Jahon | 07:30 / 11.08.2020
19280
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Oq uy oldidagi otishma sababli matbuot anjumandan olib chiqib ketildi  

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z qo‘riqlash xizmati xodimlari iltimosi bilan matbuot anjumanni to‘xtatdi va anjuman o‘tgan zalni ular bilan birga tark etdi. Keyinroq aniqlanishicha, bunga Oq uy oldida yuz bergan otishma sabab bo‘lgan.

Foto: Reuters

Tramp jurnalistlarga AQShning iqtisodiy muvaffaqiyatlari haqida so‘zlayotganda, maxsus xizmat xodimlaridan biri uning yoniga kelib, nimanidir tushuntira boshlagan. Prezident undan nima gapligini so‘ragan va qisqacha tushuntirish olgach, hech narsa demay, matbuot anjuman o‘tgan zalni tark etgan

AQSh prezidenti ortidan uning ma'muriyati xodimlari chiqib ketishgan.

Biroq bir necha daqiqa o‘tgach Tramp zalga qaytgan va Oq uy yaqinida otishma yuz bergani, huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchiga o‘q uzib, uni yaralashganini ma'lum qilgan. AQSh prezidentining aytishicha, boshqa hech kim jabrlanmagan.

Tramp gumonlanuvchi unga nisbatan biror g‘araz niyatda bo‘lganidan bexabar ekanini aytgan. “Ehtimol, bu hodisa menga umuman aloqasi bo‘lmagan”, deb aytgan Tramp hamda “dunyo har doim xavfli joy bo‘lgani” va bu voqeada biror g‘aritabiiy narsa yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

Tramp otishma vaqtida jurnalistlar avval taxmin qilganidek bunkerga emas, Oval xonaga olib ketilgan.

Maxfiy xizmat otishma yuz berganini tasdiqlagan. Ta'kidlanishicha, otishmada maxfiy xizmat zobiti ishtirok etgan. Qolgan tafsilotlar keyinroq ma'lum qilinishi ta'kidlab o‘tilgan.

CNBC telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, yaralangan erkak hushsiz holatda Jorj Vashington universiteti shifoxonasiga yetkazilgan. U ko‘krak qismidan jarohat olgan.

Mavzuga oid