Jamiyat | 17:14 / 06.08.2020
47466
6 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning qanday asoratlari bor? Ilk bemorni qabul qilgan shifokor bilan suhbat

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasining bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova bilan suhbat uyushtirdi.

Qayd etilishicha, Muhayyo Asilova O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan birinchi bemorni qabul qilgan, bugungacha o‘zi va jamoasi bilan koronavirusga chalingan minglab bemorlarni davolab kelmoqda.

Furqat Sanayev va Muhayyo Asilova / Sog‘liqni saqlash vazirligi

– Muhayyo opa, necha yildan buyon shifokorlik kasbidasiz?

– Ushbu sohada 32 yildan beri faoliyat yurityapman. 1996 yildan beri, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti ochilgan dastlabki yillardan buyon shu yerda faoliyat yuritib kelaman. Muassasamizda har doim og‘ir bemorlar bo‘lgan. Ayniqsa, diareya bilan olib kelingan bolalarning hayotini saqlab qolishda, hatto bir daqiqa ham ahamiyatli. Shifokorlarimiz reja bilan ishlamaydi, ya'ni kelgan bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatadi. Qolaversa, o‘ta yuqumli kasalliklar ham aynan bizning shifoxonaga keladi. Shifokorlik qasamimizni, uning zahmatini har bir bemorni davolash chog‘ida eslaymiz.

– Koronavirus infeksiyasi yurtimizga kirib kelgan daqiqalardan buyon kasallik o‘chog‘idasiz. Ilk bor Covid-19 infeksiyasi qayd etilganda qay holatga tushgansiz?

– O‘zbekistonda koronavirus joriy yil 15 mart kuni ilk bor institutimiz klinikasi laboratoriyasida aniqlandi. Hech esimdan chiqmaydi, o‘sha kuni kechasi soat 3:00 atrofida laboratoriya xodimlari qo‘ng‘iroq qilib, xorijdan kelgan vatandoshimizning natijalari musbat chiqqani haqida xabar berishdi. Ochig‘i, o‘sha kungacha bu ofat bizga yetib kelmasligiga umid bor edi. Darhol shifoxonaga yetib bordim va virus yuqtirgan bemor yotgan palataga kirdim. Uning o‘zi hali koronavirusga chalinganidan bexabar edi. Natija haqida xabar berganimizda, u, tabiiyki tushkunlikka tushdi. «Bolalarim endi nima bo‘ladi, pnevmoniyadan o‘lib ketamanmi?» derdi.

Vaqt yo‘qotishimiz mumkin emasdi. Darhol davolashni boshladik. Jarayon juda tez boshlanib ketdi, lekin bemordan ko‘ra, o‘zimda qo‘rquv katta edi. Shunday bo‘lsa-da, davolash choralarini va karantinni to‘g‘ri tashkil qila oldik. Bemorlar oshishini hisobga olib, o‘sha kunning o‘zida barcha xodimlarga bemorlarga sidqidildan xizmat ko‘rsatishimizni aytdim. Shukrki, hech bir xodimim bemorlarga qarashdan bosh tortmadi. Xodimlarimga namuna bo‘lishim uchun ham bemorlar parvarishida o‘zim ishtirok etdim.

– Bemorlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz, davolayapsiz, hatto o‘limlarga ham guvoh bo‘lyapsiz...

– Shaxsan o‘zim dastlabki uch oy shifoxonadan chiqmay ishladim. Shu davr mobaynida ko‘rsatgan yordamlarimizga qaramay ko‘z oldimizda vafot etgan bemor bo‘ldi. Koronavirusning xavfli ekaniga ishonmayotgan yurtdoshlarimga aytar so‘zim: virus mavjud va u o‘z o‘ljalarini taslim qilmoqda. Ayniqsa, hozirda koronavirus shtammining og‘ir turi kelmoqda. Ko‘chada niqobsiz va masofa saqlamay yurganlar hayot uchun kurashayotgan bemorlar holatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, balki o‘shanda jiddiy qarardi. Ko‘pchilik «Qachon virus tugaydi?», deb so‘rashadi. Agar kasallik zanjirini uzmasak, vaksina ishlab chiqilmaguncha shu hayotda yashaymiz.

– Koronavirusning qanday salbiy asoratlari bor?

– Uning eng katta xavfi o‘pka fibroziga, ya'ni chandig‘iga olib keladi. Havo yetib borish klapanlarini yopadi. Natijada, bemor keyinchalik nafas va yurak yetishmovchiligidan aziyat chekadi. O‘pka chandig‘i uzoq yillarda tiklanadi. Gohida bu bir umrlik nogironlikka ham olib kelishi mumkin.

– Ushbu kasallik yurtimizga kirib kelganiga ham besh oyga yaqin vaqt o‘tdi. Siz dastlab uch oy uzluksiz ishlab, qisqa muddatli tanaffusdan so‘ng yana klinikaga qaytdingiz. Ayting-chi, amaliyotingizda qayta kasallanganlar ham uchradimi?

– Yo‘q, uchramadi. Yuqumli kasalliklar davolanganidan so‘ng, organizmda himoya antitelalari ishga tushadi va xuddi shu virus organizmga tushganda bu kasallik sifatida kechmaydi. Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, har bir organizm alohida individual. Ayrim insonlarda himoya qilish hujayralari ishlab chiqilmasligi mumkin. Aytganingizdek, oradan besh oy vaqt o‘tdi, ammo Covid-19’dan zararlangan bemorlar bizga qaytib murojaat qilgani yo‘q.

– Kasallikka chalinganlar asosan necha kunda shifoxonadan chiqmoqda?

– Yengil turini yuqtirganlar 7-8, o‘rta ahvoldagilar 10-12 kun, og‘ir turini boshidan o‘tkazayotganlar esa oylab davolanmoqda. Har bitta bemorga davo choralari ko‘rilganidan keyin koronavirusga test topshiradi. Qachon natija manfiy ko‘rsatsa, o‘shanda shifoxonadan chiqadi.

– Kelgusida qanday orzularingizning amalga oshishini istardingiz?

– Men shifokorlikni butun mashaqqatiyu zahmatini anglab, uni o‘z yelkamga olib, shu kasbni tanlaganman. 50 yoshimda doktorlik dissertatsiyasini ingliz tilida yoqladim. Kasbim sabab, minglab odamlarning mushkulini oson qilib, duosini oldim. Yaqinda Prezidentimiz Farmoni bilan yuksak davlat mukofotiga loyiq deb topildim. Juda ham baxtliman. Bir farzandning onasi, uch nafar shirin nabiraning buvijonisiman. Tezroq koronavirus balosi butun olamdan ko‘tarilib, bir-birimiz bilan erkin diydorlashish nasib etishini juda juda orzu qilaman. O‘zbekistondan tibbiyot sohasida olimalar ko‘paysa, bundan faxrlanaman.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Mavzuga oid