomlari. Ular uzog‘i bilan bir yil muddatga oziq-ovqat g‘amlashadi.

Bu sovuq o‘lkalarda urbanizatsiya kuzatila boshlanganda eskimoslar baliq mahsulotlarini qayta ishlovchi zavodlar uchun yollanma ishchi sifatida baliq tutish bilan shug‘ullana boshlashgan.

Eskimoslarning taomnomasi ham asosan shimoliy o‘lka jonivorlari – oq ayiq, tyulen, bug‘u, morj go‘shtidan iborat. Qizig‘i, ular go‘shtni xomlayin iste'mol qilishadi.

Butun atrof doimo sovuq bo‘lgani uchun ularda dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkoni yo‘q. Yog‘li go‘shtning ratsionda ko‘pligi ularga qahraton sharoitida yashashga imkon beradi. Tibbiy o‘rganishlarga ko‘ra, eskimoslarda o‘simliklar oqsili va vitaminlar yetishmovchiligi kuzatiladi.

Yevropoid kishilar bilan qo‘shnichilik natijasida eskimoslar orasida qisman nasroniylik tarqalgan bo‘lsa-da, aksariyatining diniy qarashlari shomonlik bilan bog‘liq.

Mavzuga oid