O‘zbekiston | 15:42 / 04.08.2020
25159
2 daqiqa o‘qiladi

Yurak kasalligi bo‘lganlar Covid-19’ga chalinganda nimalarga e'tibor berishi kerak? Mutaxassis tavsiyalari

Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi kardioxirurgiya bo‘limi mudiri Abdusalom Abdurahmonov yurak-qon tomir kasalliklari mavjud bo‘lgan bemorlar Covid-19’da nimalarga e'tibor qaratishi kerakligi haqida ma'lumot berdi.

«Koronavirus infeksiyasi qon tomirlarining ichki qavatini shikastlaydi. Shuning uchun bu infeksiyada xavf guruhiga yurak-qon tomir xastaliklari – yurak ishemik xastaligi, qandli diabet, gipertoniya, metabolik sindromi bo‘lganlar kiradi. Chunki ularda avvaldan qon tomirlarda o‘zgarishlar bo‘ladi, koronavirus ta'sirida bu chuqurlashishi va xavfli asoratlarga olib kelishi mumkin. Ularda pnevmonit ham og‘ir kechadi.

Bu bemorlarda koronavirus kuzatilganda darhol shifoxonaga yotqizish tavsiya etiladi. Chunki kasallik to‘satdan avj olib, xavfli asoratlarni chaqirishi mumkin», dedi mutaxassis «Tez yordam» ko‘rsatuvida.

Kardiolog yurak kasalliklari bo‘lgan bemorlar Covid-19’da qabul qilishi kerak bo‘lgan dorilar guruhini sanab o‘tdi.

«Yurak kasalliklari bo‘lgan bemorlar koronavirus muolajalarini qabul qilish bilan birga kardiologik dorilarini ichishda ham davom etishlari kerak.

Yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lgan bemorlarni Covid-19’dan davolashda antikoagulyant va antiagregant dorilar qo‘llanishi kerak. Anitkoagulyantlar vena tomirlaridan tromblar hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi, ular bemorning vazniga qarab belgilanadi.

Antiagregantlar odatda Covid-19’da ishlatilmaydi, faqatgina yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lgan bemorlarga buyurilishi kerak. Antiagregantlar arterial qon tomirlarida trombotsitlarning yopishishini kamaytiruvchi ta'sir ko‘rsatadi», dedi u.

 

Mavzuga oid