Jamiyat | 12:57 / 03.08.2020
18607
2 daqiqa o‘qiladi

«Temir daftar» ma'lumotlari elektron bazaga kiritilyapti – vazirlik

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda «temir daftar» ga kiritilgan muhtoj oilalar haqidagi ma'lumotlar tuman va viloyat sektor rahbarlari tomonidan har kuni elektron bazaga kiritib borilayotganini ma'lum qildi.

«Prezidentning joriy yil 24 aprel kuni karantin davrida aholi bandligini ta'minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshirig‘i asosida har bir sektor rahbari tomonidan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash daftari – «temir daftar» yuritilishi yo‘lga qo‘yildi. Bunda mas'ul xodimlar (tuman, viloyat sektor rahbarlari) o‘zining kunlik amalga oshirgan ishlari yuzasidan «temir daftar»idagi ma'lumotlarni saxovat.argos.uz saytiga raqamli imzo kaliti orqali elektron shaklda kiritib boradi.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, «temir daftar» - bu karantin sharoitida ishsiz, daromadsiz qolgan ehtiyojmand, yordamga muhtoj oilalarning mahallada shakllantirilgan shaffof ro‘yxatidir. Mazkur ro‘yxatga kiritilgan aholiga doimiy ravishda zarur yordamlar ko‘rsatiladi. Kambag‘al aholi qatlamini ehtiyojmandlikdan chiqarish uchun mazkur oilalarga moddiy va ijtimoiy ko‘mak beriladi.

«Temir daftar» aholini kambag‘allikdan chiqarish, buning uchun ular bilan manzilli va maqsadli ish olib borish yo‘lida muhim manbadir. Uni yuritishdan asosiy maqsad ehtiyojmand oilalar 7 toifasi, ya'ni 1) kam ta'minlangan, 2) nogironligi bo‘lgan, 3) ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, 4) yakka-yolg‘iz keksalar, 5) doimiy ishsiz fuqarolar, 6) karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar, 7) og‘ir epidemiologik hududlardan qaytarib kelingan fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarishdir.

Mavzuga oid