O‘zbekiston | 22:53 / 18.08.2020
26135
3 daqiqa o‘qiladi

To‘dako‘lda xorijiy investitsiya yordamida barpo etilgan yangi dam olish maskani ishga tushirildi - video

Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hududida joylashgan ulkan To‘dako‘l suv ombori hududida prezidentning 4755-sonli qarorida belgilangan topshiriqlarga ko‘ra zamonaviy plyaj majmuasi barpo etilmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov rahbarligida buxorolik tadbirkorlar va xorijiy investitsiyani jalb qilib barpo etilayotgan «Silk Road Family Resort» dam olish maskanining dastlabki qismi foydalanishga topshirildi.

16 avgust kuni dam olish maskanining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi. Tantanali tadbirni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek A'zamov, Buxoro va Navoiy viloyati mas'ul rahbarlari ochib berishdi.

To‘dako‘l qirg‘og‘iga tutash bo‘lgan 15 gektar maydonda mazkur obektning birinchi bosqichida 500 nafar, ikkinchi bosqichida esa 1500 nafardan ortiq sayyohni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Bu sayyohlik dam olish maskani ishga tushgach, 150 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

To‘dako‘l cho‘l o‘rtasida joylashgan hudud bo‘lib, u yerga borish uchun avtomobil yo‘llari ham ta'mirlanmoqda. Buxoro va Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosarlariga savollarimiz infrastruktura haqida bo‘ldi.

Ayni paytda To‘dako‘lga Buxoro shahridan Kogon tumani orqali olib boruvchi yo‘llar ham, Qiziltepa shahrigacha bo‘lgan 26 kilometrlik yo‘l ham davlat dasturi asosida qayta ta'mirlanmoqda. 2021 yilgacha barcha ishlar yakunlanadi.

 

To‘dako‘lda suv kamroq ekan. Buning sababini so‘raganimizda uning suvidan dalalarni sug‘orishda foydalanilayotgani aytib o‘tildi.

Jahon andozalariga mos keluvchi ushbu dam olish maskani loyihasiga ko‘ra, qurilish jarayonlari 2022 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan. To‘dako‘l sohili bo‘yida barpo etilayotgan plyaj, dam olish va sog‘lomlashtirish maskani hamda akvaparkning umumiy loyiha qiymati 6 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

Rejaga ko‘ra, kelajakda dam olish maskani hududida daraxtlar o‘tqaziladi, quyosh nurida toblanish, akvapark, mini «Disneyland», 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona, so‘rilar, kema shaklidagi restoran, yozgi terrasa, SPA-salon, tabiat qo‘ynidagi o‘yingoh, tibbiyot burchagi, sog‘lomlashtirish maskani, sport o‘yingohi, ot sporti maydoni barpo etiladi.

Ayni paytda bu maskanga oilaviy tashrif buyurib, hordiq chiqarib ketish uchun barcha sharoitlar muhayyo.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.
Jahongir Aliboyev, tasvirchi.

Mavzuga oid