O‘zbekiston | 07:47 / 31.07.2020
59554
3 daqiqa o‘qiladi

Birja savdolarida sement mahsuloti narxi tushib bormoqda

Joriy yilning iyul oyi davomida 16 ta ishlab chiqaruvchi tomonidan birja savdolarida jami 853,7 ming tonna sement sotilgan. Ushbu ko‘rsatkich iyun oyida 770,7 ming tonnani tashkil qilgan (iyul oyida 83 ming tonna ko‘proq).

Mahsulotga mavsumiy talabning yuqoriligini inobatga olib, iyul oyida birja savdolariga kunlik qo‘yilish hajmi o‘rtacha 42 ming tonnaga yetkazildi. Ushbu ko‘rsatkich iyun oyida 32–33 ming tonnani tashkil qilgan edi.

O‘z navbatida ichki bozorda sementga bo‘lgan talabni qondirish va narx barqarorligini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020 yil 23 iyuldagi «Tsement importi tartibini soddalashtirish hamda ichki bozorni sifatli sement bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 450-sonli qarori qabul qilindi.

Natijada 21 iyuldan boshlab (eng yuqori narx 20 iyul kuni kuzatilib, 891,4 so‘m bo‘lgan) sementning o‘rtacha narxi faqat tushib bordi va 29 iyul kuni 761,8 so‘mni tashkil qildi — 15 foizga pasayish.

Joriy yilning iyul oyi davomida sotilgan mahsulotning 96,4 foizi «Qizilqumsement» AJ, «Ohangaronsement» AJ, «Bekobodsement» AJ, «Quvasoysement» AJ, «Olmaliq KMK» AJning Jizzax va Sherobod zavodlari ulushiga to‘g‘ri keladi.

Tsement markalari bo‘yicha esa eng ko‘p sotilish hajmi «Olmaliq KMK» AJning Ps II A-K (P-I) 32,5H markasida kuzatilgan bo‘lib, iyul oyida 275,9 ming tonna sotilgan.

Iyul oyida sement bo‘yicha birja savdolari xaridorlar va hududlar kesimida o‘rganilganida Samarqand viloyatida joylashgan tashkilotlar xarid qilish bo‘yicha peshqadam bo‘lib, mazkur viloyatning 301 ta tashkiloti tomonidan jami 118,3 ming tonna mahsulot xarid qilingan. Ushbu hajm birjadagi umumiy sement bozorining 14 foiziga teng.

Respublikaning barcha shahar va tumanlaridan iyul oyida jami 3 509 ta tashkilot sement xarid qilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich iyun oyida 2 559 tani tashkil qilgan (nisbatan +950).

O‘z navbatida tumanlar (shaharlar) kesimida yetakchilikni viloyat markazlari egallagan. Xususan Samarqand shahri 57,8 ming tonna, Namangan shahri 38,5 ming tonna va Navoiy shahri 31,0 ming tonna.

Mavzuga oid