Jamiyat | 13:38 / 21.08.2020
10944
3 daqiqa o‘qiladi

Senator OTM o‘qituvchilari oyligini differensiyalashni taklif qildi

Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori, senator Oral Ataniyozova oliy ta'lim muassasalari o‘qituvchilari uchun oylik maoshni differensiyalangan tarzda to‘lashni taklif qildi.

U hozirda sifatli dars berib, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan o‘qituvchi ham, faqatgina dars berish bilan cheklanayotgan o‘qituvchi ham bir xil miqdorda maosh olayotganiga e'tibor qaratgan.

«Vazirlar Mahkamasining 236-qarori bilan oliy ta'lim muassasalarida pedagoglarning ishini baholash ko‘rsatkichlari belgilangan. Har bir o‘qituvchi yil davomida 110 ball jamlashi kerak. Bu o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy faoliyat, jamoatchilik ishlari, ijtimoiy dasturlar, talabalarning tarbiyasi, to‘garaklar, tadqiqotlar, innovatsion g‘oyalar va boshqalar hisobiga shakllantiriladi.

Ammo hozir o‘qituvchining dars o‘tgan soatlari bo‘yicha qaydnomaga qaraladi. Shunchaki kelib-ketib hamma dars soatlarini o‘tgan bo‘lsa, oyligi beriladi. Dars o‘tish barobarida ilmiy ish bilan shug‘ullangan, xalqaro ilmiy platformalarda maqola chiqargan, tadqiqot olib borgan, mahallalarda ma'ruza o‘qigan, ilmiy to‘garak yuritgan o‘qituvchi ham xuddi o‘sha maoshni oladi.

O‘qituvchining oylik faoliyatini baholashda differensial yondashuv mavjud emas. Hamma bir xil maosh oladi. Shuncha ishni qilayotgan o‘qituvchi bilan hech narsa qilmayotganining oyligi bir xil bo‘lgani bois ularda biror ishni amalga oshirish uchun harakat yo‘q», dedi Ataniyazova Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi davra suhbatida.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, senator o‘qituvchilarga oylik maosh to‘lashda differensial yondashuvni taklif qildi.

«O‘qituvchilarga bir xil maosh berish kerak emas. Har oy o‘qituvchiga oyligining 60 foizini beraylik. 40 foiz depozitda saqlanadi. O‘quv yili yakunida o‘qituvchi o‘z yuklama majburiyatlarini qay darajada bajargani baholanadi. Maqola chiqargani, ilmiy tadqiqot olib borgani, u o‘tgan fan bo‘yicha talabalaning qanchalik yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgani (ayrim talabalar yakuniy nazoratlarda o‘ta qoniqarsiz baho olishadi)ga qaraladi. Shularni qay darajada bajarganidan kelib chiqqan holda depozitda saqlanib jamlanib borgan 40 foiz maoshini oladi.

Bu o‘qituvchiga dars berish bilan birga samarali ilmiy faoliyat olib borish uchun motivatsiya beradi», deya Oral Ataniyazovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid