Jamiyat | 13:06 / 13.08.2020
9910
6 daqiqa o‘qiladi

«Temir daftar», moddiy yordam va koll-markazlar faoliyati - Yakkasaroy tumaniga press-tur

Pandemiya sharoitida respublika bo‘yicha aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlarini xonadonlarga yetkazish, uy sharoitida davolanayotgan hamda karantinga olingan xonadonlar bilan ishlash, shuningdek, ajratilayotgan pul mablag‘larini haqiqiy egalariga yetib borishini ta'minlash bugungi kunning eng muhim masalalaridan hisoblanadi.

12 avgust kuni poytaxtimizning Yakkasaroy tumani misolida yuqorida sanab o‘tilgan ishlar yuzasidan press-tur tashkil etildi.

Dastlab tuman hokimligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda pandemiya sharoitida aholi va oilalar muammolari bilan ishlashda olib borilgan va qilinayotgan ishlar xususida ma'lumot berildi.

Tuman hokimi Anvar Sayfuddinov pandemiya davrida amalga oshirilgan ishlar xususida gapirarkan, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarga shu kunga qadar 2 mlrd 178 mln so‘m mablag‘ ajratilganini ta'kidlab o‘tdi.

«Hozirda tumanda 21 ta fuqarolar yig‘inida 38 673 ta oila va 29 989 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 106 377 nafar aholi istiqomat qiladi. «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida tumandagi 914 nafar kam ta'minlangan va ehtiyojmand oilalar nomiga ochilgan plastik kartalariga 500 ming so‘mdan pul mablag‘lari o‘tkazib berildi.

Anvar Sayfuddinov

196 nafar nogiron va 118 nafar yolg‘iz keksalarning har biriga nafaqasidan tashqari kamida 1 mln so‘mlik oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.

Joriy yilning 21-22 may kunlari 320 nafar kam ta'minlangan fuqarolarga ikki yarim mln so‘mdan o‘tkazib berildi.

Koronavirus kasalligiga chalinib uyda davolanayotgan fuqarolarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida tumandagi mavjud 4 ta oilaviy poliklinikalarda 14 ta mobil guruhlar tashkil etilib, ular kerakli dori-darmon va maxsus sumkalar bilan ta'minlandi», deb ma'lumot berdi tuman hokimi.

Shuningdek, tuman hokimi so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda aholiga ajratilgan pul mablag‘larini taqsimlashda va tarqatilishida aholi tomonidan yuzaga kelayotgan norozichiliklarga ham munosabat bildirib, Yakkasaroy tumanida ham ba'zi mahalla raislari o‘z mansab vakolatiga sovuqqonlik bilan qaraganini aytib o‘tdi. Hozirda bu mahalla raislarining ishlari ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qildi.

Tadbirda ishtirok etgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev ham amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtatilib, ishni tashkil qilishda kamchiliklar bo‘layotganini ta'kidlab o‘tdi. So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar va Sergelida ro‘y bergan holat vazirlik va hokimliklarga yanada o‘z ishiga mas'uliyat yuklashini aytib o‘tdi.

Botir Parpiyev

Shundan so‘ng tumanning «Qushbegi» MFYga bordik. Dastlab koronavirus pandemiyasi sharoitida zarur oziq-ovqat va dori darmon xarid qilish uchun ajratilgan pul mablag‘lari qanday taqsimlangani bilan qiziqdik.

«Qushbegi» MFY raisi o‘rinbosari Dona Qoraboyeva karantin davrida ajratilgan pul mablag‘lari kimlarga berilgani va ushbu ro‘yxatlar qanday shakllantirilgani yuzasidan ma'lumot berib o‘tdi.

«Qushbegi» mahallasida ajratilgan 1 mln 200 ming so‘m pul mablag‘lari ro‘yxat asosida 9 nafar fuqaroga berildi. Bu ro‘yxatga oilasida boquvchisi yo‘q, nogironligi bor, shuningdek, karantin davrida ishsiz qolgan hamda yolg‘iz qolgan fuqarolarimiz kiritildi. Shuningdek, bu fuqarolardan tashqari yana ko‘plab fuqarolarimizga oziq-ovqat va dori-darmonlar olib borib berildi», deydi Dono Qoraboyeva.

Rais o‘rinbosari ushbu ro‘yxatdan tashqari fuqarolarda pul mablag‘lari tarqatilishi bo‘yicha noroziliklar bo‘lganini ham aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim fuqarolarning sharoiti o‘rganilganda, ularda oylik maoshi va mashinalari borligi, o‘ziga to‘q sharoitda yashashi aniqlangan. Bu fuqarolarga pul mablag‘lari kimlarga tarqatilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilgan.

Shundan so‘ng ro‘yxat bo‘yicha 1 mln 200 ming so‘m pul mablag‘i olgan mahalla fuqarolarining yashash sharoiti bilan tanishdik.

Ulardan biri faqat nafaqa puliga kun kechiruvchi fuqaro, ikkinchisi esa yoshi 70lar atrofidagi ikkita yetim farzandlarni boqayotgan onaxon. Ularning yashash sharoitlari bilan tanishib, suhbatga tortdik. Fuqarolar karantin davrida hukumat tomonidan berilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirishdi va bu baloni yurtimizdan tezroq ketishini so‘rab duo qilishdi.

Yakkasaroy tumaniga tashkil etilgan press-tur davomida tumandagi 59-oilaviy poliklinikaga ham bordik. Poliklinikada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar va ularning xonadonlarida karantin tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, mobil guruhlar va patronaj hamshiralar faoliyati bilan tanishdik.

Poliklinika bosh shifokori Nazokat G‘ulomovaning aytishicha, poliklinikada pandemiya davrida tuman aholisi uchun koll-markaz tashkil etilgan bo‘lib, 24 soat davomida faoliyat olib bormoqda. Bu yerdagi hamshiralar tun-u kun fuqarolar bilan telefon orqali muloqotda bo‘lib, kerakli tavsiyalar berib borishadi.

Shuningdek poliklinikada 5 ta mobil guruhlar ham tashkil etilgan bo‘lib, tuman hokimligi tomonidan kerakli barcha dori-darmonlar bilan ta'minlangan. Ular xonadonlarga borib, aholining sog‘lig‘ini ko‘rikdan o‘tkazishadi hamda kerak bo‘lsa, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishadi. Shuningdek, virus alomatlari aniqlangan taqdirda kerakli dori-darmonlar jamlanmasini fuqarolarga berishadi.

Shu bilan Yakkasaroy tumaniga tashkil etilgan press-turimizni yakunladik. Pandemiya sharoitida aholi va oilalar muammolarini o‘rganish tumanlar kesimida davom etmoqda.

Mavzuga oid