Jamiyat | 18:12 / 26.08.2020
10331
2 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy xomashyodan DSP plitalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi mas'ulligida mahalliylashtirish dasturiga ko‘ra import o‘rnini bosuvchi qurilish materiallari ishlab chiqarish ko‘plab istiqbolli loyihalari amalga oshirilyapti. Xususan, yildan yilga talab darajasi ortib borayotgan yog‘och-qirindili plitalar (DSP) hamda ularning muqobil turlarini tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Foto: O‘zsanoatqurilishmateriallari

2019-2022 yil investitsiya dasturiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida qamishdan DSP ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Mo‘ynoq LDSP” MChJni tashkil etish investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati 8 mln dollarni tashkil etadi. Korxona foydalanishga topshirilgach yiliga 50 ming kub metr DSP ishlab chiqariladi. Eng muhimi pandemiya sharoitida 200 ta doimiy va 1500 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. Korxonani joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hozirda qurilish ta'mirlash ishlari davom etmoqda.

 Surxondaryo viloyatida ham qamishdan DSP ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Muzrobod tumanida “Surxon KSP-Grand” MChJ tomonidan yillik quvvati 150 ming kub metr DSP ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha qiymati 9,1 mln dollar bo‘lib, bu yerda 200 ta doimiy va 2000 ga yaqin mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. Hozirda bu yerda uskunalarni o‘rnatish va qurilish-montaj ishlari davom etyapti.

 Ma'lumot uchun, ayni kunda jami yiliga quvvati 120 ming kub metr DSP ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 4 ta korxona mavjud. Bular:

- Termiz shahrida “Termiz Ta'minot” MChJ (yillik quvvati 

30 ming kub metr, qamishdan);

- Sirdaryo tumanida “Fayz” MChJ QK (30 ming kub metr, g‘o‘zapoya, qamish, boshqa yog‘och qipiqlaridan);

- O‘zbekiston tumanida “Yaypan vodiy laminati” MChJ 

(yillik quvvati 10 ming kub metr, terak va boshqa yog‘och qipiqlaridan)

– Navoiy viloyatida “Zhong Tian” XK MChJ ( yillik quvvati 30 ming kub metr, terak va g‘o‘zapoyadan).

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid