Light | 19:34 / 06.08.2020
18233
6 daqiqa o‘qiladi

COVID-19 va go‘daklar salomatligi: ko‘krak suti bilan oziqlantirishga oid eng muhim savollarga javoblar

1-7 avgust butun dunyoda ko‘krak suti bilan oziqlantirish haftaligi o‘tkazilmoqda. «Ko‘krak suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz va sayyorani yanada sog‘lom qilamiz» shiori ostida o‘tayotgan haftalik hukumatlarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish bo‘yicha ma'lumotlar bilan ayollarni ta'minlashga chaqirishni nazarda tutadi.

YUNISEF mazkur haftalik munosabati bilan pandemiya sharoitida chaqaloqlarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish masalalariga oid eng ko‘p uchrayotgan savollarga javoblarni e'lon qildi.

COVID-19 ko‘krak suti bilan oziqlantirganda yuqadimi?

– Ko‘krak sutida koronavirus aniqlanmagan. Hozirgacha COVID-19’ning ko‘krak suti orqali yoki ko‘krak bilan emizganda yuqishi haqida faktlar yo‘q. Go‘dakni ko‘krak suti bilan oziqlantirishni to‘xtatishga hech qanday asos mavjud emas.

Koronavirus pandemiyasi bo‘yicha holat yaxshi bo‘lmagan hududlarda onalar farzandlarini ko‘krak orqali oziqlantirishi mumkinmi? 

– Ha. Har qanday ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda ko‘krak suti bilan oziqlantirish go‘dakning yashovchanligini oshiradi, uning sog‘ligi va rivojlanishi uchun uzoq muddatli foyda keltiradi. Ko‘krak suti bilan oziqlantirish ona salomatligi uchun ham foydali.

Onada COVID-19 aniqlangan bo‘lsa yoki shunga shubha bo‘lsa, bolani emizishda davom etish mumkinmi?

– Ha. COVID-19’ga shubha bo‘lgan yoki tasdiqlangan ayollar o‘z istaklariga ko‘ra ko‘krak suti bilan oziqlantirishlari mumkin. Bunda ularga quyidagilar tavsiya qilinadi:

  • qo‘llarni sovun va suv bilan tez-tez yuvish yoki tarkibida spirt bo‘lgan antiseptikdan foydalanish (ayniqsa, bolaga tegishdan oldin);
  • bola bilan har qanday kontaktga kirishishdan avval, jumladan, ko‘krak suti bilan oziqlantirishdan oldin tibbiy yuz niqobini taqish;
  • aksa urganda yoki yo‘talganda yuzni bir martalik salfetka bilan yopish. Ishlatilgan salfetkani darhol chiqindiga tashlash va qo‘llarni qayta yuvish;
  • ona qo‘l tekkizgan yuzalarni muntazam ravishda yuvish va dezinfeksiya qilish;
  • tibbiy niqoblarni har ikki soatda o‘zgartirish va keyinchalik chiqindi idishiga tashlash muhimdir. Yuz niqobining oldi qismiga tegish yoki uni qayta ishlatish mumkin emas.

Koronavirus aniqlangan yoki shubha qilingan ona bolani tibbiy niqobsiz emizishi mumkinmi?

– COVID-19 alomatlari bo‘lgan onalarga tibbiy niqob kiyish tavsiya etiladi, ammo buning imkoniyati bo‘lmasa ham, ko‘krak suti bilan oziqlantirishni davom ettirish kerak. Bunday holda, onalar qo‘llarni yuvish, yuzalarni dezinfeksiyalash, aksirganda yoki yo‘talganda og‘iz va burunni bir martalik salfetka bilan yopish kabi infeksiyalarning oldini olishga qaratilgan boshqa qoidalarga amal qilishlari zarur.

Yosh onalar imkon qadar tibbiy niqobdan (matoli niqobdan emas) foydalanishlari maqsadga muvofiq.

Onada koronavirus bo‘lsa va o‘zini yomon his qilayotgani bois emizishga holi bo‘lmasa, qanday yo‘l tutishi kerak?

– Agar COVID-19’ yoki boshqa holatlar tufayli ona farzandini ko‘krak suti bilan oziqlantira olishiga ko‘zi yetmasa, go‘dakni ona suti bilan ta'minlashning xavfsiz, qulay va maqbul usulini qo‘llash kerak.

Bunda ona sutini sog‘ib olib, so‘rg‘ichli idish orqali bolaga berish yoki donor ona sutidan foydalanish mumkin. Agar bularning iloji bo‘lmasa, bolani ko‘krak suti bilan oziqlantirayotgan boshqa bir ayolni jalb qilish yoki sifatiga ishonch hosil qilingan sun'iy ozuqa qo‘shimchalaridan foydalanish mumkin.

Pandemiya davrida ham tug‘ruqdan keyin «teriga teri» kontaktini bajarish, ya'ni tug‘ilgan chaqaloqni onaning ko‘ksiga qo‘yish mumkinmi? Agar onada koronavirus aniqlangan bo‘lsa-chi?

– Mumkin. Yangi tug‘ilgan go‘dakni onaning ko‘ksiga qo‘yish bolaning tana harorati normallashuviga sabab bo‘ladi va uning yashovchanligini oshiradi. Shuningdek, «teriga teri» kontakt usuli onaning ko‘kragiga sut kelishini osonlashtiradi.

Qayd etish lozimki, «teriga teri» kontakt usuli va bolani ko‘krak suti bilan oziqlantirishning foydalari koronavirus bilan zararlanish ehtimoli bilan solishtirganda ancha yuqoridir.

Koronavirus bilan og‘rigani bois bolasini vaqtincha emiza olmaganlar qachon yana ko‘krak suti bilan oziqlantirishda davom etishi mumkin?

– Ona o‘zini yaxshi his qila boshlashi bilanoq ko‘krak suti bilan oziqlantirishni davom ettirishi mumkin. COVID-19’ga shubha qilingan yoki koronavirus infeksiyasi bilan og‘rigan onalar emizishdan vaqtinchalik voz kechishlari kerak bo‘lgan aniq vaqt oralig‘i mavjud emas.

Hozirda ko‘krak suti bilan boqishning COVID-19 klinik holatiga ta'siri haqida ma'lumotlar yo‘q. Tibbiyot mutaxassislari, ko‘krak suti bilan oziqlantirish bo‘yicha maslahatchilar onaga emizishni qayta boshlash masalalarida yordam berishlari lozim.

Mavzuga oid