Jamiyat | 10:30 / 15.08.2020
14470
8 daqiqa o‘qiladi

«Tanqid qilgan insonni yomon ko‘rish pozitsiyasidan chetlanishimiz kerak» – bloger Shavkat Hasan bilan suhbat

Volontyorlik – fenomen. Ijtimoiydan oshib o‘tib, ko‘proq ruhiy-ma'naviy deb atashga arzigulik fenomen. Uning negizida inson qalbida hosil bo‘ladigan sirli, tadqiq etilmagan kechinmalar va bu kechinmalar ortidan keladigan «tushunarsiz» harakatlar yotadi – qandaydir kuch insonni boshqa insonlarga, jamiyatga evazsiz xizmat ko‘rsatishga undaydi.

Biz pandemiya davrida faol volontyor sifatida ko‘plab hamyurtlarimiz og‘irini yengil qilayotgan bloger Shavkat Hasan bilan suhbatlashdik.

Suhbatimiz avvalida Shavkat Hasandan Chirchiq shahridagi volontyorlik faoliyati, erishgan natijalari haqida so‘radik. Shuningdek, intervyuda uning ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan posti va shu postni chiqarishi ortidan bosimga uchragani borasida ham so‘z bordi.

– Kuni kecha Facebook'da ehtirosli bir chiqish qildingiz. Ancha izohlarga sabab bo‘ldi. Chiqishingiz sababini tushuntirib bersangiz.

– Ijtimoiy tarmoqda jonli tarzda chiqishimga volontyorlarimizdan birining otasi pnevmoniyadan vafot qilgani sabab bo‘ldi. Hozirda Chirchiq shahrida kislorod konsentratorlaridan bepul, vaqtincha foydalanish xizmatini yo‘lga qo‘yganmiz. Bizda 10 dona shunday uskuna bor. O‘sha volontyorimizni otasining ahvoli og‘irlashib qoldi. Saturatsiya, ya'ni qondagi kislorod miqdori 40 foizgacha tushib ketdi. Kasalxonaga yotqizildi, u yerda sharoitlar yomon ekan.

Kislorod apparati kerak bo‘ldi va biz o‘sha joyga olib bordik. Otalariga uladik uskunani. 40 foizga tushgan saturatsiya 80 foizga ko‘tarildi.

Bemor o‘sha kuni farzandlariga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘ragan. Shifokorlar sharoitlari yaxshi emasligini aytishgan, «ekstrennyy»ga borsanglar, hamma sharoitlarni qilib berishadi», deyishgan. Tez tibbiy yordam mashinasi chaqirtirildi, zudlik bilan olib borish kerakligi aytildi, bemor o‘pkasining 75 foizi xastalanib bo‘lgan edi. U yerga ham qo‘ng‘iroq qilingan «bemor ketyapti, kutib olinglar» deb. Yetib borgandan so‘ng bemor ko‘chada, mashinada yarim soat qolib ketgan, shuncha vaqt ichkariga olib kirishmagan. Keyin harbiylar bemor kelganini eslatib, ichkariga olib kiritishdi. Unda yarim soat chamasi o‘tganidan keyin, shifoxonadan bizning volontyorimizga yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, «otang o‘ldi» deyildi. Mayitni olib chiqishga to‘rt yarim soat vaqt sarfladik.

Shifoxonadagilar jasad uchun mashina chaqirishganini aytishdi. O‘sha joyda muammoga duch keldik. Mashina kelishini kutdik. Shifoxona rahbaridan: «Bemor nima uchun yarim soat ko‘chada qolib ketdi», deb so‘raganimizda, u tomonidan turli xil gaplar aytildi, gaplarning orasida «bizda lift ishlamaydi» deyildi. Lift ishlarkan-u, lekin foydalanish mumkin emas ekan...

Shavkat Hasan

– Bu kamchiliklarning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

– Men o‘sha video chiqishimda ham aytganman, sog‘liqni saqlash tizimiga «chirigan» degan so‘zni ishlatganman. Hissiyotga berilgan vaqtdagi so‘z. Lekin men shunaqangi fikrda qolaveraman. Sog‘liqni saqlash tizimi noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. U yerda markazlashuv degan narsani ko‘rmadim. U shifokorga borsang, «men bilmayman», deydi, bunisidan so‘rasang, «bilmayman» deb aytadi. Uchta bino bir-biri bilan kelisha olmaydi.

Agar ular o‘zaro xabarlashib ishlaganida edi, tezlik bilan ishlash imkoniga ega bo‘lardi. Shunaqa vaziyatlarda shifokor shifokorga emas, operator operatorga nisbatan aytib qo‘ysa, ro‘yxatga kirgizib qo‘ysa va «hozir og‘ir ahvoldagi bemor keladi», deb xabar bersa, tayyor tursa... To‘g‘ri tizim bo‘lganida edi, bunaqangi tartibsizlikni biz ko‘rmas edik.

– Ijtimoiy tarmoqdagi chiqishingizdan keyin sizga bosimlar bo‘libdi. Shu haqida ham aytib o‘ting.

– Bevosita o‘zim bilan hech kim aloqaga chiqqani yo‘q. Nima bo‘ldi, deb so‘ramadi. Lekin o‘sha kunning o‘zida, biz soat 20dan 13daqiqa o‘tganida video chiqargan bo‘lsak, uyimizga yetib bormasimizdan oldin otam telefon qildilar. Kimdir otamga qo‘ng‘iroq qilganini, agar o‘g‘lini, ya'ni meni yig‘ishtirib olmasa, bizga nisbatan judayam bir katta ish qilinishi, kerak bo‘lsa qamab qo‘yish haqida aytilibdi. Otamdan so‘radim: «Kim qo‘ng‘iroq qildi, qaysi raqamdan qo‘ng‘iroq qildi?» Buni aytmadilar. Shunchaki, otam orqali menga bosim bo‘ldi.

Otamning holatidan angladimki, faoliyatim go‘yoki davlatga xiyonatdek tushuntirilgan. Va otam shu darajagacha bordilarki, «agar sen shu faoliyatingni – tanqid qilish, obro‘sizlantirish ishlaringni to‘xtatmaydigan bo‘lsang, sendan voz kechaman», dedilar. Meni qiziqtiradigan narsa, qanday qilib insonni shu darajaga olib borish mumkin?

Men buni senzuraning – so‘z erkinligiga qarshi kurashning yangicha ko‘rinishi deb baholadim. Ya'ni buni insonga bevosita ta'sir qila olmaganidan keyin, yaqinlar orqali ta'sir o‘tkazish orqali senzura qilish ko‘rinishi deb baholayman.

Shavkat Hasan

– Blogerlar, davlat, volontyorlar va OAV. Siz bularni ertangi kundagi o‘zaro munosabatini qanday ko‘rasiz?

– Agarda hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, aytilayotgan islohotlarga yetib boriladi, deb o‘ylayman. Shunchaki muammoni olib chiqqan insonni ta'qib qilmaslik kerak. Unga bosim o‘tkazishni to‘xtatish kerak.

Men o‘zimni vatanparvar deb his qilaman. Muammoni olib chiqsam, u yechimini topsa, insonlarga foydali bo‘ladi. Tanqid qilgan insonni yomon ko‘rish pozitsiyasidan chetlanish kerak. Davlatimiz rahbari ham aytadilar-ku, «tanqid qilish kerak, tanqid qilinglar, qarsakbozlikni to‘xtatish kerak, yutuq o‘zimizniki, lekin kamchiliklarni ustida ishlash kerak», deb.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ma'lumot o‘rnida aytish joiz, Shavkat Hasan intervyu davomida Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov va Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yuldasheva o‘rtasidagi kislorod apparatlari bilan bog‘liq nizo haqida ham to‘xtalib o‘tgan. Bu masalada avvalroq har ikki tomonning pozitsiyasi berilgan edi.

Biz xulosa o‘rnida oshkoralik naqadar muhim ekanini ta'kidlashni istardik. Aytaylik, xonaning bir burchagi qorong‘ulik ostida, u yerda nima borligi ko‘rinmayapti, balki u yerda axlat to‘lib qolgandir. Oshkoralik, bu – «projyektor. O‘sha burchakni yoritadi va nima borligini ko‘rsatadi, o‘sha axlatlarni yig‘ishtirishga imkon beradi.

Agar oshkoralik bo‘lmasa, hamma yoq zulmatga cho‘mib, axlatga botib qolishi ehtimoli bor. Biz bu yurtni begonaga emas, farzandlarimizga qoldirayotganimizni his qilishimiz kerak. Muammolarni oshkoralik vositasida hozir yig‘ishtirib olmasak, ertaga bolalarimiz ham xuddi shu muammolar bilan hayot kechiradi.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Mavzuga oid