O‘zbekiston | 19:04 / 27.08.2020
20889
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda nechta oila «Temir daftar»ga kiritilgani ma'lum bo‘ldi

O‘zbekistonda 409 mingta oila «Temir daftar»ga kiritilgan. Ularning oila a'zolari soni 1 mln 726 ming kishini tashkil etadi, deb ma'lum qildi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi departamenti bosh mutaxassisi Shahobiddin Davlatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu oilalarda ishsizlar soni 396 ming nafar.

«Yil oxiriga qadar ularni ish bilan band etish ta'minlanadi», – dedi vazirlik rasmiysi 27 avgust kungi matbuot anjumanida.

Ma'lum qilinishicha, aholi 5ta mezon asosida «Temir daftar»ga kiritib borilmoqda:

  • mehnatga layoqatsiz yoki surunkali kasalliklari oilasi a'zosi mavjud bo‘lgan oilalar;
  • yakka-yolg‘iz bevalar va o‘zgalar parvarishiga, qaramog‘iga muhtoj bo‘lgan oilalar;
  • 5 nafar va undan ortiq farzandi mavjud ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar;
  • koronavirus pandemiyasi natijasida o‘zining doimiy daromad manbayidan mahrum bo‘lgan oilalar;
  • haqiqatan ham ehtiyojmand, nochor va moddiy ko‘makka muhtoj oilalar.

Kecha prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi uch toifa, xususan «Temir daftar»dagi oilalar farzandlariga 500 ming so‘mdan pul tarqatish bo‘yicha qaror imzoladi.

«Pul ajratilishidan asosiy maqsad – yoshlarimizni kiyim-bosh, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta'minlashdir» – dedi Shahobiddin Davlatov.

Mavzuga oid