O‘zbekiston | 14:05 / 14.08.2020
112742
4 daqiqa o‘qiladi

«Milliy sportning qizg‘in muxlisi va elchisi bo‘lib qolaveraman» - Otabek Umarov sport tashkilotlari rahbarligidan ketmoqda

Foto: KUN.UZ

Pandemiya sharoitida ko‘plab ommaviy tadbirlar qatori ayrim sport turlari o‘tkazilmasdan kelmoqda. Kun.uz muxbiri 2019 yilning 7 martidan O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi raisi, 8 noyabridan MMA assotsiatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Otabek Umarov bilan suhbatlashdi.

— Otabek Muhammadaliyevich, koronavirus pandemiyasi davrida aksariyat sport musobaqalari «ta'til»ga chiqdi. Siz rahbarlik qilayotgan Triatlon federatsiyasi va MMA assotsiatsiyasi ham mustasno emas. Bizga biror yangilik ayta olasizmi?

— Men O‘zbekistonda ko‘p ham mashhur bo‘lmagan sport turlari nafaqat munosib tarzda ommalasha boshlagani, yoshlar o‘rtasida ma'lum bir nufuzga ega bo‘lgani bilan juda faxrlanaman. 

Hamfikr jamoa bilan juda ko‘p ishlar qildik, hali qilinadigan ishlar ham talaygina. Ularga erishish uchun bu tashkilotlarda ishlangan rejalar ham, zarur resurslar ham mavjud.

Fursatdan foydalanib, bugun juda ko‘p o‘ylanib chiqargan qarorim haqida aytishga jazm qilmoqdaman. Bu qarorga kelishim oson bo‘lgani yo‘q — Triatlon federatsiyasi va Aralash jang san'ati assotsiatsiyasi rahbarligida o‘tkazgan vaqtim mobaynida mamlakatimizning chinakam faxrlari hisoblanadigan iqtidorli va istiqbolli sportchilarga juda bog‘lanib qolgan edim.

Hayot doimo oldimizga yangidan yangi chaqiriqlar qo‘yadi: joriy yil esa chaqiriqlar tasavvur etib bo‘lmas darajada ham bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Mamlakatimiz, butun xalqimiz butun dunyoni boshi berk ko‘chaga qamab qo‘ygan tahdid bilan to‘qnash keldi. 

O‘z-o‘zidan, ayni paytda ro‘baro‘ bo‘lib turgan qiyinchiliklarni yengish uchun har birimizdan bor kuch-g‘ayratimizni sarf etish talab etiladi. Paydo bo‘lgan vaziyatda davlat xizmatini olib borish, jamoatchilik xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq vazifalar prinsipial yangi xarakter kasb etishi va misli ko‘rilmagan mas'uliyat darajasi talab qilishini yaxshi tushunib turibman. Bu menda sport tashkilotlarida egallab turgan lavozimini tark etishdan o‘zga tanlov qoldirmayapti. 

— Ya'ni, siz Triatlon federatsiyasi va MMA assotsiatsiyasi rahbarligini tark etmoqchisiz? Sababi nimada?

— Sababi oddiy: Triatlon federatsiyasi ham, MMA assotsiatsiyasi ham vaqt va e'tibor talab qiladi, yangi sharoitlarda esa men buni kafolatlay olmayman. 

— Shaxsan o‘zingizning e'tiboringizsiz endi ommalashayotgan va tetapoya bo‘layotgan bu sport turlariga qiziqish kamayib ketmaydimi?

— Yo‘q, mening o‘rnimga keladigan insonlar O‘zbekistonda triatlon va MMA pozitsiyalarini mustahkamlash, sog‘lom hayot tarzi va muvaffaqiyatga yo‘nalgan sport targ‘iboti tomon harakatni davom ettirishadi deb niyat qilib qolaman. 

Hurmatli delegatlar men uchun qadrli bo‘lgan tashkilotlarni boshqarish uchun tayinlashga kimni loyiq deb topishmasin, ular mening qo‘llab-quvvatlashimga ishonishlari mumkin, chunki men milliy sportning qizg‘in muxlisi va elchisi bo‘lib qolaveraman.

— Federatsiya raisligi va assotsiatsiya prezidentligiga nomzodlar bormi? 

— Jamoa nomzodlar tanlagan, albatta. Kimlarning nomzodlari ko‘rib chiqilayotganini delegatlarimiz ularni ovoz berish yo‘li bilan tayinlab, rasman e'lon qilinguncha sir saqlaymiz.

Fursatdan foydalanib, men o‘zim bilan yelkama-yelka turib mehnat qilgan, menga yordam bergan va ilhomlantirgan insonlarga, shuningdek, bo‘shashmasdan ishlashimga ta'minlaganlarga esa tashakkur bildirmoqchiman. Sizlarning har birlaringiz menga ko‘p narsalarni o‘rgatdingiz, ko‘p narsada aynan sizlar tufayli bu davrni hayotimning oson bo‘lmagan, biroq juda qiziqarli bosqichi sifatida eslayman. Sizlarga rahmat!

Mavzuga oid