O‘zbekiston | 23:06 / 16.08.2020
17325
5 daqiqa o‘qiladi

SSV COVID-19'dan davolayotgan xususiy shifoxonalar atrofidagi muhokamalarga munosabat bildirdi

Toshkentda 21ta, viloyatlarda 4ta xususiy shifoxona koronavirucga chalingan bemorlarni davolab kelmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus bemorlarini davolovchi xususiy klinikalar atrofida bo‘layotgan munozaralarga munosabat bildirdi. Vazirlik izohiga ko‘ra, bunga «ma'lum ma'noda amaldagi huquqiy hujjatlardan bexabarlik ham sabab bo‘lyapti».

Qayd etilishicha, 2020 yil 26 martdagi prezident qarorida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun xususiy shifoxona SSV bilan tegishli shartnomani tuzganidan keyingina bu yo‘nalishda faoliyat boshlashi lozimligi ko‘rsatilgan.

Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda ham nodavlat tibbiyot muassasalari sanitariya-epidemiologiya qoidalariga, SSV tasdiqlagan va xalqaro tibbiy amaliyotda sinovdan o‘tgan diagnostika va davolash standartlariga rioya qilishi lozimligi belgilangan.

«Tibbiy faoliyatni yuritishga qo‘yilgan talablar davlat shifoxonalari uchun ham, xususiy shifoxonalar uchun ham birdek amal qiladi. Shuning uchun mulkchilik shaklidan qat'iy nazar har bir tibbiyot muassasasi Sog‘liqni saqlash vazirligining diagnostika va davolash standartlariga to‘liq rioya qilishi shart, — degan vazirlikning Lisenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rahimqulov. — Bu talablar buzilgan taqdirda, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida bevosita tibbiyot xodimlariga nisbatan chora ko‘riladi. Xususiy shifoxonalarda esa tibbiy faoliyatga olingan litsenziya sud tartibida bekor qilinishi ko‘zda tutilgan».

Ma'lum bo‘lishicha, 4-6 avgust kunlari Toshkentdagi koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan 14ta xususiy shifoxona monitoring qilinganda, ulardan 7tasi yuqorida nazarda tutilgan shartnomani imzolamasdan faoliyat ko‘rsatgani aniqlangan.

«O‘rganilganda, ularning aksariyatida qat'iy rioya qilinishi lozim bo‘lgan «qizil», «sariq», «yashil» hudud qoidalariga amal qilinmagani, aniq bir davolash taktikasi mavjud emasligi, infuzion suyuqliklar va antibiotiklarni keragidan ortiq qo‘llangani ma'lum bo‘ldi. Bu holat, tabiiyki, yuqumli kasallikning tibbiyot xodimlariga yuqishi bilan birga, eng achinarlisi, bemorlar ahvolining og‘irlashishiga ham sabab bo‘ladi», – deydi Farhod Rahimqulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim xususiy shifoxonalarga koronavirusning yengil shakli bilan yotqizilgan bemorlarning ahvoli keyinchalik yomonlashib, kasallik og‘ir shaklga o‘tib ketgach, davlat tibbiyot muassasasiga o‘tkazilgani yoki vafot etgani aniqlangan. Shifoxonalarda zarur uskuna va jihozlar, soha bo‘yicha mutaxassislar yetishmasligi bunday noxush holatlarning oldini olishga imkon bermagan.

«To‘g‘ri, og‘ir damlarda bemorlarni qabul qilib, tegishli davolash standartlari va tavsiyalari asosida koronavirusga chalinganlarga tez va sifatli tarzda tibbiy xizmat ko‘rsatib, murakkab vaziyatni yumshatishda yaqindan yordam bergan xususiy shifoxonalar ham talaygina. Shu o‘rinda ularning faoliyati chinakam e'tirofga haqli.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy shifoxonalarga koronavirusni davolash bo‘yicha xech qanday cheklov qo‘ymagan. Faqat ushbu faoliyatni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirish lozimligini, agar tartibga rioya qilinmasa, huquqiy ta'sir chorasi mavjudligini eslatib kelmoqda, xolos», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda Toshkent shahrida 21 ta, viloyatlarda 4 ta xususiy shifoxona koronaviruc infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolab kelmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tgan yig‘ilishda koronavirus bemorlarini davolovchi xususiy klinikalar ustidan nazorat kuchaytirilishi ma'lum qilinib, davolash standartlari buzilsa, klinikaning litsenziyasi sud orqali bekor qilinishi haqida ogohlantirilgandi.
  • Taniqli shifokor, «Doctor D» klinikasi asoschisi va rahbari Dilmurod Irgashev SSVning bu bayonoti yuzasidan tanqidiy fikrlarini bildirib chiqdi.
  • Sog‘liqni saqlash vazirligining qarori Senatning sog‘liqni saqlashga mas'ul qo‘mitasi raisi Odiljon Iminovda ham e'tiroz uyg‘otdi. Senator o‘z munosabatida vazirlik oldiga qator savollarni qo‘ygandi.

Mavzuga oid