Jahon | 15:32 / 09.08.2020
27585
14 daqiqa o‘qiladi

Livan inqirozi. Bayrutliklar amaldorlarni jazolamoqchi, namoyishchilar vazirlik binolarini egallab olgan

Bayrut aholisi portdagi portlashda hukumatni ayblab, namoyishlarga chiqmoqda. 4 avgust kuni kamida 158 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan portlashdan keyin boshlangan namoyishlar davomida 8 avgust kuni o‘nlab namoyishchilar Tashqi ishlar vazirligi binosini egallab oldi. Ko‘p o‘tmay armiya ularni vazirlik binosidan siqib chiqargan, ammo ular boshqa muassasalar binolariga bostirib kirishgan.

Foto: AFP

Livanliklar ushbu fojiada hukumatni korrupsiya va mas'uliyatsizlik tufayli ayblamoqda.

Portlash oqibatida shu vaqtgacha 158 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan, o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan, 6 mingdan ortiq kishi turli darajada tan jarohati olgan. Portlash shaharning bu qismidagi ko‘plab binolarni butunlay vayron qilgan, shaharning yarmidagi binolar turli darajada shikastlangan.

Dastlabki qurbonlar orasida fransuz arxitektori, fuqarolar urushidan keyin shaharni tiklashda xizmat ko‘rsatgan Jan-Mark Bonfis va portlashdan keyin voqea joyiga birinchilardan bo‘lib yetib kelgan o‘t o‘chiruvchi Saxar Fares bo‘lgan. Shuningdek, germaniyalik diplomatlardan biri portlash qurboniga aylangan.

Payshanba kuni kechqurun hukumat Bayrut portining 16 xodimi qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Makronning tashrifi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 5 avgust kuni Livanga kelib, Bayrut ko‘chalarini aylandi. Livan o‘z vaqtida Fransiya mustamlakasi bo‘lgan va ikki davlat o‘rtasida aloqalar saqlanib qolgan.

Shahar aholisi vakillari Makrondan moliyaviy yordam so‘rashdi va pullarni «korrupsiyaga botgan hukumat qo‘liga bermaslik»ni iltimos qilishdi. Makron fransuzlarning insonparvarlik yordami korrupsionerlar qo‘liga tushmasligini va'da qildi.

U shuningdek, mamlakatga yangicha «siyosiy tartib zarurligi»ni ta'kidladi. Makron Livan hukumatiga faqat islohotlar evaziga moliyaviy yordam berilishini ma'lum qildi.

Mahalliy aholi vakillari hukumat fojia oqibatlarini bartaraf etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganidan shikoyat qilgan.

Shaharda yashovchilardan biri, rejissyor Jud Chihab BBC bilan suhbatda shunday degan: «Bayrut yig‘lamoqda, Bayrut baqirmoqda, odamlar sarosimada, ular juda charchashgan».

Mahalliy aholi vakillaridan biri, portlashdan keyin shifoxonaga yotqizilgan Chadia Elmushi Nun shunday dedi: «Men butun hayotim davomida bizni layoqatsiz odamlar, layoqatsiz hukumat boshqarib kelganini his qildim... Ammo hozirgi holat - jinoyatdir».

Portlash sabablari
Livan prezidenti Mishel Aun dastlab portlashga port hududidagi omborxonada xavfsizlik choralariga rioya qilinmagan holda saqlangan 2750 tonna miqdoridagi ammiak selitra sabab bo‘lganini rasman ma'lum qilgandi.

Keyinroq u portlashning aniq sabablari hozircha aniqlanmagani, taxminlardan biriga ko‘ra, «tashqaridan aralashuv ehtimoli mavjudligi», portlash bomba yoki raketa zarbasi natijasi bo‘lishi ham mumkinligi haqida gapirdi.

«Men Fransiya prezidentidan havoda samolyot yoki raketa bo‘lganligini aniqlash uchun aerofotosuratlarni taqdim etishni shaxsan so‘radim», dedi Aun.

Doimiy ravishda Liviya bilan urush holatida bo‘lib kelgan Isroil ham bu hodisaga aloqadormasligini ta'kidlamoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hodisa sababi tushunarsizligini aytgan, ammo o‘z chiqishida 2005 yilda Livanning sobiq bosh vaziri Rafiq Haririy kuchli portlash oqibatida halok bo‘lganini eslab o‘tgan.

Portlash sabablarini tekshirish davom etmoqda. Livan mudofaa kengashi aybdorlarga maksimal darajada jazo tayinlanishini ma'lum qilgan.

Harbiy sud vakili Fadi Aqiqiyning Liviya milliy axborot agentligiga aytishicha, harbiy prokuratura portlash sabablarini o‘rganish bo‘yicha tekshiruvning birinchi bosqichini yakunlagan.

«Angarda ta'mirlash ishlari olib borgan va portlovchi moddalar saqlanishiga mas'ul bo‘lgan port ma'muriyati kengashi va bojxona boshqarmasidan bo‘lgan 18 kishi so‘roq qilindi. Shu vaqtgacha 16 kishi qo‘lga olingan, - degan Aqiqiy.

Xalqaro tekshiruv o‘tkazish taklifi
Amnesty International va Human Righs Watch qo‘shma bayonotida hodisa sabablari bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan. 

Makron ham jahon hamjamiyatini «shubhaga o‘rin qoldirmaslik uchun» fojia bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi. Bu g‘oya Livandagi qator siyosatchilar, jamoatchilik faollari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ammo Livan prezidenti bunday tekshiruv asl vaziyat xato talqin qilinishiga olib kelishi, shuningdek, tekshiruv ishlarini cho‘zishini aytgan va bu taklifni qat'iy rad etgan. Shu bilan birga, 1990 yilda Suriya aviatsiyasi tomonidan prezidentlik saroyi bombardimon qilingach (u 1988-1990 yillarda Livan bosh vaziri bo‘lgan), Fransiya elchixonasi orqali ushbu davlatga qochib ketib, 15 yil Parijda quvg‘inlikda yashagan Aun Makron bilan ochiqchasiga bahslashmoqchi ham emas.

«Hizbulloh» birdamlikka chaqirmoqda
Livandagi shialar va «Hizbulloh» partiyasi yetakchisi, shayx Hasan Nasrulloh (u Livanning hozirgi hukumatini qo‘llaydi va parlament vakili hisoblanadi) telemurojaatida fojia bo‘yicha gapirdi.

U ham Aun kabi xalqaro tekshiruvga qarshiligini aytib, siyosatchilarni Livan armiyasiga ishonishga chaqirdi.

U millatni birlikka chaqirdi hamda tashkilotning portlashga aloqadorligi haqidagi gaplarni inkor etib, «Hizbulloh» portda portlovchi moddalar saqlamaganini bildirdi.

Shuningdek, jahon davlatlaridan kelayotgan insonparvarlik yordamlari va Fransiya prezidentining tashrifi haqida iliq fikrlar bildirgan.

«Hizbulloh» rahbari portlash tashqaridan hujum oqibatida ro‘y bergan bo‘lsa ham, selitra yillar davomida portda sovuqqonlik va mas'uliyatsizlik tufayli saqlab kelganini inkor etib bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan.

Inqiroz o‘rtasidagi inqiroz
BMT rahbariyati Livanda jiddiy gumanitar inqiroz boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Mamlakat shusiz ham og‘ir iqtisodiy holatga tushib qolgandi, endi esa bu holat halokatga aylanishi mumkin.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) bayonotida aytilishicha, Bayrutda port vayron bo‘lishi mamlakatga oziq-ovqat yetkazib berishga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi, bu esa narxlar yanada qimmatlashiga olib keladi. Tashkilot Livanga oziq-ovqat, bug‘doy va un yubormoqchi.

Portlashdan oldin ham livanliklarning 75 foizi yordamga muhtoj bo‘lgan, aholining 33 foizi ishsiz bo‘lgan, millionga yaqin kishi haddan tashqari qashshoqlikda yashagan.

JSST Livan sog‘liqni saqlash tizimiga ham katta zarar yetganini ma'lum qilgan, portlash oqibatida poytaxtdagi jami 500dan ortiq o‘ringa ega uchta shifoxona vayron bo‘lgan. Boshqa shifoxonalar ham portlashdan jarohatlanganlar bilan to‘lib-toshgani tufayli tizimga yuklama ortib ketgan.

JSST Livanga tibbiy buyumlar va dori-darmon yetkazib bergan, shuningdek, koronavirusga qarshi kurashni davom ettirish va birinchi galdagi zarur vositalarni xarid qilish uchun 15 mln dollar  ajratishga chaqirgan.

Portlash natijasida tibbiy niqoblar, qo‘lqoplar va virusdan himoyalovchi boshqa vositalar yuklangan 17 konteyner ham yo‘q bo‘lib ketgan.

Ayni vaqtda jahonning ko‘plab davlatlari Livanga yordam yetkazib berish niyatini bildirgan. AQSh bu yerga jami 15 mln dollarlik oziq-ovqat va dori-darmon jo‘natilganini ma'lum qilgan.

Bayrutdagi namoyishlar
8 avgust kuni minglab aholi Bayrut ko‘chalariga norozilik namoyishiga chiqdi. Reuters’ning xabar berishicha, Bayrut markazidagi Shahidlar maydoniga yetti mingga yaqin odam to‘plangan. «Qiyomat kuni» shiori ostidagi namoyish ishtirokchilari yuqori martabali amaldorlarni jazolashni talab qilgan - namoyishchilarning fikricha, portdagi portlashga aynan ular aybdor.

EPA

So‘nggi kunlarda port hududiga kirishga uringan ikki vazir mahalliy aholi tomonidan quvib yuborilgan.

Livan bosh vaziri Hassan Diab shanba kuni mamlakat aholisiga murojaat qilib, portlash korrupsiya oqibatida ro‘y bergani haqida gapirdi. U shuningdek, inqirozdan faqat muddatidan avvalgi saylovlar tufayli chiqish mumkinligini ma'lum qilgan.

«Bizga yangi siyosiy elita va yangi parlament kerak», degan bosh vazir va muddatidan avvalgi saylovlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishga va'da bergan. 

Shanba kungi namoyishlarda 10 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, bayrutliklar port hududidan shahar markazidagi Shahidlar maydonigacha yurib borishgan. Maydonda dorlar o‘rnatilgan, ular shu yo‘l bilan mamlakat rahbariyati haqidagi fikrlarini ifoda etishgan.

Namoyish vaqtida amaldagi hukmron tuzumni ag‘darishga chaqiriqlar bo‘lgan, shuningdek, yig‘ilgan «Inqilob!», deya ham hayqirgan. Ramziy dorning o‘rnatilishi esa norozilik namoyishining kulminatsiyasiga aylangan — bu, namoyishchilarning fikricha, mas'uliyatsizligi va korrupsiyaga botgani portlashga olib kelgan amaldorlar uchun bir ogohlantirishdir. Namoyishchilar ko‘targan plakatlarda «Iste'fo yo dor!» deb yozilgan edi.

«Bu dor «Livanda so‘nggi 30 yildan beri hokimiyat tepasida turgan» odamlarga mo‘ljallangan», degan namoyishchilardan biri Associated Press’ga bergan intervyusida. Dorga Livan prezidenti Mishel Aun va «Hizbulloh» harakati yetakchisi Hasan Nasrullohning suratlari «osilgan». CNN’ning qayd etishicha, ramziy dor bundan 100 yil avval Usmonli saltanati rasmiylari isyon ko‘targan livanliklarni osgan joyda qad rostlagan.

Tinch namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan. Namoyishchilar tosh va kaltaklar uloqtirishgan, politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan. Namoyishchilar yo‘lini to‘sish uchun parlament binosiga barrikadalar o‘rnatilgan.

Vazirliklarda nimalar bo‘lmoqda
Kun davomida o‘nlab namoyishchilar vazirliklar va bank assotsiatsiyasi binolarini qamal qilishgan. Avvaliga hukumatga qarshi shiorlarni aytib hayqirgan o‘nlab kishilar prezident Mishel Aunning portretini yoqishgan va Tashqi ishlar vazirligi binosiga bostirib kirishgan.

«Biz uddaladik. Bularning barchasi bizniki. Politsiya tashqarida. Ular bizni to‘xtata olishmadi», deydi namoyishchilardan biri Rebekka BBC muxbiriga.

U binoga 100 nafarga yaqin namoyishchi bostirib kirgani, bu bino ham seshanba kungi portlashdan shikastlangani haqida aytib bergan. U namoyishchilar boshqa vazirliklar binolarini ham egallashni maqsad qilganini qo‘shimcha qilgan.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, namoyishchilarning bu guruhi bir necha soat o‘tib harbiylar tomonidan vazirlik binosidan haydab chiqarilgan, ammo ular boshqa vazirliklar binolariga hujum qilishgan.

Voqea joyidan olingan kadrlarda namoyishchilar energetika, iqtisodiyot va atrof-muhit vazirliklari binolarini ham egallab olishganini ko‘rish mumkin.

Shaharga qo‘shimcha harbiy kuchlar kiritilgan, harbiylar ko‘chalarda pulemyotlar o‘rnatilgan mashinalarda navbatchilik qilishga kirishgan.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, tartibsizliklar vaqtida kamida 700 kishi jarohatlangan. Namoyishlar vaqtida xavfsizlik kuchlari xodimlaridan biri halok bo‘lgan, yana bir necha nafari o‘qotar quroldan yaralangan.

REUTERS

Selitra nega portdan olib ketilmagandi?
Ayni vaqtga kelib Livandagi amaldorlar ko‘p yillardan beri aholi zich yashaydigan port hududida ammiak selitra saqlanishi xavfi haqida bila turib jim kelishgani ma'lum bo‘ldi.

Jamoatchilik g‘azabidan cho‘chigan bojxona xizmati xodimlari bu ishga javobgar emasliklarini ko‘rsatish uchun OAVga ayrim hujjatlarni sizdirishgan.

Unga ko‘ra, 2014 yildan 2017 yilgacha ular sudga kamida 5 marta xat jo‘natib, selitrani eksport qilishga yoki sotishga ruxsat so‘rashgani ma'lum bo‘lgan. Bu hujjatlardan anglashiladiki, bojxonachilar bu yukdan xalos bo‘lish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishgan, ammo sud organlaridan javob bo‘lmagan.

Ammo voqealar rivojining bu talqinida bir nuqta bor.

Al Jadeed nashri jurnalisti Riyoz Kobaysi ko‘p yillar davomida Bayrut bojxonasi va portdagi korrupsiya mavzusini tadqiq qilgan.

Portlashdan keyingi tunda u o‘z talqinini bergandi: xat shunchaki tegishli tartiblarga mos kelmagan va sudya qo‘shimcha ma'lumot bilan to‘ldirishni so‘rab, xatni qaytargan.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, bojxonachilar o‘sha xatning o‘zini qaytadan yuboraverishgan.

Transport vazirligi so‘roviga ko‘ra, sudya dastlab kemani yukdan bo‘shatishga ruxsat bergan, bunda yukni barcha xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda kerakli joyda saqlash shartligi belgilangan.

«Vazirlik yukni portga yuborgan va bojxonaga topshirgan. Bu katta xato bo‘lgan. Qonun portlovchi moddalarni portda saqlashni taqiqlaydi», deya Legal Agenda nodavlat tashkiloti vakili Nizar Sargiyening so‘zlarini keltiradi BBC.

«Hakam xatoga yo‘l qo‘ymagan, qonun bor, unga ko‘ra, kema xavfli yuk bilan cho‘ka boshlasa, sudya uni bo‘shatishga ruxsat berishi mumkin. Vazirlik mas'uliyatni bojxonaga topshirgan. Sudya vazirlikka, vazirlik esa bojxonaga», degan u.

Uning fikricha, yukni sotib yuborish mumkin edi - bojxona bu huquqqa ega bo‘lgan. Yoki uni yo‘q qilishga ruxsat so‘rashi yoki ruxsatsiz yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan, lekin bunday bo‘lmagan.

«Ular qilgan bor ish - o‘sha xatni qayta-qayta jo‘natish bo‘lgan», - deya xulosa qiladi Sargiye.
 

Mavzuga oid