O‘zbekiston | 08:55 / 29.08.2020
23404
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston florasi qanday o‘zgarmoqda? Botanika bog‘i direktori bilan suhbat

Mamlakatimiz o‘simlik dunyosida, xususan ekilayotgan manzarali daraxtlar tarkibida qanday o‘zgarishlar kuzatilyapti? O‘zbekistonni yashillashtirish uchun qanday daraxt va o‘simliklarni ko‘paytirishni boshlash kerak? Havo ifloslanishi darajasi yuqori bo‘lgan sanoat shaharlarida qaysi daraxt turlarini ko‘paytirish zarur?

Toshkent botanika bog‘i direktori Sodiqjon Abdinazarov bilan suhbatimizda shu va boshqa savollarimizga javob oldik.

– Respublika hududida eng keng tarqalgan manzarali daraxt turlari qaysi? Bu turlar tuproq tarkibining qanday xususiyatiga ko‘ra hududga moslashgan?

– O‘zbekiston hududi uchun xos bo‘lgan o‘simliklar endem deyilib, ular shu tuproqda paydo bo‘lgan va shu hudud uchun xos. Bugungi kunda olimlarimiz tomonidan Toshkent shahriga 50dan ortiq o‘simlik turlari tavsiya etildi. Bu o‘simliklar issiqqa va suvsizlikka chidamli hisoblanadi. O‘zbekistonda sadaqayrag‘och (Xorazm va Qoraqalpog‘istonda gujum deyiladi) daraxti juda ko‘p ekiladi.

Oxirgi 5 yil ichida Xorazm va Qoraqalpog‘iston iqlimi uchun mos bo‘lgan katalpa daraxtini ekish boshlandi. Asli Qoraqalpog‘iston uchun yovvoyi jiyda, turang‘i kabi o‘simliklar xos. Buxoro viloyatiga esa ko‘proq dub ekish tavsiya etiladi.

Manzarali daraxtlarning O‘zbekiston iqlimiga moslashganlarigina yashab qoladi. Farg‘ona vodiysida dub, zarang, terak kabilar juda ko‘p ekilgan. Ohangaron yo‘liga ketishda Toshkent chetalpasi, kashtan, tuya kabi tavsiya etilgan o‘simliklar ekilgan.

Daraxtlarni ekishda tuproqning sho‘rligi, suvning yetarliligi, qum yoki toshloq hudud ekanligi hisobga olinadi. Masalan, toshloq yerda o‘simlikning o‘sishi qiyinlashadi. Biz suv yaxshi yerlarga botqoq kiparisi, metasekvoyya kabilarni yo‘l yoqalariga ekishni tavsiya etyapmiz. Metasekvoyya – O‘zbekiston iqlimiga moslashgan yagona ignabargli manzarali daraxt.

Ginkgobiloba daraxtidan 12 tup olib kelib, Botanika bog‘ida parvarish qilinyapti. Uning ham bargi, ham mevasi foydali bo‘lib, yog‘ochi qimmat hisoblanadi. Bargi qonni suyultiradi, mevasi shamollashning oldini oladi. Sharqiy Osiyodagi eng qimmat daraxtlardan biri hisoblanadi. 1945-yilda Xirasima va Nagasaki shaharlaridagi portlashda butun o‘simliklar dunyosi nobud bo‘lgan, ammo faqat ginkgobeloba yana qayta o‘zini tiklab, o‘sishda davom etadi. Shuning uchun Sharqiy Osiyoda ushbu daraxtni ko‘p ekishadi. Bargi ham yurak o‘xshaydigan juda chiroyli daraxt.

– Gul turlari-chi? O‘zbekistonda qanday gul turlarini ekish kengroq ommalashgan?

– Bizning issiqxonamizda 80ga yaqin gul turlari bor. Aksariyat hollarda bir yillik gul turlari ekilyapti. Ammo men ko‘p yillik gullarni ekishni tavsiya etgan bo‘lardim. Masalan, romashka (moychechak) bir yil ekilsa, keyingi yil o‘zi chiqaveradi. Yoki rudbika, xrizantema va atirgullarning bir nechta turlari bir yil kesib tashlansa, keyingi yil qayta chiqaveradi.

Gullarni ekish uchun ham odamlarda ko‘nikma bo‘lishi kerak. Masalan, Namanganning odamlariga pomidor ekasizmi yo gul deb savol bersangiz, gul deb javob beradi. Chunki ularga eshigining tagiga gul ekish odat bo‘lib qolgan.

– Chekka hududlarda manzarali daraxtlar nisbatan kam. Buning sababi nimada?

– Manzarali daraxtlar sinab ko‘rish maqsadida avvalo botanika bog‘lariga beriladi. Shundan so‘ng ularni ko‘paytirish boshlanadi. Botanika bog‘i Toshkentda bo‘lgani sabab yangi turdagi daraxtlar Toshkent shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga beriladi. Shu sabab markazlarda manzarali daraxtlar ko‘p. Malaka oshirish yoki turizm maqsadida kelganlar bu turlarga qiziqib, viloyatiga olib ketishga harakat qiladi. Shuning uchun viloyatlarga bunday o‘simliklar kechroq yetib boradi.

Ammo viloyatlarning ba'zilarida Toshkentda uchramaydigan turdagi o‘simliklarni uchratish mumkin. Hattoki ba'zilari viloyatdan Toshkentga olib kelinadi. Shuning uchun o‘simliklarga muhabbat insonni o‘ziga bog‘liq. Ba'zilar chet eldan qaytayotganda cho‘ntagiga solib ham o‘simlik urug‘ini olib keladi.

Hozirda pavloniya o‘simligini ko‘paytirish ishlari boshlangan. Pavloniya Toshkentdan hatto qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘istonga olib borib ekilyapti.

– Oxirgi vaqtlarda butun respublika bo‘ylab daraxtlarni ko‘plab kesish holatlari kuzatildi. Yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun qanday rejalar qilinyapti?

– 2030 yilgacha prezident tomonidan yashil o‘simliklarni kesmaslik bo‘yicha moratoriy e'lon qilingan. Bundan tashqari, O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, Ekologik partiya ham yashillikni saqlab turishga mas'ul.

Bir kuni bir kishi mendan o‘simliklarni qanday quritsam bo‘ladi, deb so‘radi. Men unga javoban: «Shifokorning oldiga kelib, kasalni qanday o‘ldirsa bo‘ladi, deganday bo‘ldingiz», deb javob berdim. Biz o‘simlik ustida ishlab turgan kishilar qanday qilib o‘simlikni quritish haqida o‘ylashimiz mumkin.

Adabiyotlarda 1 gektar maydondagi daraxtzor 200 odamni kislorod bilan ta'minlashi aytiladi. Botanika bog‘i 66 gektarni tashkil qiladi. Shuning uchun botanika bog‘i «Toshkent shahrining o‘pkasi» deyiladi.

– Navoiy viloyatida ekologik jihatdan ifloslanish darajasi yuqori. Bu yerdagi havo ifloslanishini bartaraf etish uchun daraxtlarni ko‘paytirish samara beradimi? Samara bersa, qanday daraxtlarni ekkan ma'qul?

– Navoiy, Olmaliq, Angren kabi sanoat shaharlarda aylant o‘simligini ekish tavsiya etiladi. Oliy Majlis binosidan «Bunyodkor» stadioniga borishda ochiq joyda aylant daraxti o‘sadi. Bu hududda mashinalardan chiqadigan zaharlar to‘planadi. Aylant zaharlarni yutib, havoni tozalaydi. U ko‘p suv va parvarish talab qilmaydi. Shuningdek, aylant Ohangaron yo‘lida ham ekilgan. Uni sassiqdaraxt yoki Xitoy shumtoli deb ham atashadi.

Aholiga o‘zi yashab turgan joyda qaysi daraxt turi o‘ssa, shuni ko‘paytirishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

– Viloyatlar kesimida hudud xususiyatiga qarab fuqarolarga qanday turdagi daraxt va o‘simliklarni ekishni tavsiya eta olasiz?

– Tog‘oldi tumanlariga lipalar, keng bargli daraxtlar; cho‘l zonalari uchun dub, akatsiya, yapon saporalari, shumtol, jiydalarni tavsiya etamiz. Xitoydan olib kelingan tomintoza ham bizning iqlimga juda yaxshi moslashadi.

Avvalo, inson tabiatni sevishi kerak. Masalan, men 5 yil oldin Qoraqalpog‘istonga borganimda ko‘p daraxt yo‘q edi. Hozir u yerda katalpalar ko‘paytirilib, hudud yashillashgan.

– Yuqorida sanab o‘tilgan o‘simliklarni qayerdan sotib olish mumkin?

– Shahar obodonlashtirish boshqarmalari, Botanika bog‘i yoki shu ish bilan shug‘ullanadigan xususiy tadbirkorlardan olish mumkin.

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal'a tumanida filialimiz bor, u yerda o‘zimizdagi o‘simliklarning 40dan ortiq turini ekkanmiz. Ularning Qoraqalpog‘iston hududiga moslashganlarigina qolgan.

Qo‘qonda ham hozir 20 gektar joyga o‘simlik turlarini ekdik. U yerda 5ta ekspozitsiya: Shimoliy Amerika, Yevropa, Uzoq Sharq, Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo ekspozitsiyasini tashkil qildik. Odamlar shu yerdan ham daraxt va o‘simliklarni olishlari mumkin.

O‘rmon xo‘jaligi hozir juda faol ishlayapti. Respublikamizning ayni vaqtda 7 foizi o‘rmon bo‘lsa, shuni 12 foizga chiqarishga harakat qilyapmiz. Ba'zi davlatlarda o‘rmonlar 50 fozini tashkil etadi. Qani endi bizda ham shunday bo‘lsa.

– Toshkent botanika bog‘iga o‘xshash bog‘ni tashkil qilish uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi?

– Bog‘ni tashkil qilinganiga 70 yil bo‘lgan. Bunday bog‘ni tashkil qilish uchun bitta odamning umri yetmaydi.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid