Jahon | 23:19 / 04.08.2020
15990
2 daqiqa o‘qiladi

Bayrutdagi portlashdan so‘ng dollar kursi pasayib, neft narxi oshdi

Dollar indeksi 93,4 punktgacha tushdi. Portlashdan avval ko‘rsatkich 93,58 punktni tashkil etayotgandi.

Foto: REUTERS / Mohamed Azakir

Bayrutdagi portlash va Isroilning bu portlashga aloqasi yo‘qligi to‘g‘risidagi bayonotidan so‘ng dollarning jahondagi asosiy valutalarga nisbatan kursi pasaydi.

Dollar indeksi (dollarning AQShning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan olti mamlakat valutalariga nisbatan kursi) 0,15 foizga, 93,4 punktgacha tushdi. Portlashdan avval ko‘rsatkich 93,58 punktni tashkil etayotgandi. Yevroning dollarga nisbatan kursi bir yevro uchun 1,1783 dollargacha oshdi, portlashgacha bu ko‘rsatkich 1,1755 dollarga teng edi. 

Shuningdek, neft narxi ham ko‘tarildi.

Brent rusumidagi neftning oktabr fyuchersi narxi 0,68 foizga o‘sib, bir barreli uchun 44,45 dollarga teng bo‘ldi. WTI rusumidagi neftning sentabr fyuchersi 1,68 foizga – bir barreli uchun 41,71 dollargacha qimmatladi. 

4 avgust kuni Livan poytaxti Bayrutdagi port yaqinida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Mahalliy nashrlar xarobalar ostida odamlar qolib ketgani, kamida 10 kishi halok bo‘lgani haqida yozmoqda.

Livan axborot agentligi portlash pirotexnika omborida yuz bergani haqida xabar berdi, ammo keyinroq mamlakat umumiy xavfsizlik xizmati boshlig‘i Abbos Ibrohim bu xabarni rad etdi.

Isroil Livan poytaxtidagi hodisaga aloqador emasligini bildirdi.

Portlashni «Hizbulloh» sodir etgani gumon qilinmoqda, tashkilot bu ayblovni qat'iy rad etmoqda.

Mavzuga oid