O‘zbekiston | 22:36 / 03.08.2020
8631
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Xorazmda onlayn auksion g‘olibiga u yutib olgan bino to‘liq topshirildi

Shu yil 1 avgust kuni Kun.uz saytida «Xorazmda ham fuqaro o‘z mulkiga egalik qila olmayapti. Onlayn auksion g‘oliblari nega yillab sarson bo‘lmoqda?» nomli maqola e'lon qilingandi.

Unda xivalik fuqaro Ergash Quliyevning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida onlayn auksion orqali sotib olgan binosiga 1 yildan buyon egalik qila olmay kelayotgani haqida so‘z yuritilgan edi.

Shuningdek, maqolada binoni sobiq egalarining noqonuniy egaligidan chiqarib, yangi egasiga topshirishda MIB Xorazm viloyat boshqarmasi va Xiva shahar bo‘limi xodimlari tomonidan sansalorlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilingandi.

Ushbu maqola e'lon qilingandan so‘ng, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latov tahririyat bilan bog‘lanib, holat nazoratga olingani va tez fursatlarda bino auksion g‘olibiga belgilangan topshirilib, ijro harakatlari nihoyasiga yetkazilishini ma'lum qildi.

F.Toshpo‘latovga ko‘ra, MIB Xiva shahar bo‘limi xodimlari tomonidan 2020 yil 23 iyunda tamomlangan ijro ishi Byuroning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan qayta tiklangan va shunga asosan, shu yilning 3 avgust kuni davlat ijrochilari tomonidan qayta ijro harakatlari tayinlangan.

Olib borilgan ijro harakatlari natijasida bino fuqaro E.Quliyevga tilxat asosida topshirilib, sud hujjatining ijrosi amalda to‘liq ta'minlangan.

Qariyb bir yillik sarson-sargardonliklari barham topgan fuqaro E.Kuliyev muammoning ijobiy hal bo‘lishiga hissa qo‘shgan Kun.uz sayti tahririyati va Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Mavzuga oid