O‘zbekiston | 23:52 / 11.08.2020
26698
3 daqiqa o‘qiladi

Doktorantura ta'limi shartlari haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi

Innovatsion rivojlanish vaziri birinchi o‘rinbosari Sharof Rajabboyev AOKAda o‘tkazilgan brifingda stajyer-tadqiqotchi, tayanch-doktorantura, doktorantura ta'limining ayrim shartlari haqida tushuntirish berdi.

Stajyer-tadqiqotchi, tayanch doktorant va doktorant

Stajyer tadqiqotchilik – ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur o‘rganish va ilmiy izlanishlar olib borish uchun oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy tashkilotda tashkil etilgan ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha tegishli ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktoranturaga tayyorlov bosqichidir. Uning yakuni bo‘yicha ilmiy daraja berilmaydi, balki tayanch doktoranturaga kerakli bilim va ko‘nikmalar o‘zlashtiriladi.

Tayanch doktorant va doktorantning farqi oliy ta'limdagi bakalavr va magistr singari bo‘lib, tizimda faqat doktorant degan tushuncha ishlatiladi, tayanch doktorant tushunchasi ishlatilmaydi.

Oliy ta'limdan keyingi tizimda umumiy tahsil olayotganlarning barchasi izlanuvchi deyiladi.

Izlanuvchi ilmiy faoliyatga tegishli bo‘lmagan tashkilot, korxonada ishlagan holda mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirib, ilmiy izlanish olib borishi mumkin. Ariza hujjat topshirilayotgan OTM yoki ilmiy tashkilot rahbari nomiga yoziladi.

Qabul jarayoni

Doktorantura bosqichlariga qabul yilda bir marotaba – sentabr oyida e'lon qilinadi, oktabr oyiga qadar hujjatlar qabul qilinadi. Noyabr oyida imtihon o‘tkaziladi va dekabrda qabul bo‘yicha yakuniy qaror chiqariladi. O‘qish jarayonlari yanvar oyidan boshlanadi.

Kvotalar OTMlar, ilmiy tashkilotlarga yuqori turuvchi vazirlik va idoralar beradigan buyurtma asosida shakllantiriladi. So‘ngra Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan kvotalar ilmiy tashkilot va OTMlarga taqsimlanadi.

Stipendiya

Ilmiy izlanuvchilarga belgilangan tartibda stipendiya to‘lanadi.

Izlanuvchi ilmiy ishni belgilangan vaqtda himoya qilmasa yoki umuman himoya qilmasa, to‘langan stipendiya qaytarilmaydi. Ammo ilmiy rahbarga va ilmiy maslahatchilarga nisbatan chora ko‘rilishi belgilangan.

Izlanuvchi ilmiy ishni o‘qish muddati tamom bo‘lishidan kamida 6 oy oldin himoya qilsa, ilmiy rahbar va konsultantlarga kollegial organ qarori bilan OTM yoki ilmiy tashkilotning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,3 baravarida mukofot to‘lanadi.

Doktorantura tahsili davomida izlanuvchi shaxsiy ish yuzasidan xorijiy davlatlarga borishi kerak bo‘lsa, buni tegishli tartibda rahbariyatni xabardor qilgan holatda, ta'minlanmagan ta'til hisobidan amalga oshirishi mumkin. Ammo ilmiy izlanish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan konferensiya, simpozium, ilmiy tadbirlar bundan mustasno.

Izlanuvchi uzoq muddat betob bo‘lsa, tug‘ruq holati bo‘lsa, akademik ta'til beriladi.

Mavzuga oid