Jamiyat | 21:47 / 10.08.2020
30748
2 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya sharoitida qanday oilalarga yordam ko‘rsatilishi majburiyligi ma'lum qilindi

Respublika miqyosida moddiy yordamga muhtojlar ro‘yxati («temir daftar») aholining mavjud 7 ta ijtimoiy holatini inobatga olib tuzilgan hamda mazkur toifaga kiritilgan aholiga zarur yordamlar ko‘rsatilishi majburiy hisoblanadi.

10 avgust kuni AOKA binosida o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva joylarda qanday oilalarga moddiy va boshqa turdagi zarur yordamlar ko‘rsatilishi majburiy ekanligi masalasiga aniqlik kiritdi.

«Hozirda yurtimizdagi koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘irlashgan va sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalarni qayd etish maqsadida «temir daftar» tizimi joriy etilgan.

Bu ro‘yxatga aholining mavjud 7 ta ijtimoiy holatini inobatga olinib tuzilgan hamda mazkur toifaga kiritilgan aholiga zarur yordamlar ko‘rsatilishi majburiydir.

Toifalar ichida ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarni qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbayi bo‘lmagan hamda mehnatga layoqatli a'zolari bo‘lgan, biroq ular hech qayerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum bo‘lgan mavsumiy ishchi va zarur yordamga muhtoj oilalar alohida belgilab o‘tilgan», – deya Saodat Boymirzayevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, «temir daftar»ga quyidagi toifa fuqarolar kiritilishi belgilangan:

  • oilaning mehnatga layoqatsiz nogironlari va surunkali kasallikka chalinganlar;
  • yakka-yalg‘iz keksalar, bevalar va o‘zgalar qaramog‘iga muhtojlar;
  • 5 va undan ortiq farzandi bor oilalar;
  • karantin choralari natijasida daromad manbaini yo‘qotganlar;
  • haqiqatda ehtiyojmandlar, nochor va moddiy ko‘makka muhtojlar.

 

Mavzuga oid