O‘zbekiston | 15:19 / 20.08.2020
4259
2 daqiqa o‘qiladi

YuNICeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasiga yangi rahbar tayinlandi

Munir Mamedzoda YuNICeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari lavozimida ish faoliyatini boshladi.

Foto: UNICEF

So‘nggi uch yil davomida u YuNICeFning Qirg‘izistondagi vakili o‘rinbosari sifatida ishlagan, YuNICeF dasturlarini boshqarish, mazkur tashkilotdagi hamda BMT tizimidagi tarmoqlararo hamkorlikni muvofiqlashtirish bo‘yicha mas'ul bo‘lib, dasturlarni boshqarish guruhining raisi vazifasini bajargan. 

Tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabariga ko‘ra, u YuNICeFning Ozarboyjon, Moldova, Nepaldagi vakolatxonalarida, shuningdek Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasida ishlagan.

YuNICeFdagi mehnat faoliyatidan avval Munir Mamedzoda turli sohalarda bir qator lavozimlarda, xususan yoshlar masalalari bo‘yicha yirik nodavlat tashkilotining ijrochi direktori, Ozarboyjonda Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman idorasining xalqaro bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. U inson huquqlari, bolalar huquqlari, yoshlar va rivojlanish sohalarida 20 yillik rahbarlik tajribasiga ega.

Munir Mamedzoda MDOUni iqtisodiyot mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U Shveytsariyaning Friburg universitetida ta'lim olib, bolalar huquqlari sohasidagi ilg‘or dastur bo‘yicha magistr darajasiga ega bo‘lgan.

Mavzuga oid