Turkiya va AQSh harbiy-dengiz kuchlari O‘rta yer dengizida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazdi
Turkiya va AQSh harbiy-dengiz kuchlari O‘rta yer dengizining sharqiy qismida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bu haqda Turkiya milliy mudofaa vazirligi bayonotiga tayanib TRT telekanali xabar berdi.
Turkiya harbiy-dengiz kuchlari ittifoqdosh davlatlar bilan dengiz mashg‘ulotlarini o‘tkazishni davom ettirmoqda. Jumladan, 26 avgustda Turkiyaning TCG Barbaros fregati va TCG Burgazada korveti AQShning USS Winston S. Churchill esminetsi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazgan.
Bu orada 26 avgustda shu hududda Gretsiyaning Fransiya, Italiya va Kipr bilan qo‘shma mashg‘ulotlari boshlangan.
Shu kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 1071 yilda Malazgirtda o‘tgan jangdagi g‘alabaning 949 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida Anqara O‘rta yer, Egey va Qora dengizlarida o‘z milliy manfaatlarini himoyalashini aytgan.
“Zamonaviy Turkiya endilikda yon bosishlarga boradigan davlat emas. Anqara mintaqada o‘z milliy manfaatlarini himoyalash uchun barcha choralarni ko‘radi va bunga har qanday haq to‘lashga tayyor. Turkiya O‘rta yer dengizida ham, Egey va Qora dengizlarida ham o‘ziga tegishlisini oladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Erdo‘g‘an o‘z nutqida.
U shu bilan birga Turkiya raqiblariga mag‘lubiyatga uchrashlari bilan tahdid qilib, ularni Anqaraga qarshi noto‘g‘ri harakatlar sodir etishdan ogohlantirgan.
Jumladan, Erdo‘g‘an Gretsiyaning mintaqadagi xatti-harakatlarini tanqid qilgan. “O‘zini Vizantiya imperiyasi vorisi deb atashga ham munosib bo‘lmagan davlat, bugun Yevropa ittifoqi qo‘llab-quvvatlovida mintaqada qonunga xilof ish tutmoqda va qaroqchilik qilmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbari Anqara boshqa davlatlarning hududiy yaxlitligiga raxna solmayotgani va ularning huquqlarini kamsitmayotganini aytgan.
Oxirgi haftalarda O‘rta yer dengizining sharqiy qismidagi vaziyat Anqaraning bu hududda geologik-qidiruv ishlarini olib borishni faollashtirgani sababli keskinlashgan. Turkiya Gretsiya o‘zining iqtisodiy hududi deb hisoblaydigan akvatoriyada neft-gaz qidirish ishlarini olib bormoqda.
Vaziyat avgust boshidayoq Anqara Gretsiyaning Kastellorizo oroli yaqinidagi xalqaro suv hududlariga harbiy kemalar hamrohligida Oruc Reis tadqiqot kemasini yuborgandan keyinoq keskinlashgandi. Gretsiya ham o‘z navbatida turk tomoni harakatlari ortidan kuzatish uchun hududga o‘z harbiy kemalarini yo‘naltirgan.
Shuningdek, Anqara Kipr AQSh, Fransiya va Italiya kompaniyalariga gaz qazib olishga ruxsat bergan suv hududlarini o‘zining iqtisodiy hududi deya vaj qilgan holda, ushbu hududga ham o‘z tadqiqot kemalarini jo‘natgan.