Jahon | 13:34 / 05.08.2020
80018
14 daqiqa o‘qiladi

Bayrutdagi dahshatli portlash: behisob qurbonlar va kelajak qarshisidagi xavotirlar

Livan poytaxti Bayrut shahrida 4 avgust kuni ro‘y bergan ikki portlash oqibatida 100dan oshiq kishi halok bo‘lgan, 4 mingdan ortiq kishi jarohatlangan, shahardagi bir necha kvartal butunlay vayron bo‘lgan. Hukumat bergan bayonotga ko‘ra, shaharning port hududida saqlangan nitrat ammoniyning (ammiak selitrasi) katta partiyasi portlagan, bu moddalar ko‘p vaqtdan buyon tegishli xavfsizlik choralari ko‘rilmagan holda saqlangan.

Foto: AP Photo/Hussein Malla

Qutqaruvchilar taqdiri noma'lum bo‘lib qolayotgan yuzdan ortiq kishini qidirishda davom etmoqda. Portning ayrim xodimlari portlash natijasida dengizga uloqib ketgan.

Bayrutda ikki haftalik favqulodda holat joriy etilishi kutilmoqda. Daily Star nashri xabariga ko‘ra, mudofaa oliy kengashi favqulodda vaziyat vaqtida xavfsizlik bo‘yicha javobgarlikni armiyaga topshirishga chaqirgan.

Hukumatning bir necha yil davomida mas'uliyatsiz bo‘lgani va harakatsizlik qilgani portlashga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

«Bu beparvolik», - deya o‘z manbasi so‘zlarini keltirmoqda Reuters. Agentlik bir necha qo‘mita va sudyalar 2750 tonna miqdoridagi selitradan iborat yukni saqlashdagi muammolarni ko‘rib chiqishini qayd etgan. Manbada aytilishicha, pirotexnika saqlanadigan omborda boshlangan yong‘in selitra saqlanayotgan omborga o‘tgan.

Portlash oziq-ovqat inqirozini yuzaga keltirishi mumkin - Livan zarur mahsulotlarning aksar qismini import qiladi, bug‘doy zaxirasining katta qismi portdagi omborxonalarda saqlangan. Livan iqtisodiyot vaziri portdagi omborxonalarda qolgan bug‘doy iste'mol uchun yaroqsiz holga kelganini ma'lum qilgan, shuningdek, vazirlikning omborxonalardagi xodimlari portlash vaqtida halok bo‘lgan.

Hodisadan keyin ko‘p sonli guvohlar ijtimoiy tarmoqda portlash videolarini tarqata boshladi, kadrlarda port hududida avvaliga quyuq tutun ustuni hosil bo‘lgani, keyin kuchli portlash ro‘y berib, havoda qo‘ziqorin shaklidagi bulutlar ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. Portlash to‘lqini ko‘plab binolarga jiddiy shikast yetkazdi, port atrofidagi bir necha kilometrlik hududda joylashgan binolar vayron bo‘ldi, avtomobillar har tomonga uloqib ketgan.

Mahalliy nashrlarning ma'lumotlariga ko‘ra, qurbonlar soni o‘sishi mumkin, vayronalar ostida qolib ketgan odamlarni qidirish ishlari olib borilmoqda.

Voqea joyida bo‘lib turgan BBC muxbiri Bayrut porti jiddiy shikastlangani, yaqin orada uning faoliyati tiklanmasligi haqida xabar bergan. Bu amalda barcha zarur mahsulotlarni import qiluvchi mamlakat uchun jiddiy zarba bo‘ladi.

«Atrofda joylashgan barcha binolar vayron bo‘lgan. Men oyna siniqlari ustidan va tutunlar orasida yurib bordim», degan guvohlardan biri «Frans press» agentligiga.

Ofat hududi

Portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, uning ovozi O‘rta yer dengizida joylashgan, Bayrutdan 240 kilometr uzoqlikda joylashgan Kiprda ham eshitilgan.

Livandagi Qizil Xoch jamiyati Bayrutdagi shifoxonalar jarohatlanganlar bilan to‘lib-toshgani haqida xabar bergan.

Livan prezidenti Mishel Aun mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilgan, shuningdek hukumat tomonidan halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun 100 mlrd lira (66 mln dollar) ajratilishini va'da qilgan. Bayrut ofat hududi deb e'lon qilindi, hukumat bu holatda xavfsizlikni ta'minlash uchun armiyadan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi portlash to‘lqini oqibatida ushbu mamlakatdagi elchixonasi shikastlangani va konsul yengil jarohat olganini ma'lum qilgan.

Shuningdek, TASS agentligi xabariga ko‘ra, portlash Rossiyaning Bayrutdagi elchixonasiga ham ta'sir ko‘rsatgan, bir xodim jarohat olgan.

BMT portlash oqibatida tashkilotning Livandagi tinchlikparvar missiyalarini bajaruvchi harbiy kemasi shikastlangani, bir necha harbiy xizmatchi jarohat olgani haqida ma'lum qilgan. Jarohatlanganlar orasida Germaniya elchixonasi xodimlari ham bor.

Aunning ma'lum qilishicha, portda 2014 yildan buyon 2750 tonna miqdoridagi nitrat ammoniy saqlanib kelingan (avvalroq, bu selitra musodara qilingan mahsulot ekani aytilgan edi). U aybdorlarni aniqlab, jazolashga chaqirdi. Mamlakat bosh vaziri Hasan Diab ham portlash xavfi bo‘lgan modda musodara qilingan bo‘lgani va 6 yil davomida tegishli xavfsizlik choralari ko‘rilmagan holda saqlanganini tasdiqladi.

AP Photo/Bilal Hussein

Nitrat ammoniy nima?
Nitrat ammoniy - ammiak selitra nomi bilan mashhur bo‘lgan modda bo‘lib, undan, odatda o‘g‘it va portlovchi moddalar tarkibiy qismi sifatida foydalaniladi.

U ochiq olov bilan aloqaga kirishganida juda kuchli portlash hosil qiladi. Ammiak selitra portlashidan keyin atmosferaga toksik gazlar, xususan, azot oksidi va ammiak bug‘laridan iborat zaharli gazlar tarqalishi mumkin. 

Bu moddalar juda xavfli bo‘lgani tufayli uni saqlashda qat'iy talablarga rioya etish kerak bo‘ladi. Shulardan biri - nitrat ammoniy saqlanadigan binoda yong‘in xavfsizligi ta'minlangan bo‘lishidir, bu binoga qandaydir quvurlar ulanmagan bo‘lishi, unda portlovchi moddalar to‘planishi mumkin bo‘lgan teshiklar yoki boshqa qandaydir kanallar bo‘lmasligi kerak.

Ekspertlar portlash vaqtida portda qizil rangli tutun hosil bo‘lganiga asoslanib, u yerda aynan ammiak selitrasi portlagani haqida xulosa berishgan.

OAV versiyalari

AP Photo/Bilal Hussein

Livandagi LBC International telekanali o‘z manbasiga asoslangan holda, mamlakat xavfsizlik kengashi yig‘ilishi vaqtida prezident Aun hodisa sababi bo‘yicha e'lon qilgan versiyani keltirgan. Unga ko‘ra, portda payvandlash ishlari olib borilayotgan vaqtda pirotexnika vositalari alangalangan, shundan so‘ng olov nitrat ammoniyga yetib borgan. Hozircha bu ma'lumot rasman tasdiqlangani yo‘q.

Bundan tashqari, TASS agentligi o‘z manbasiga asoslanib xabar berishicha, portlagan selitra Bayrutga Afrikaga xavfli portlovchi yuklar tashigan Moldovaning Rhosus kemasida kelib qolgan, kema 2014 yilda Livan hukumati tomonidan yuk tashish qoidalari buzilishi tufayli to‘xtatilgan.

TASS ma'lumotiga ko‘ra, kema ekipaji ukrainlar bo‘lgan, ammo 2014 yil martida «Interfaks» agentligi Livanda Moldovaning Rhosus nomli yuk kemasi qo‘lga olingani, unda nitrat ammoniy tashilgani, bortda esa rossiyalik dengizchilar bo‘lgani haqida xabar bergandi. O‘shanda ular portda oziq-ovqatsiz qolib ketganidan shikoyat qilishgandi.

LBC International telekanali Livan oliy mudofaa kengashiga asoslanib xabar qilishicha, Bayrut portida 2014 yilda «Rosus» kemasidan musodara qilingan 2750 tonna ammiak selitra portlagani haqida xabar tarqatgan.

«Rosus» Bayrutda 2750 tonna ammiak selitrasi bilan qo‘lga olingani haqida avvalroq shiparrested.com (.pdf) sayti xabar qilgandi. «Rosus» o‘sha vaqtda xabarovsklik tadbirkor Igor Grechushkinga tegishli bo‘lgan.

2013 yilda «Rosus» kemasi Moldaviya bayrog‘i ostida Gruziyaning Batumi portidan chiqib, Mozambikka yo‘l olgan, kema yo‘lda texnik nosozlik tufayli Bayrutdagi portga kirishga majbur bo‘lgan. Livan hukumati kemaga dengizga chiqishga ruxsat bermagan. Ekipajning katta qismi qo‘yib yuborilgan, bortda to‘rt dengizchi qolgan, ular faqat bir yil o‘tib Bayrutdan keta olishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Igor Grechushkin «kemani o‘z holiga tashlab qo‘ygan».

Ammiak selitrani saqlash tavakkalchiligi tufayli «Rosus» portdagi omborlardan biriga joylashtirilgan. MarineTraffic xizmati ma'lumotiga ko‘ra, kemaning joylashuvi so‘nggi marta 2014 yilda qayd etilgan — u hozirgi portlash ro‘y bergan hududda turgan.

Guvohlar nima deydi
Xadi Nasrulloh, BBC uchun intervyu bergan guvoh:

Men olovni ko‘rdim, ammo hali portlash ro‘y bermagandi. Biz ichkariga kirdik. To‘satdan qulog‘im hech narsani eshitmay qoldi, chunki biz juda yaqin hududda edik. Yana nimadir ro‘y bergani aniq edi.

To‘satdan yaqinimizda turgan mashinalarning oynalari to‘kilib tushdi. Ko‘chadagi boshqa mashinalarning ham, do‘konlar va uylarning ham. Shunchaki hammayoqda deraza shishalari uchayotgandi.

Bayrutda hamma o‘z yaqinlariga qo‘ng‘iroq qila boshladi - hammayoqda bir xil holat edi: derazalar singan, binolar titrab ketgan. Portlash juda kuchli bo‘lgan.

Biz dahshat ichida qolgandik, chunki odatda portlash faqat bir hududda sezilardi. Bu safar esa butun shahar, balki shahar tashqarisida ham sezildi.

Sunniva Rouz, jurnalist:

Biz Bayrutga mashinada kech tushmasdan kelgandik. Shahar hali qorong‘i emasdi, hammayoqda tartibsizlik, xaos hukmron edi. Ko‘chalar singan oynalar bilan to‘lgan. Tez yordam mashinalari bu ko‘chalarda harakatlanishga qiynalar - hammayoqda g‘isht parchalari, beton bo‘laklari to‘lib ketgandi. Butun uylar qulagandi.

Biz port hududiga yaqinlashganimizda, u yerni harbiylar o‘rab olgan ekan. Ular uzoqroq turishni, yana portlash ro‘y berishi mumkinligini aytishdi.

Qorong‘i tushgancha port ustini quyuq tutun qoplab turdi. Butun shahar qora edi. Ko‘chalardan yurib o‘tish juda qiyin edi: bizni qonga belangan odamlar kutib olardi. Men bir shifokor 86 yoshli ayolga yordam ko‘rsatayotgani ustidan chiqdim, u apteka qutisini ko‘tarib uyidan yugurib chiqqandi. Mashinalar toshlar uyumi ostida qolgan.

Mening shaxsiy kvartiramning ham oynalari sinib ketgan. Zarar ko‘lami bemisl.

AP Photo/Bilal Hussein

Dunyodagi reaksiya
Livan bosh vaziri Hassan Diab dunyo mamlakatlaridan yordam so‘radi. «Men do‘st va birodarlarimizdan Livan bilan birga bo‘lishni va bizning bu og‘ir jarohatimizni davolashda yordam ko‘rsatishni so‘rayman», - degan u.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson tvitterida shunday dedi: «Men bugun Bayrutdan kelgan suratlar va videolavhalardan shokka tushdim. Biz bu qo‘rqinchli hodisadan jabr ko‘rgan barcha odamlar uchun duodamiz».

AQSh prezidenti Donald Tramp jabrlanganlarga hamdardlik bildirdi va bu hodisani «dahshatli hujum» deb atadi. Amerika Davlat kotibi Mayk Pompeo tvitterda shunday yozdi: «Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz va Livan xalqiga bu qo‘rqinchli fojiani yengib o‘tishda yordam ko‘rsatishga tayyormiz».

Fransiya Livanga yordam va zarur vositalar yuborilganini ma'lum qildi.

Eron tashqi ishlar vaziri tvitterdagi sahifasi orqali Eron Livanga «zarur bo‘lgan barcha yordamlar» ko‘rsatilishini ma'lum qildi.

Isroil hukumati ham maxsus bayonot berib, «xalqaro diplomatik kanallar orqali Livanga murojaat qilingani va ushbu mamlakatga tibbiy va insonparvarlik yordamlari taklif etilgani» haqida xabar berdi.

Livanda nimalar bo‘lmoqda

Juma kuni BMT tribunali Livanning sobiq bosh vaziri, 2005 yilda terakt oqibatida o‘ldirilgan Rafiq Haririy ishi bo‘yicha sud hukmini e'lon qilib, bu ish bo‘yicha 4 kishiga sirtdan hukm chiqarishi kutilayotgandi.

Bu portlashda Eron tomonidan qo‘llab kelinadigan «Hizbulloh» harakati ayblangan. Tashkilot barcha ayblovlarni rad etadi.

Livan so‘nggi oylarda chuqur iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Vaziyat Covid-19 pandemiyasi tufayli yanada yomonlashgan. Bu inqiroz mamlakatda 1975-1990 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolik urushidan keyingi eng og‘ir inqiroz sifatida baholanayotgandi.

Ko‘chalarda tinch namoyishlar bo‘lib turadi, uning ishtirokchilari hukumatni xalqning ahvolini o‘ylamaslikda, islohotlar o‘tkazmaslikda, faqat boylik orttirish bilan band bo‘lishda ayblaydi. Livanda vaqti vaqti bilan elektr o‘chib qoladi, ichimlik suvi yetishmaydi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasi og‘ir ahvolda.

Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda Livanning Isroil bilan chegarasida ham vaziyat keskinlashgan. O‘tgan haftada Isroil hukumati «Hizbulloh» a'zolarining chegarani kesib o‘tishga urinishining oldi olingani haqida xabar berdi. Portlash ro‘y berishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda bu hodisada «Isroilning qo‘li borligi» haqida yoza boshlashdi, Isroil hukumati ham, Livan hukumati ham bu taxminlarni rasman rad etdi.

Tahlil
Sebastian Asher, BBC ning Yaqin Sharq bo‘yicha eksperti

Hodisaga oid videokadrlar va fotosuratlar - bu nafaqat Bayrutdagi eng yirik portlashni, balki shusiz ham iqtisodiy kollaps yoqasida turgan Livanda vaziyat og‘irlashishini ifodalaydi.

Portlash ro‘y berishidan bir necha soat avval Livan energetika vazirligi binosi yonida namoyishchilar politsiyachilar bilan to‘qnashgandi, namoyishchilar yana bir marta iqtisodiy inqiroz uchun rahbarlardan izoh talab qilishgandi.

Ekspertlar mamlakatda ochlik yuzaga kelishi ehtimolidan ogohlantirishgan - iqtisodiy vaziyat yomonlashishda davom etsa, mamlakat hududida mazhablararo ziddiyat yangilanishi mumkin.

Qolaversa, bu portlash ko‘pchilikning yodiga Rafiq Haririyning o‘ldirilishini yodga soldi.

Livanliklar hozirgi portlash shunchaki tasodifiy fojia ekani, avvaldan rejalashtirilgan akt emasligiga umid qilishmoqda.

Mavzuga oid