Jahon | 23:01 / 21.08.2020
19440
6 daqiqa o‘qiladi

Shifokorlar Navalniyni Germaniyaga yuborishga ruxsat berishdi. So‘nggi ma'lumotlar

Rossiyalik shifokorlar Aleksey Navalniyni Germaniyaga davolanish uchun yuborishga rozi berishdi. Siyosatchining oila a'zolari va tarafdorlari bir amallab bunga erishishdi. Uning o‘zi hamon komada qolmoqda, hamon tashxis qo‘yilmagan.

Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix / LETA

21 avgust kuni Omskdagi shifoxona vrachlari Aleksey Navalniyni davolanishi uchun Germaniyaga yuborishga rozi bo‘lishdi. Germaniyadan kelgan shifokorlar ishtirokidagi navbatdagi konsiliumdan keyin shunday qarorga kelingan. TASS agentligi xabariga ko‘ra, konsiliumda Navalniyning rafiqasi Yuliya ham qatnashgan, ammo muxolifatchining matbuot kotibi Kira Yarmish buni yolg‘on deb atagan. Konsilium yakunlariga ko‘ra Omskdagi shifoxona bosh vrachi Aleksandr Muraxovskiy Navalniyning holati barqarorlashayotganini ma'lum qilgan, bemor hamon komada qolayotgan bo‘lsada, unda ijobiy dinamika kuzatilayotganini qayd etgan. Vrachning qo‘shimcha qilishicha, Navalniyda zaharlanish belgilari aniqlanmagan.

Germaniyadan uchgan samolyot 21 avgust kuni tushda Omskka qo‘ndi. Uni Cinema for Peace Foundation tashkiloti yo‘llagandi — bu tashkilot 2018 yilda shu Pussy Riot vakili Pyotr Verzilovni olib ketish uchun ham samolyot tashkillashtirgandi, o‘shanda unda ham zaharlanish alomatlari aniqlangandi. Navalniyni o‘sha zahoti Berlinga olib ketish mo‘ljallangandi, ammo omsklik shifokorlar bunga ruxsat berishmadi — Aleksandr Muraxovskiy buni bemorning holati barqaror emasligi bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kunning ikkinchi yarmida nemis mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan konsiliumda parvoz bemorning sog‘ligi uchun xavfli degan xulosaga kelingan. Shu bilan birgalikda, Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish germaniyalik shifokorlar Navalniyni ko‘rgach, uni transportirovka qilish mumkin deb hisoblashgan. Yarmish bu ma'lumotni qayerdan olganiga aniqlik kiritmagan; FBK  («Korrupsiyaga qarshi kurash fondi»)dagilar germaniyalik shifokorlar kelgan vaqtda Navalniyning oila a'zolari shifoxona ichiga kiritilmaganini ma'lum qilgan, tushdan keyingi konsiliumadan keyin ularni rossiyalik hamkasblari bilan birga orqa eshikdan olib chiqib ketishgan. 

Hozirgacha Navalniyga qanday tashxis qo‘yilgani aniq emas. Tongda Aleksandr Muraxovskiy 5ta taxminiy tashxis ko‘rib chiqilayotganini va ishga barcha turdagi mutaxassislar jalb qilinganini ma'lum qilgandi. Keyinroq uning o‘rinbosari Anatoliy Kalinichenko shifokorlarda «deyarli to‘liq tashxis» borligi va bu haqda Navalniyning rafiqasi Yuliya hamda ukasi Olegga ma'lumot berilganini aytdi. U qanday tashxis haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi va shifokorlar Navalniyning zaharlanganini istisno qilishayotganini qo‘shimcha qildi. Keyinroq Muraxovskiy shifokorlar ko‘rib chiqayotgan asosiy tashxis — «uglevod balansi buzilgani, ya'ni moddalar almashinuvi buzilgani» ekanini aytdi.

FBK tongda transport politsiyasi Navalniyda xavfli modda aniqlashgani haqida xabar tarqatgandi. Fond yuristi Ivan Jdanovning aytishicha, politsiyachi bu haqda Navalniyning tarafdorlari ko‘z o‘ngida bosh vrachga xabar bergan. Jdanovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu xodim gap aynan qanday modda haqida ketayotganini aytishdan bosh tortgan va buni «tergov siri» bilan izohlagan, shu bilan birga, bu juda xavfli modda ekani va atrofdagilar hayoti uchun ham xavf tug‘dirishi — barcha maxsus himoya kostyumlarida bo‘lishi talab etilishini ta'kidlagan. Keyinroq Omsk oblasti ichki ishlar boshqarmasi Navalniyning terisidan va kiyimlaridan olingan namunalarda plastik idishlar ishlab chiqarishda ishlatiladigan 2-etilgeksil difenil fosfat kimyoviy moddasi topilgani va kuchli zaharlovchi modda emasligini ma'lum qildi. «Interfaks» manbasi bu modda siyosatchining ahvoli yomonlashishiga sabab bo‘lmaganini bildirdi. «Meduza» manbasi esa Navalniyning qonida toksinlar aniqlanmagani, boshqa biomateriallar tahlillari hali yakunlanmaganini ma'lum qildi.

Yuliya Navalnaya Vladimir Putindan turmush o‘rtog‘ini davolanish uchun Germaniyaga qo‘yib yuborishlarida yordam so‘radi. U bu haqdagi murojaatini Navalniyning tvitterdagi sahifasida e'lon qildi. Unga Kremldan reaksiya bo‘lmadi.

Undan bir necha soat oldinroq prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml davolanish masalasiga aralashmasligi va Navalniyning Germaniyaga evakuatsiyasiga to‘sqinlik qilmasligi haqida gapirgandi. «Bu holatda hech qanday to‘sqinlik yo‘q, faqat tibbiy qarordan va bemorning sog‘ligi uchun javobgar shifokorlardan tashqari», — degandi Peskov. Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmishning ma'lum qilishicha, siyosatchining jamoasi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilib, Navalniyning Berlindagi klinikaga yuborilishiga to‘sqinlik qilinishini taqiqlashni so‘ragan. Navalniyning jamosidagilar siyosatchi zaharlangani, ma'lum vaqt ichida zahar tanadan chiqib ketishi va yevropalik shifokorlar hodisaning aniq sababini aniqlay olmasliklari uchun uning evakuatsiyasiga to‘sqinlik qilishayotganini aytishmoqda.

«Ularday buyruq bor: qo‘yib yubormaslik va mustaqil laboratoriyada zaharni aniqlashning imkonini qoldirmaslik», — degan Navalniyning safdoshlaridan biri Leonid Volkov feysbukdagi sahifasida.

Mavzuga oid