Jahon | 22:24 / 23.08.2020
9328
2 daqiqa o‘qiladi

Yer sayyorasi 26 yil ichida 28 trillion tonna muzdan mahrum bo‘lgani ma'lum qilindi 

Sayyoramizda 1994 yildan beri global isish sababli 28 trln tonna muz erib ketgan. Bunday fikrga britaniyalik olimlar keldi. Olimlar bu maqsadda Yer qutblari, tog‘lar va muzliklarning sun'iy yo‘ldoshlardan olingan suratlarini tahlil qilib chiqishgan.

Lids va Edinburg universitetlari hamda London universitet kolleji olimlari muzliklarning bunday tez sur'atlarda erishini hisobga olib, joriy asrning oxiriga kelib dengiz sathi 1 metrga ko‘tarilishini prognoz qilishmoqda.
        
Lids universiteti olimi Endi Shepardning ta'kidlashicha, dengiz sathining 1 smga ko‘tarilishi pastqam yerlarda yashaydigan 1 mln kishining o‘z uylarini tark etishini anglatadi. Shu bilan birga, olimlarning ta'kidlashicha, muzliklar erishi sayyoraning quyosh radiatsiyasini qaytarish qobiliyatini kamaytiradi. Muz va qordan mahrum bo‘lgan okeanlar va quruqlikning qora sirti borgan sari ko‘proq issiqni yutadi va sayyoraning qizishini kuchaytiradi.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning o‘zida Grenlandiya umumiy hisobda 586 mlrd tonna, ya'ni har daqiqada 1 mln tonna muzdan mahrum bo‘lgan. Germaniyaning qutb va dengiz tadqiqotlari instituti geofizigi Ingo Sasgenning ta'kidlashicha, muammo nafaqat Grenlandiya muzlari erishida, balki u borgan sari tobora tezroq eriyotganidadir. 2019 yilning o‘zida Grenlandiya muzliklarining erishi dunyo okeanining 1,5 mmga ko‘tarilishiga olib kelgan.

Mavzuga oid