Jahon | 11:25 / 22.08.2020
17025
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Yevropa davlatlari ikkinchi to‘lqin xavfi tufayli yangi cheklovlar joriy qilmoqda

Shimoliy Yevropa davlatlari koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqini xavfi tufayli o‘z chegaralarini yopmoqda va chet elliklar kirishi uchun cheklovlar joriy etmoqda.

Foto: Zheng Huansong/Xinhua/GlobalLookPress

Cheklovlarni joriy qilayotgan davlatlar orasida Finlyandiya, Islandiya, Norvegiya ham bor. Ular COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat yana yomonlashayotgani uchun xorijliklarni kirishiga qat'iy cheklov choralarini joriy qilishga qaror qilishdi.

Yangi joriy qilingan cheklovlarga ko‘ra Finlyandiya va Norvegiya fuqarolari tashrif buyurganda majburiy karantinda o‘tirishi lozim bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirdi. Islandiya esa kirib keladigan barcha xorijliklar uchun majburiy karantin tartibini joriy qildi.

Finlyandiyada Daniya, Kipr, Gretsiya, Germaniya, Irlandiya, Malta, Norvegiya, Islandiya va San-Marino davlatlari yangi ro‘yxatga kiritildi. Endi bu davlatlarning fuqarolariga nisbatan yangi cheklovlar amal qiladi va ular Finlandiyaga kirib kelganda 10 kunlik majburiy karantinga joylashtiriladi. Cheklovlar 2020 yil 24 avgustdan kuchga kiradi.

Norvegiya esa Shvetsiya, Daniya, Kipr, Islandiya, Niderlandiya, Polsha va Malta fuqarolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Ushbu mamlakatlardan Norvegiyaga kirib keladiganlar 10 kun davomida majburiy karantinda qolishi kerak.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqini tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni oldindan aytib bo‘lmasligini va ko‘p narsa davlatlar tomonidan qo‘llanadigan cheklov choralariga bog‘liqligini ta'kidlayapti.

«Birinchi va keyingi har qanday to‘lqindagi pandemiyaning ro‘y berishi turli mamlakatlar ko‘rayotgan choralariga bog‘liq. Agar biz ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish, o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish hamda karantin choralaridan foydalanmasak, virus qayerda va qanday tarqalayotganini aniq bila olmaymiz. Oqibatda kasallik yangi kuch bilan tarqala boshlaydi», deya vaziyatni izohlaydi JSST.

Avvalroq, OAVda Shveytsariyada so‘nggi bir kun ichida 310ta yangi kasallanish holati aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Bu so‘nggi to‘rt oy ichida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Shveytsariyada kasallik darajasi iyun oxirida yana ko‘tarila boshlagan. Shifokorlarning ta'kidlashicha, bu karantin cheklovlarii va o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish choralari yumshatilishi bilan bog‘liq.

Mavzuga oid