Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi. AQSh kompaniyasining kapitallashuvi aksiyalari narxi oshishi ortida 1,77 trln dollarga yetgan. Kompaniya bu ko‘rsatkich bo‘yicha Saudiya Arabistonining bungacha dunyoning eng qimmat kompaniyasi bo‘lib kelayotgan Saudi Aramco neft kompaniyasidan o‘zib ketdi.
Oxirgi birja savdolari ma'lumotlariga ko‘ra, Apple aksiyalari narxi 6,51 foizga oshib, bir donasi uchun 409,81 dollarga yetgan. Bu narxdan kelib chiqilsa, kompaniya kapitallashuvi 1,77 trln dollarni tashkil qilmoqda. Saudi Aramco’ning ayni vaqtdagi kapitallashuvi esa taxminan 1,76 trln dollarni tashkil qilmoqda.
Saudiya Arabistoni kompaniyasi 2019 yil dekabrda IPO o‘tkazgandan keyin deyarli 2 trln dollarga baholanayotgandi. O‘shanda Apple’ning bozor narxi 1,2 trln dollarga baholangan. Buning natijasida Saudi Aramco dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylanib, Apple’ni 2-o‘ringa tushirib yuborgandi. 31 iyulda esa AQSh kompaniyasi kapitallashuvi bo‘yicha birinchi marta arab kompaniyasidan o‘zib ketdi.
31 iyulga o‘tar kechasi Apple boshqa bir qator texnologik kompaniyalar bilan birga 2019-2020 moliyaviy yilning 3-choragi bo‘yicha moliyaviy hisobotni taqdim qildi. Unga ko‘ra, kompaniyaning aprel-iyundagi sof daromadi 2019 yilning shu davridagiga nisbatan 18 foizga oshib, 16,3 mlrd dollarga yetgan, tushumi esa 11 foizga oshib, 59,7 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Apple 1976 yilda tashkil etilgan bo‘lib, planshetlar, kompyuterlar, audiopleyerlar, telefonlar, “aqlli” soatlar va dasturiy ta'minot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Saudi Aramco Saudiya Arabistonining milliy neft kompaniyasi bo‘lib, 1933 yilda tashkil etilgan. Kompaniya podshohlikdagi deyarli butun neft sohasini nazorat qiladi.
Mavzuga oid
00:31
Apple o‘zining onlayn do‘konidan mustaqil OAV ilovalarini o‘chirib tashlayotganiga izoh berdi
00:31 / 18.12.2024
Kongo Appleʼni noqonuniy qazib olinayotgan minerallardan foydalanishda aybladi
20:50 / 16.12.2024
Apple yupqa iPhone va buklama qurilmalarni chiqaradi – OAV
19:56 / 13.12.2024