Jamiyat | 17:55 / 12.08.2020
2877
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yilning yarim yilligida taraflar yarashgani munosabati bilan 3535 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi – Oliy sud

AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni ijrosi muhokama qilindi.

Tadbirda so‘z olgan Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov mazkur farmonning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar va amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi.

«2020 yil 3 avgust holatiga 415 nafar shaxs oqlandi. 2017 yildan shu kunga qadar bu raqam 2400ga yaqinni tashkil qildi. Dalillar maqbulligi masalasiga keng yo‘l ochilganidan keyin sudlar, dastlabki tergov organi tomonidan e'lon qilingan 9 mingdan ortiq ayblovlar chiqarib tashlangani sud tizimida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchi ortyapti. 2017 yilgacha Oliy sudga kelib tushgan murojaatlar soni juda oz bo‘lgan. Bugungi kunda 2017 yilga qadar sudlangan, lekin suddan adolat kutish umidini yo‘qotgan fuqarolar ham bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, Oliy sudga bo‘layotgan murojaatlar ortyapti», dedi Ikrom Muslimov.

Oliy sud raisi o‘rinbosari yarashtiruv instituti haqida gapirib, farmonning ahamiyatli jihatidan biriga to‘xtaldi.

«2001 yilda O‘zbekistonda yarashuv instituti joriy qilingandi. Bu institutni kiritishda olimlar, amaliyotchilar o‘rtasida katta muhokamalar bo‘lgan. Oradan 20 yil vaqt o‘tib, bu institut o‘z samarasini berayotganini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, shu yilning yarim yilligida sudlar tomonidan 3535 nafar shaxs taraflar yarashgani munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi.

2001 yilda amaliyotga kiritilgan yarashtiruv institutining talabiga asosan taraflar faqat birinchi instansiya sudi jarayonida yarashishi mumkin edi va bunga alohida talablar qo‘yilgandi: jabrlanuvchi bilan yarashganligi, jinoyatni fosh qilishda faol qatnashganligi, muqaddam sudlanmaganligi kabi talablar mavjud edi, hamda birinchi instansiya sudida yarashishi kerak edi.

Mazkur farmonning eng ahamiyatli jihatidan biri – bundan buyog‘iga birinchi instansiyada ko‘rilayotgan vaqtda yarashish imkoniyati bo‘lmasa, qo‘yilgan talab bajarilmasa, bu talab apellyatsiya instansiyasida bartaraf qilinadigan bo‘lsa, taraflar yarashishi mumkin», deya Ikrom Muslimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid