O‘zbekiston | 00:25 / 09.08.2020
17069
4 daqiqa o‘qiladi

«Hajm jihatidan yutqazamiz, lekin mustaqil ishlash metodikasini o‘rgatamiz» – vazir masofaviy ta'lim haqida

Inomjon Majidov yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida masofaviy ta'lim sifati borasidagi savolga javob berdi.

8 avgust kuni AOKAda 2020-2021-o‘quv yiliga tayyorgarlik va kirish imtihonlariga oid masalalar bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumani davomida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidovga o‘tgan o‘quv mavsumida o‘qishlar bir muddat onlayn tashkil qilingani, ammo o‘qishning bu shaklida talabalar sifatdan qoniqmaganligi, shu bois yangi o‘quv mavsumida sifat borasidagi muammolar qanchalik hal qilinishi borasida savol berildi.

Vazirga ko‘ra, yangi o‘quv mavsumida onlayn ta'lim sifatini oshirishga e'tibor beriladi, ammo bu jarayonda ta'limda o‘qituvchi ham, talaba ham o‘z ustida mustaqil ishlamasa, natija kutib bo‘lmaydi.

«Ikki-uch oy oldin ham pandemiya rivojlanishining turli ssenariylariga tayyor bo‘lish kerakligi aytilgan edi. U paytda hali yangi o‘quv yilini onlayn boshlash fikri bo‘lmagan, hammasi an'anaviy bo‘ladi deb o‘ylagan bo‘lsak-da, tayyorgarlikni boshlagandik. Masofaviy ta'limda har bir fan bo‘yicha onlayn kompleks – videomaterial, savol-javob, keys va boshqalar tayyorlangan.

Masofaviy ta'limni qachon to‘liq sifatda ta'minlay olamiz? Shu formatda mashg‘ulot o‘tkazishga o‘qituvchilarni o‘rgata olsak. Buni qilyapmiz. O‘z o‘zining malakasini oshirishda ham, majburiy malaka oshirish shaklida ham bu bo‘yicha kurslar qo‘yildi.

Shuningdek, talabaning o‘zida ham o‘qish istagi bo‘lishi kerak. Masofaviy ta'limda o‘qituvchi ham, talaba ham o‘z ustida mustaqil ishlamasa, natija bo‘lmaydi. 

Masofaviy ta'lim talabadan o‘z ustida ishlashni ikki baravar ko‘proq talab qiladi. O‘qituvchining vazifasi esa unga metodika va harakat trayektoriyasini ko‘rsatib berish. Yangi o‘quv yilida 35ta oliy ta'lim muassasasi kredit-modul tizimiga o‘tadi. Bu ham mustaqil ishlashga asoslangan. Mustaqil ishlash ko‘nikmasining shakllanishi bo‘lajak mutaxassisga katta salohiyat beradi, u mustaqil qadam qo‘yish va yechim topishga o‘rganadi. Masofaviy ta'limda bilim hajmidan yutqazarmiz, lekin mustaqil bilim olish metodikasini o‘rgatamiz», – deya Inomjon Majidov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri matbuot anjumani davomida shuningdek, prezident va boshqa nomli stipendiyalar uchun tanlovlar qachon o‘tkazilishiga ham oydinlik kiritdi.

«Prezident stipendiyasiga tanlovlar doim sentabr oyida o‘tkazib kelingan. Hozirda uni ham masofaviy tarzda o‘tkazishni o‘ylayapmiz. Jarayonlar video-konferens-aloqa shaklida o‘tkaziladi. Shu o‘rinda, jarayonda faqat komissiya va nomzod emas, balki shaffoflik bo‘lishi uchun boshqalarning ham onlayn ishtirokini ta'minlaymiz», – dedi Majidov.

Mavzuga oid